Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:09

Poytaxt shifoxonalarida joy yetishmasligi sabab bolalar yo‘lak va stullarga yotqizilmoqda


Yunusoboddagi 1-bolalar shifoxonasidagi holat.
Yunusoboddagi 1-bolalar shifoxonasidagi holat.

Qishda grippga chalingan va shamollaganlar soni ko‘payishi ortidan Toshkent shahridagi bolalar kasalxonalarida joy yetishmasligi oqibatida bemorlar yo‘laklarga joylashtirilmoqda.

Sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislarining aytishlaricha, rasman 2,5 milliondan ortiq aholi yashaydigan poytaxtda faqat beshtagina bolalar shifoxonasi bor va ulardagi o‘rinlar soni 1267 ta bilan cheklanadi.

Ozodlikka shikoyat qilgan bemor bolalarning ota-onalariga ko‘ra, ayrim shifoxonalarda hatto stullarga ham bolalar yotqizilayotgani ortidan o‘tirish uchun stul ham qolmagan.

Пойтахт шифохоналарида жой етишмаслиги сабаб болалар йўлак ва стулларга ётқизилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:04 0:00


"Milliardlab dollarga Siti qurilayotgan Toshkentda, nahotki bitta kasalxona qurish uchun pul topilmasa?"

Ozodlik suhbatlashgan bemor bolalardan birining onasi Yunusobod tumanidagi 1-bolalar shifoxonasidagi manzarani mana bu tarzda tasvirladi:

“Bemor chaqaloqlar,yosh bolalar oqib kelmoqda shifoxonaga, lekin shifoxonada endi stul ham qolmagan. Onalar ham: “Bolam tuzalib ketsa bo‘ldi, bir dona stul topib bering”, deb yig‘lab, intizor bo‘lib turishibdi. Kasalxona yo‘laklari sovuq, bolalar uchun mo‘ljallangan karavotlarda onalar bolalari bilan majburan tiqilib yotishibdi. Bemorlarning buyumlari yerda yoki karavotning ostida. Bu yerga kelgan chaqaloqlar, bolalar tuzalish o‘rniga¸ battar kasal bo‘lishadi-ku”.

Suhbatdosh o‘z so‘zi isboti uchun qator fotosuratlarni ilova qilar ekan: “Toshkentda turli-tuman Sitilar qurilayapti, imoratlar qurilayapti. Nahotki hech bo‘lmaganda yana bittagina shifoxona qurish mumkin bo‘lmasa?” deb savol qo‘yadi.

"Bolalar shifoxonalarida o‘rinlar yetarli emas"

Ozodlik muxbiri poytaxtlik bemor bolalar ota-onalari o‘rtaga qo‘ygan savol javobini Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash boshqarmasidan qidirdi.

“Ha, bu gap rost, qish mavsumida bemorlarning ko‘payishi ortidan shifoxonalarda bemor bolalarni yo‘laklarga ham yotqizishga to‘g‘ri kelayapti. Bunga viloyatdan Toshkentga mehmonga kelgan yoki poytaxtda vaqtincha yashayotgan odamlarning murojaat qilayotganlari ham sabab bo‘lmoqda. Chunki bemor bolalar uchun propiskaning ahamiyati yo‘q, ular qayerdan kelgan bo‘lsa ham¸ qabul qilishga majburmiz. Undan keyin 3-bolalar shifoxonasida ta’mirlash ishlari ketayotgani uchun 135 koyka-o‘rin ishlamay turibdi”, dedi Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutaxassislaridan biri.

Mutaxassis bugungi kunda Toshkentda faqatgina beshta bolalar shifoxonasi ishlayotgani, ulardan to‘rttasi somatik shifoxona va bittasi jarrohlik shifoxonasi ekanini aytdi. Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent shahri bo‘yicha bolalar kasalxonalarida 1267 ta o‘rin bor.

"Ikki yildan beri hech bo‘lmaganda bitta kasalxona qurish uchun urinib kelayapmiz"

Mutaxassisning aytishicha, Toshkent shifoxonalarida bolalar uchun o‘rinlar sonini ko‘paytirishga harakat qilinmoqda, lekin bu 2.5 million aholi yashaydigan shahar uchun dengizdan bir tomchi, xolos. Sog‘liqni saqlash boshqarmasining Toshkentda yana bir nechta bolalar shifoxonasini qurish taklifi esa yillardan beri e’tiborsiz qolib kelmoqda.

“Masalan¸ jarrohlik klinikasida ham pediatriya bo‘limi yo‘q. Bugungi kunda biz u yerda 25 ta o‘rin ochdik. 4-kasalxonada 50 ta, bundan tashqari 2-yuqumli kasalliklar klinikasidagi 100 o‘rinni 50 tasini somatik kasalliklari uchun, 50 tasini qizamiq uchun ajratdik. Ammo kasalxonalar sonini ko‘paytirmasak, ahvol yaxshilanmaydi. Bugungi kunda rahbarimiz bu masalada Sog‘liqni saqlash vaziri bilan uchrashdi. Ikki yildan beri Toshkentda bolalar uchun katta shifoxona qurish taklifini kiritib kelamiz. Chunki Toshkentda so‘nggi o‘n yilliklarda shifoxona qurilmadi. Sergeli tumanida ham keyingi yillarda aholi juda ko‘payib bormoqda. Bu tumanga ham ixtisoslashgan bollar shifoxonasini qurish taklifini ham kiritganmiz”, dedi mutaxassis.

Ayni paytda mutaxassis¸ poytaxtdagi bolalar shifoxonalari moddiy-texnik bazasi viloyatlardagidan ko‘ra yaxshiroq bo‘lishiga qaramay¸ kuz va qishda ko‘payadigan mavsumiy kasalliklarga chalingan bemorlarni ta’minlashga ojizlik qilishini qo‘shib o‘tdi.

Hamma joyda bitta manzarami?

Ozodlik radiosi 16 yanvar kuni Toshkent viloyat, Toshkent tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli Shoshilinch bolalar bo‘limida ham joy yetishmayotganidan bemor bolalar koridorda yotib davolanayotgani haqida yozgan edi.

Bemor bolalarning koridorda yotishga majburligini tan olgan kasalxona vrachi va tibbiyot birlashmasi rasmiysi¸ 10 o‘rinli Shoshilinch bolalar bo‘limiga hozirda bir kunda 100 nafargacha kasal bola olib kelinayotgani¸ ularga normal palata sharoiti qilib berishga imkon yo‘qligini bildirgan.

Bu kabi va boshqa muammolar nafaqat Toshkentdagi, balki O‘zbekistonning boshqa viloyatlaridagi kasalxonalarda ham muntazam kuzatiladi.

Jumladan, 2 yanvar kuni Surxondaryoning Angor tuman markaziy kasalxonasida elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab, sun’iy nafas olish qurilmasi ishlamay qolayotgani, natijada shifokorlar yoki qarindoshlari qurilmani qo‘li bilan siqib, bemorlarga kislorod berishga majbur bo‘layotgani haqida Ozodlik ma’lum qilgan.​

O‘zbekiston bo‘ylab gripp epidemiyasi keng tarqalgan joriy mavsumda bolalar kasalxonalarida joy yetishmayotgani bo‘yicha shikoyatlarga Sog‘liqni saqlash vazirligidan jo‘yali izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Vazirlik matbuot xizmati xodimi¸ muammo mavjudligini tan olgan holda¸ bu haqda izoh bera olmasligini aytish bilan cheklandi.

XS
SM
MD
LG