Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2020, Тошкент вақти: 08:45

Hokim yordamchisi MIBchilarni hisoblagichsiz ishlayotgan beton zavodini elektrdan uzishga qo‘ymadi (VIDEO)


Pastdarg‘omdagi sementni qayta ishlash zavodi

Samarqand viloyat, Pastdarg‘om tumani Majburiy ijro byurosi xodimlari qariyb uch oydan buyon hisoblagichsiz ishlayotgan sement mahsulotlarini qayta ishlash zavodini 4 dekabr kuni elektr tarmog‘idan uzishga borganida, tuman hokimi yordamchisi va zavod ish yurituvchisining qattiq qarshiligiga uchradi.

MIB rasmiysining Ozodlikka aytishicha, xodimlarining shitga qo‘ygan plomba va muhrli qog‘ozini tuman hokimi yordamchisining og‘zaki buyrug‘i bilan zavod ish boshqaruvchisi tomonidan uzib tashlangan va elektr toki ta’minoti noqonuniy ravishda qayta tiklangan.

Tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari ham MIB xodimlari talabini bajarmagan.

Tuman hokimi yordamchisi va elektr tarmoqlari korxonasi rahbari 5 dekabr kuni Ozodlik savollariga javob berishdan bosh tortdi.

Пастдарғом тумани МИБ ва цемент заводи мулозимлари ўртасидаги можаро
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:21 0:00

Pastdarg‘om tuman Majburiy ijro byurosi xodimlari 4 dekabr kuni elektr energiyasidan shartnoma va hisoblagichsiz foydalanayotgan “Pastdarg‘om tuman Obodonlashtirish” direksiyasiga qarashli beton ishlab chiqarish zavodini elektr tarmog‘idan uzdi.

Ushbu zavod joylashgan Qatorterak mahallasida yashovchi voqea guvohining aytishicha, buning ortidan zavod ish boshqaruvchisi Ramshed Annabozorov tuman hokimi o‘rinbosari Asror Mardiyevga qo‘ng‘iroq qilib, uni chaqirtirgan. Zavodga zudlik bilan yetib kelgan hokim yordamchisi topshirig‘i bilan MIB xodimlari qo‘ygan plomba va muhr uzib tashlangan:

Ramshed MIBchilar qo‘ygan plomba va muhrlagan qog‘ozni yulib tashlab, shitdan elektrni yana uladi.


“Ramshed Annabozorov degan odam o‘zini zavod boshqaruvchisi deb yuradi. Tuman hokimining odami. O‘sha odam MIBchilarga juda qattiq qarshilik qildi. Hokim yordamchisi kelib, Ramshedga pechatini buzib, svetni yoq¸ dedi. Keyin Ramshed MIBchilar qo‘ygan plomba va muhrlagan qog‘ozni yulib tashlab, shitdan elektrni yana uladi. Ramshed deganlari o‘zini zo‘ravondek tutdi. MIBchilarni haqorat qilib, ularni nazar-pisand qilmadi”.

Voqea guvohi Ramshed Annabozorovning muhrlarni yulib olayotgani aks etgan videoni Ozodlikka taqdim qildi.

Пастдарғом тумани МИБ ва цемент заводи мулозимлари ўртасидаги можаро
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:38 0:00

Pastdarg‘om tumani MIB boshlig‘i o‘rinbosari Suhrob Jalilov 5 dekabr kuni Ozodlik bilan suhbatda shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi:

Hech qanday elektr hisoblagich o‘rnatilmasdan, elektr energiyasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, noqonuniy foydalanib kelgan.


- Kecha soat ikkilarda Qatorterak mahallasidagi namunaviy uylarning ortidagi sement zavodni kuzatganimizda¸ shu holatga guvoh bo‘ldik. Borganimda elektr tarmog‘iga ulangan transformatorni ko‘rdik. Zavod to‘liq ishlab turibdi. Ta’minotchi korxona bilan hech qanday shartnoma rasmiylashtirilmagan. Hech qanday hujjat taqdim qilisholmadi. Hech qanday elektr hisoblagich o‘rnatilmasdan, elektr energiyasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, noqonuniy foydalanib kelgan. Aholidan surishtirganimizda ikki yarim oydan buyon zavod ishlayotganini aytishdi.

Zavodga elektr toki berishni yoqib o‘chiradigan shit
Zavodga elektr toki berishni yoqib o‘chiradigan shit

Suhrob Jalilovning aytishicha, shundan so‘ng zavod elektr tarmog‘idan uzilgan:

Hokim yordamchisiga ham tushuntirdim, lekin natija bo‘lmadi.


- Vakolatimiz doirasida dalolatnoma tuzdik, lekin ish boshqaruvchi ham, boshqa xodimi ham imzo qo‘ymadi. Elektr toki juda katta kuchlanishda ekanligi bois, uni kesmay shitdan o‘chirib qo‘ydik va muhrladik. Keyin ish boshqaruvchi tuman hokimining yordamchisini telefon orqali chaqirdi. Hokim yordamchisiga ham tushuntirdim, lekin natija bo‘lmadi, plombalarni buzib tashlab, faoliyatlarini davom ettirishdi.

MIB boshlig‘i o‘rinbosari bundan keyin tuman ETK boshlig‘iga chiqib, undan chora ko‘rishni so‘raganini aytadi:

- Bu choralarimiz ish bermagach ETK boshlig‘i Hikmat Hayitovga chiqib, tarmoqni stolbadan uzib berishni, ishchi guruh jo‘natishni iltimos qildim. ETK rahbari ham keldi, xodimlari ham keldi. Lekin turli xil bahonalar bilan tarmoqdan uzib berishmadi. ETK rahbari minglab kilovatt elektr energiyani shartnomasiz va hisoblagichsiz ishlatayotgan zavodga nisbatan hech qanday chora ko‘rmadi.

Suhrob Jalilov bu qonunbuzarlik haqida barcha hujjatlar rasmiylashtirilgani, xolislar ko‘rsatmalari olinganini qo‘shimcha qildi.

Ismi sir qolishini so‘ragan “Qatorterak” mahalla faollaridan biri bu zavodni tuman rahbarlaridan biriga tegishli ekanini iddao qildi:

Bilasizmi zavodga qancha elektr energiya ketadi. Yana xalqqa chirog‘ etmayapti deb ayyuhannos solishadi.


“Zavod qurilgan joy M. Jo‘raqulova degan fermer ayolning yeri edi. Hokim bu yerni obodonlashtirishga beramiz¸ deb undan olib qo‘ygan edi. Lekin bu yerga betonzavod qurildi. Mahallaning orqasidagi uylarga juda yaqin, 100 metr ham chiqmaydi orasi. Uning shovqinidan kechayu kunduz mahallaga tinchlik yo‘q. Buning ustiga¸ sentabrdan beri elektrdan tekin foydalanib kelayotgan ekan. Bilasizmi¸ zavodga qancha elektr energiya ketadi? Yana xalqqa chirog‘ yetmayapti¸ deb ayyuhannos solishadi. Mana qayerga ketayapti, o‘g‘rilik elektr energiyalar. Bitta kambag‘al qarzini to‘lolmagan bo‘lsa¸ qancha jarima to‘laydi. Bular qancha to‘lar ekan? Menimcha, katta mulozimniki bo‘lganidan keyin, arzimagan jarima bilan qutilib ketadi”.

Ozodlik hozircha bu beton zavodining kimga rasmiylashtirilgani¸ uning haqiqiy egasi kim ekani haqidagi rasmiy hujjatga ega emas.

Sementni qayta ishlash zavodi
Sementni qayta ishlash zavodi

Ozodlik Pastdarg‘om tuman hokimi Shunqor Xudayberdiyevning mobil telefoniga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildi, lekin hokim javob bermadi.

Tuman hokimining yordamchisi Asror Mardiyev shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi, lekin Ozodlik savollariga javob berishdan qochdi:

- Schetchiklar qo‘yilgan, hozir men sizga telefon qilaman, degan Asror Mardiyev aloqani uzdi.

Pastdarg‘om tumani Elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i, Hikmat Hayitov Ozodlik bilan suhbatda zavodda elektr hisoblagichlar borligini iddao qildi:

- Transformatorda hisoblagich yo‘q, zavodning apparatlarida bor. Men MIBchilar ishiga qarshilik qilganim yo‘q. Men qabuldaman-da, qabuldan chiqay¸ sizga qaytib chiqaman, deb Hikmat Hayitov aloqani uzdi va Ozodlikka qaytib qo‘ng‘iroq qilmadi.

5 dekabr kuni Ozodlik suhbatlashgan MIB xodimining aytishicha, 4 dekabr kuni kechqurun ular Samarqand viloyat elektr tarmoqlari idorasiga murojjat qilganidan so‘ng, zavod elektr tarmog‘idan uzilgan, 5 dekabr kuni esa zavodga elektr hisoblagich o‘rnatilgan.

O‘zbekiston Energetika vazirligi rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda¸ elektr energiyasi va gazni noqonuniy o‘zlashtirish ko‘paygani haqida gapirgan edi:

“​Hisob-kitobga kirmasdan ishlayotgan yoki limitidan oshig‘ini ishlatayotgan ishlab chiqaruvchilar hisobiga hozirgi kundagi taqchillik kelib chiqdi”¸ dedi Ozodlik bilan shaxsini ochiqlamay gaplashgan Energetika vazirligi rasmiysi.

XS
SM
MD
LG