Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 07:57

Gulnora Karimovaning Britaniyadagi uch hashamatli uyi va millionlab puli musodara qilinadi


Gulnora Karimovaning Angliyadagi qasrlaridan biri.
Gulnora Karimovaning Angliyadagi qasrlaridan biri.

Britaniya nashrlarining 27 yanvar kuni yozishicha¸ mamlakat hududida sodir etilgan katta ko‘lamdagi firibgarlik va korrupsiyani tergov qiluvchi idoraning Gulnora Karimovaga tegishli kamida uchta qimmatbaho villa va kvartirani musodara qilish so‘rovi tez kunlarda qanoatlantirilishi mumkin.

O‘ta yirik miqdordagi firibgarliklarga qarshi kurash ofisi (The Serious Fraud Office) Gulnora Karimova va uning sobiq eri Rustam Madumarovlarning Britaniyadagi ko‘chmas mulklari O‘zbekistondagi korrupsion sxemalar orqali topilgan pullarga olingani da’vosi bilan ularni musodara qilishni so‘rab, 2018 yil oktabrida mamlakat Yuqori sudiga murojaat qilgan edi.

Idora o‘z bayonotida musodara qilish to‘g‘risidagi da’vo arizasi Yuqori sudga "Jinoiy faoliyatdan olinadigan daromadlar to‘g‘risida"gi 2002 yilgi qonunning 5-qismiga muvofiq kiritilganini aytgan edi.

SFO matbuot xizmati o‘shanda Ozodlikka bu ko‘chmas mulklar va mahkama ishining borishiga oid “fursati kelganda aniq ma’lumot berilishi”ni bildirgan.

27 yanvar kuni Britaniyaning bir nechta nashrida paydo bo‘lgan xabarlar¸ mahkama jarayonining yakuniga yetib¸ bu da’voning yaqin kunlarda qondirilish ehtimoli haqida berilgan darak bo‘ldi.

Gulnora Karimovaning Britaniyadagi ko‘chmas mulkiga da’vogarlik qilayotgan Serious Fraud Office 2019 yilning 13 dekabr kuni da’vo qilinayotgan ko‘chmas mulkka oid tafsilotlarni birinchi marta jamoatchilikka ochiqladi.

Da’vo qilinayotgan bu uylarning egalari¸ rasmiy ma’lumotga ko‘ra¸ Gulnora Karimova¸ Rustam Madumarov¸ Islom Karimov (Karimovaning Londonda yashayotgan o‘g‘li)¸ Britaniya Virjin orollarida ro‘yxatga olingan PORCHESTER INDUSTRIES LIMITED¸ OREGON GROUP LIMITED¸ RAWTENSTALL INTERNATIONAL LIMITED shirkatlaridir.

Yuqori sud rasmiy saytida bu uylarning aniq manzillari va aynan qaysi shirkat nomiga rasmiylashtirilgani ham e’lon qilindi.

Ulardan biri Surrey hududidagi Gorse Hill Manor bo‘lsa¸ qolgan ikkitasi Londonning milliarderlar mahallasi deb ataladigan Mayfair va Belgravia rayonidagi uylardir.

Britaniya zodagonlari va Bruney qiroliga qo‘shni bo‘lgan Gorse Hill Manor villasi 2010 yili 18 million funt sterlingga sotib olingan va Rawtenstall International Limited shirkati nomiga rasmiylashtirilgan.

Tergov taxminicha¸ hozirga kelib bu villaning bahosi 30 million funt sterling¸ yoki taqriban 40 million AQSh dollaridan kam emas.

Qariyb 7 gektarlik bog‘ va kemada aylanadigan xususiy ko‘li bor jozibador bu villa 1912 yilda qurilgan. Bu qasrning taniqli qo‘shnilari orasida marhum Sir Bruce Forsyth (britaniyalik mashhur teleyulduz-tahr.) va Bruney qiroli bor”¸ deb izoh berdi bu ko‘chmas mulkka Daily Mail gazetasi.

Londondan 50 kilometrcha tashqarida bo‘lgan Surrey kabi¸ Gulnora Karimovaning musodara qilinishi kutilayotgan yana ikki uyi joylashgan London markazidagi Mayfair va Belgravia rayoni ham dunyoning eng badavlat odamlari yashaydigan hudud sanaladi.

Bu rayonlarda Britaniyaning bir necha Bosh vaziri¸ futbol va shou biznes yulduzlari¸ shuningdek¸ Roman Abramovich kabi rossiyalik milliarderlar uylari joylashgan.

Mayfairdagi uy narxining 8 million funt sterling, Belgraviadagi kvartiraning esa 2 million funt sterling ekani aytilmoqda.

Bu ko‘chmas mulklar barobarida Britaniyaning O‘ta yirik miqdordagi firibgarliklarga qarshi kurash ofisi Rustam Madumarov nomiga Emirates NBD Bankda ochilgan omonat hisobidagi 10 million funt sterlingni ham musodara qilishni so‘ragan.

Shuningdek¸ Gulnora Karimovaniki ekaniga ishoniladigan turli offshor shirkatlar hisobidagi jami 100 ming AQSh dollariga yaqin mablag‘ning ham Britaniya sudi tomonidan musodara qilinishi kutilmoqda.

Hozircha Yuqori sudning O‘ta yirik miqdordagi firibgarliklarga qarshi kurash ofisi da’vosi yuzasidan qachon hukm chiqarishi ochiqlanmadi.

Da’vogar ofis matbuot xizmati Ozodlikning 28 yanvar kungi savollariga hozircha javob bermadi.

O‘zbekiston hukumati Gulnora Karimovaning Britaniyadagi boyliklariga ham da’vogarlik qilmoqda

O‘zbekiston marhum prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova dunyoning o‘ndan oshiq davlatida ochilgan jinoyat ishlarining bosh figurantidir. Karimovaning qator G‘arb davlatlari¸ xususan¸ AQSh¸ Shveysariya¸ Shvetsiya¸ Hollandiya¸ Fransiya va ayrim Boltiqbo‘yi davlatlaridagi ko‘chmas mulklari va yuzlab million dollarlari bu jinoyat ishlari doirasida muzlatib qo‘yilgan.

Bu mulk va pullarga Gulnora Karimovaning o‘zining korrupsion sxemalaridan aziyat chekkanini aytayotgan qator davlatlar da’vogarlik qilmoqda.

Ayni paytda¸ Karimovaning jami qiymati 2 milliard dollarga yaqinligi aytilayotgan ko‘chmas mulk va pullarining bosh da’vogari Shavkat Mirziyoyev hukumati bo‘lib qolmoqda.

Britaniyaning O‘ta yirik miqdordagi firibgarliklarga qarshi kurash ofisi 2018 yil oktabrida Karimova ko‘chmas mulkini musodara qilishni so‘rab sudga da’vo arizasi kiritishi ortidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bu boyliklarning O‘zbekistonga qaytarilishi lozimligini bildirgan edi

"Ayni damda Britaniya huquqni muhofaza qilish tuzilmalari bilan Gulnora Karimova ishi bo‘yicha qonuniy kuchga kirgan sud qarori doirasida aktivlarni qaytarishga doir muzokaralar olib borilmoqda"¸ degan edi 2018 yilning 4 oktabr kuni Bosh prokuraturaning o‘shandagi matbuot kotibi Surayyo Rahmonova.

Mirziyoyev hukumati uch yildan beri Gulnora Karimovaning xorijdagi pullari O‘zbekiston xalqidan o‘g‘irlangan boyliklar ekanini aytib¸ ularni o‘ziga qaytarishni so‘rab kelayotgan bo‘lsa-da¸ hozircha bu so‘rovning kichik qismigina qondirildi.

Xususan¸ 2019 yilning 24 iyun kuni Shveysariya Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaning Shveysariya banklarida muzlatib qo‘yilgan 850 million dollarlik pulining 133 millionini O‘zbekistonga qaytarilishini ma’lum qildi.

Gulnora Karimova advokatlarining shikoyat arizasidan so‘ng¸ bu pullarning qolgan qismini qaytarish mahkama qarori bilan to‘xtatib qo‘yildi.

Shuningdek¸ 2019 yilning 9 iyul kuni Gulnora Karimova ishini tergov qilgan Fransiya prokurori Nikolya Bayeto mahalliy matbuotga Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulklarni sotishdan tushgan pullarning O‘zbekiston hukumatiga topshirilishini bildirgan edi.

Gulnora Karimovaning Parijdagi kvartirasi, Sen-Tropedagi villasi va de Grussedagi qasri haqida gap borayotganini aytgan fransuz prokurori¸ bu qimmatbaho ko‘chmas mulkning qanchaga sotilishi va Toshkentga aynan qaysi shakl va qanday shartlar bilan qaytarilishiga oydinlik kiritmadi.

Fransiya matbuoti Gulnora Karimova Parijdagi kvartirani 31 million yevro, villani 2 million 400 ming yevro, qasrni esa 28 million yevroga sotib olganini yozgan.

Inson haqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi qator xalqaro guruhlar G‘arb hukumatlaridan Gulnora Karimovaning xorijda musodara qilingan boyliklarini Toshkent ixtiyoriga demokratiya va inson haqlariga hurmat ko‘rsatishga oid qator shartlar bilangina qaytarishni so‘rab kelmoqda.

Bu guruhlar¸ aks holda ma’muriy bosim va jinoiy reydlar orqali O‘zbekiston xalqidan tortib olingani aytilayotgan bu boyliklarning navbatdagi korruptsion sxemalar vositasida yo‘q bo‘lib ketishidan xavotir bildirmoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan qator og‘ir jinoyatlarda ayblangan 47 yashar Gulnora Karimova maxfiy sud hukmi bilan hozirda Zangiota koloniyasida qamoq jazosi o‘tamoqda.

Uning ikki farzandi – Islom va Imon Londonda yashaydi. Karimova farzandlarining Britaniya sudi hukmi bilan musodara qilinishi kutilayotgan hashamatli uylarda yashash-yashamasligi Ozodlikka ma’lum emas.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG