Линклар

Шошилинч хабар
15 декабр 2019, Тошкент вақти: 04:30

Tayloqdagi oshxonada zaharlangan 9 kishidan 5 nafari hanuz kasalxonada qolmoqda


To‘qqiz odam baliqdan zaharlangan, deb gumon qilinmoqda.

Samarqandning Tayloq tumanida ovqatdan zaharlanish belgilari bilan ​shifokorga murojaat qilgan to‘qqiz bemordan besh nafari hanuz kasalxonada qolmoqda.

Zaharlanganlarning aksari yosh bolalardir. Ulardan bir nafari reanimatsiya bo‘limida, og‘ir ahvolda yotgani aytilmoqda.

Tayloq Tibbiyot birlashmasi vrachi barcha bemorlarga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilgani, ahvoli qoniqarli bo‘lganlarga uylariga ketishga ruxsat berilganini Ozodlikka aytdi.

Tayloq tuman Sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi mutaxassisining Ozodlikka aytishicha, zaharlanganlar oshxonada sotilgan aynigan baliq yegan bo‘lishi mumkin.

Bemorlarning barchasi Tayloq tumanining "Talli Ota" mahallasidagi hususiy oshxonada pishirilgan baliqdan 14 noyabr kuni zaharlangan, deb gumon qilinmoqda.

Zaharlanish belgilari bilan shifokorga murojaat qilgan, ismi ochiqlanmasligini istagan bemorlardan biri bu haqda Ozodlikka shularni aytdi:

Mahallamizda bitta baliqxona bor, zaharlanganlarni hammasi, meni o‘zim ham shu yerni balig‘ini yegandik.

- Mahallamizda bitta baliqxona bor, zaharlanganlarning hammasi, meni o‘zim ham shu yerni balig‘ini yegandik. Shundan keyin ko‘ngil aynish, holsizlik bo‘lib kasalxonaga yotdik. Eskirgan baliq bo‘lsa kerak, deb gumon qilyapmiz. Biznikiku o‘tib ketdi, lekin yosh bola og‘ir ahvolda reanimatsiyada yotibdi, RaySES qayoqqa qarayapti? Tekshirmaydimi?

Ommaviy zaharlanish ro‘y bergan "Talli ota" mahallasi raisi Javlon Hamzayev zaharlanish uy sharoitida tayyorlangan kompotdan bo‘lgan, degan taxmin ham o‘rganilayotganini aytdi:

- O‘sha kuni u baliqxonadan boshqalar ham ovqatlangan ekan-da. Ular zaharlanmagan. Men baliqxona egalari bilan ham bemorlar bilan ham gaplashdim. Ular boshqalar ham baliq yegan, ular zaharlanmagan, dedi. zaharlanganlar bilan gaplashsam ular yoz mavsumida, pishiqchilik payti mevalardan tayyorlanib, uy sharoitida bosilgan kompot ichganliklarini ham aytishyapti-da. Shuning uchun kompotdan zaharlangan, degan taxminlar ham bor,

Tayloq tumani Sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi mutaxassislaridan biri Ozodlik bilan suhbatda baliqxona tekshirilgani, ayrim mijozlarga eskirgan baliq pishirib sotilgan bo‘lishi mumkinligini aytdi:

Baliq tez ayniydigan mahsulot hisoblanadi, shuning uchun ayrim mijozlarga eskirgani o‘tib ketgan bo‘lishi mumkin.

- O‘sha kuni baliqxonani tekshirdik, lekin baliqlar sotib bo‘lingan ekan. Shuning uchun o‘sha kungi baliqlardan biologik namuna ololmadik. Baliq tez ayniydigan mahsulot hisoblanadi, shuning uchun ayrim mijozlarga eskirgani o‘tib ketgan bo‘lishi mumkin, degan gumon bor. Hozir baliqxonada kundalik nazorat o‘rnatganmiz, har bir mahsulot alohida tekshirilyapti. Kompotdan zaharlandi, degan tahmin asossiz, kompotdan odam zaharlanmaydi, chunki kompotda botulizm yo‘q.

Tayloq tuman Tibbiyot birlashmasi bosh vrachi Gulnora Rustamova Ozodlikka vaziyat nazoratga olingani, bemorlar tuzalib uylariga javob berilganini aytish bilan cheklandi:

- Ortiqcha vahimaga sabab yo‘q. Hammasiga tibbiy yordam ko‘rsatildi, tuzalib uylariga qaytdi. Nazoratda hammasi. Hozir majlisdaman, gapirishga vaqtim yo‘q,- deb telefonni qo‘yib qo‘ydi.

Keyin Rustamovaga bog‘lanib bo‘lmadi.

O‘zbekistonda ovqatdan ommaviy zaharlanish holatlari uchrab turadi.

Shu yilning 27 sentabr kuni Toshkent viloyatining Bekobod shahrida bir bog‘chaning 19 nafar tarbiyalanuvchisi bo‘lgan bola o‘tkir diareya, gastroenterit tashhisi bilan shifoxonaga yotqizilgan edi.

​O‘tkazilgan tekshiruv jarayonida bog‘chada ovqat tayyorlash bloki hamda guruhlarda sanitariya qoidalariga rioya qilinmaganligi aniqlangan.

25 sentabr kuni Namanganning Chust tumanidagi to‘yda ellikdan ortiq odam zaharlanish belgilari bilan doktorlarga murojaat qilgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

Sanitariya-epidemiya talablarini buzganligi uchun to‘y egasiga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, eng kam ish haqining 5 barobari miqdorida jarima solingandi.

Shu yilning iyun oyida esa suvarak mojarosi bilan tanilgan Toshkentning "Oqtepa lavash" fast-fud tarmog‘i ovqatidan 41 odam zaharlangandi.

XS
SM
MD
LG