Линклар

Шошилинч хабар
01 июн 2020, Тошкент вақти: 08:11

“Urush maydonida” yashayotgan muruntovliklar tezroq ko‘chib ketishni istamoqda (VIDEO)


Portlashlardan ko‘tarilgan chang-to‘zon Muruntov posyolkasiga (suratda) yopiriladi.

Posyolkadan bir chaqirim naridagi oltin konida haftasiga 5-6 marta portlatish ishlari amalga oshiriladi. Oqibatda uylar devorlarida yoriqlar hosil bo‘lgan. Havoni chang-to‘zon qoplaydi. Atrof-muhit va suv ifloslanadi. Odamlar portlashlardan yurak oldirib qo‘ygan, ayniqsa, bolalar juda qo‘rqadi.

Bu Navoiy shahridan 200, Zarafshon shahridan 40 chaqirimlik masofada joylashgan, 6 ming kishilik aholisi ko‘chib ketishni istayotgan Muruntov posyolkasidagi shu kunlardagi vaziyat tasviridir.

Viloyat rasmiylariga ko‘ra, posyolkani ko‘chirish rejasi mavjud, biroq bu jarayonning qachon boshlanishi hozircha noma’lum.

“Xuddi urush maydonida yashayotgandaymiz”

Muruntovlik uy bekasi, 40 yashar Gulya Gafiatullina Ozodlik bilan 14 fevraldagi suhbat davomida shaharchadagi vaziyatni tasvirlar ekan, “xuddi urush maydonida yashayotgandaymiz”, dedi.

Gafiatullina aytayotgan vaziyat yangilik emas, har holda Ozodlik uchun yangilik emas. Muruntovliklarning ovuldagi ahvol haqidagi xabari SizdanTelegramda 2019 ning sentabrida e’lon qilingan edi.

Xabar chiqqanidan buyon o‘tgan 5 oy ichida, Gafiatullinaning aytishicha, faqat bir narsa o‘zgardi: portlashlar soni haftasiga 3 martadan 5-6 martaga yetdi:

- Portlashlar kuchi kun sayin ortib bormoqda, deyarli har kuni 1 marta, haftasiga 5 - 6 marta portlatishayapti.

Xuddi shunday gapni yana bir muruntovlik ayol takrorladi. Rus tilida gapirgan bu ayol kondagi ishidan ayrilib qolishdan qo‘rqib ismi aytilishini istamadi.

Muruntovlik bu ikki ayoldan konda portlash amalga oshirilayotgan paytda olingan videolar ham keldi. Ayollarning aytishicha, video Zarafshondan Muruntovga qarab ketayotgan mashinada tushirilgan. Unda portlashdan ko‘tarilgan chang-to‘zonni ko‘rish mumkin. Yana bir kadrda shlagbaum oldida to‘xtab turgan mashinalar ko‘rinadi. Video muallifining aytishicha, transport harakati portlatish ishlari amalga oshirilayotgan paytda to‘xtatib qo‘yiladi.

Аҳоли яшайдиган ҳудуддан 2 километр узоқликда портлатиш ишлари олиб борилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:55 0:00

Viloyat hokimligi Muruntovdagi ahvolni biladi

Gulya Gafiatullinaning so‘zlariga qaraganda, viloyat rahbarlari muruntovliklar muammolaridan xabarsiz emas:

- Yanvarda Navoiydan komissiya keldi. Kon idorasiga aholini to‘plab yig‘ilish o‘tkazishdi. Analizlar olamiz, natijalariga qarab, chindan ham bu yerda yashash xavflimi-yo‘qligini aniqlaymiz, deyishdi. O‘shanda Xoshimov degan amaldor, qanday lavozimda ekanligini bilmayman, sizlarni albatta ko‘chiramiz, deb va’da bergan. Biror joyga arz qilishimiz bilan komissiya kelaveradi. Lekin naf yo‘q. Komissiya kelishidan kon rahbariyati darrov xabardor bo‘ladi va o‘sha kunlari portlashlar zaifroq bo‘ladi.

Muruntovdagi ahvolni Senat ham biladi

Oliy Majlis Senati 2019 yilning 14 dekabrida qabul qilgan qarorga binoan, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”ga qarashli ochiq konlar bilan chegaradosh bo‘lgan Uchquduq tumanidagi Kokpatas va Zarafshon shahri yaqinida joylashgan Muruntov ovulidagi qariyb 1000 ta xonadon boshqa joyga ko‘chirilishi lozim.

Qarorda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”ga qarashli ochiq konlarda doimiy ravishda burg‘ulash va portlash ishlarining olib borilishi oqibatida ushbu hududda aholi salomatligi bilan bog‘liq muammolar ko‘paygani sabab aholini ko‘chirish lozimligi qayd etilgan.

Ozodlik qarorni Senatning rasmiy saytidan topa olmadi. Bu hujjat haqida xabar qilgan mahalliy nashrga ko‘ra, joriy yilning 15 yanvariga qadar qaror yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqish va ijrosi yuzasidan 20 yanvarga qadar Senatga ma’lumot taqdim qilish belgilab qo‘yilgan.

Senatning Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi (T.Madumarov) mazkur Qaror ijrosining borishini 2020 yilning 1 iyuniga qadar xalq deputatlari Navoiy viloyat kengashi bilan birgalikda qo‘shma majlisda joyiga chiqqan holda muhokama qilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Muruntovlikni ko‘chirish qachon boshlanishi noma’lum

Navoiy viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Dilshod Mamarajabovning 14 fevralda Ozodlikka bildirishicha, Muruntov masalasi bo‘yicha yaqinda :

- Hukumatdan tuzilgan Ishchi guruh kelib ketdi. Pul ajratiladi. Alohida uy quriladi va uy bitgach ko‘chiriladi. Bu ishlarning hammasi vaqt talab qiladi. Quriladigan uy, infratuzilmalar o‘tov emasku, tezda bitirib, ko‘chirib qo‘yadigan?!

Dilshod Mamarajabovning aytishicha, muruntovliklarni ko‘chirish qachon boshlanishi to‘g‘risida shu kunda taxminiy muddatni ham aytish qiyin.

- Hozir ular yashab turgan joyda ham maktabi bor, kasalxonasi bor, bog‘chasi bor. Odamlarni ko‘chirish uchun oldindan sharoit yaratish kerakku! Hozir shu ishlarning barchasi dasturga kiritilgan. Hamma narsa bitgach, ko‘chiriladi, - dedi Navoiy viloyat hokimligi matbuot xizmati rahbari Dilshod Mamarajabov.

Gulya Gafiatullina va boshqa muruntovliklar ham o‘tgan asrning 60- yillarida geologlar uchun vaqtinchalik turargoh sifatida paydo bo‘lgan posyolkada shu kunda bir emas, ikki maktab, bir emas, ikki bog‘cha borligini aytishdi. Lekin ular maktab yoki bog‘chaning bor-yo‘qligidan emas, portlashlardan charchaganidan ko‘chib ketmoqchi.

Boshqa bir hududda ko‘chirMASliklarini talab qilishgan edi

Уйи бузилишига қаршилар Навоий ҳокимлиги олдида намойиш ўтказди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:49 0:00

Ozodlik bundan bir oy muqaddam “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” bilan bog‘liq boshqa bir hudud aholisi muammosi haqida xabar qilgan edi. Shahar hududining sanitar zonasida bir vaqtlar berilgan dala hovlilarda yashayotganlar, muruntovliklardan farqli o‘laroq, ko‘chirmasliklarini talab qilib chiqqan, Navoiy viloyat hokimi aholi bilan uchrashib,1 oy ichida norozilar talabini jiddiy o‘rganishga va hech kimning uyini egasining roziligisiz buzmaslikka va’da bergan edi.

Va’daning ijrosi haqida ma’lumot topib bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG