Линклар

Шошилинч хабар
15 ноябр 2019, Тошкент вақти: 00:47

Rossiya Alisher Usmonov tanqidchisini xalqaro qidiruvga berdi


Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev rossiyalik milliarder Alisher Usmonovni "Dostiq" ordeni bilan mukofotlagandi, Nur-Sulton, 2019 yil, 11 may.

Rus oligarxi Alisher Usmonovning uyushgan jinoyatchilik bilan aloqalari borasida yozgan “Rosbalt” agentligi jurnalisti Aleksandr Shvaryov xalqaro qidiruvga berildi.

Politsiya jurnalistni “biznesmen Usmonov haqida yolg‘on ma’lumotlarni tarqatib kelganlikda” va qozog‘istonlik boshqa "biznesmendan 50 ming dollar talab qilganlik"da ayblamoqda.

Bu ayblovlarni Aleksandr Shvaryov “valdirash” deb atadi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi “Rosbalt” agentligi muxbiri Aleksandr Shvaryovga tovlamachilik va bo‘htonda sirtdan ayblov e’lon qildi.

Bu haqda Shvaryovning advokatlari 7 noyabr kuni jurnalistlarga xabar qildi.

- Shvaryovga tovlamachilik va bo‘htonda sirtdan ayblov e’lon qilindi, dushanba 11 noyabr kuni uni sirtdan hibsga olish masalasi Moskvaning Tverskoy sudida ko‘rib chiqiladi, dedi himoyachi Vladimir Jerebenkov.

Tergovchilarga ko‘ra, jurnalist Aleksandr Shvaryov rossiyalik biznesmen va milliarder Alisher Usmonov haqida “oldindan ma’lum bo‘lgan yolg‘on ma’lumotlarni tarqatgan” va shu tariqa “uni obro‘sizlantirgan va ma’naviy zarar keltirgan".

Shuningdek, muxbir go‘yo qozog‘istonlik yana bir biznesmen Kenes Rakishevdan 50 ming dollar miqdorida pul talab qilib kelgani e’lon qilindi.

Oldinroq Rossiya Ichki ishlar vazirligi Rossiya Jinoyat Kodeksining 128.1 moddasi (“Tuhmat”) asosida jinoyat ishi ochgandi.

Tergov materiallarida aytilishicha, 2018 yilning iyul-oktabr oylari davomida Shvaryov Alisher Abdullayev ismli shaxs bilan birga bir qancha saytda Usmonovning jinoyatchilarga va jinoyatlarga aloqadorligi borasida materiallar tarqatgan.

Bu masalada chiqish qilgan “Rosbalt” axborot agentligi bosh muharriri Nikolay Ulyanov muxbir Shvaryovga qo‘yilayotgan ayblovlar beso‘naqayligiga e’tibor qaratib, unga qarshi yangi ayblovlar seriyasidan iborat “jinoiy spektakl” hozirlanayotganini bildirdi.

- Oldinroq tergov qo‘yayotgan ayblov ikki oyoqqa “oqsoqlayotgandi”. Endi tergovchilar Rakishevni topib, “Oligarxlar bo‘yicha mutaxassislashgan jurnalist tovlamachi ham ekan, qarang!”, demoqda. Rakishev muxbirimiz “qurboniga” aylangani borasida oldinroq aytmagani negadir tergovchilarni qiziqtirmayotir, deya kinoya qildi Nikolay Ulyanov.

“Rosbalt” boshlig‘i tahririyat Aleksandr Shvaryovni himoya qilishda davom etishi, Konstitutsiyada belgilangan so‘z erkinligi bo‘g‘ilayotgani va jamoatchilik va davlat uchun Alisher Usmonov to‘g‘risida ochiqlangan muhim ma’lumotlar tarqatilishiga to‘sqinlik bo‘layotganini bildirdi.

Advokatlar Aleksandr Shvaryov Alisher Usmonovning “Shakro Molodoy” laqabi bilan tanilgan kriminal avtoritet Zaxariy Kalashov bilan aloqalari haqida bir qancha maqolalarni chop etgani ortidan politsiya tergovchilari nazorati ostiga tushganini gapirmoqda.

2018 yilning dekabrida Russian Criminal saytida chop etilgan bu ayblovlar kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan Alisher Usmonov tomonidan sud orqali olib tashlangan edi.

2019 yilning 18 aprel kuni boshlarida Moskva politsiyasi “Rosbalt” agentligi tahririyati va jurnalist Shvaryov kvartirasida tintuv olib borgani, politsiya xodimlari muxbirning kvartirasiga “narkotik tashlab qo‘yish” bilan tahdid qilgani ustidan himoyachilar Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikinga shikoyat qilgani, biroq politsiyaning bu harakatlari ustidan hanuzgacha taftish olib borilmaganini ma’lum qildi “rosbaltchilar”.

So‘z erkinligi bo‘yicha YXHTning maxsus vakolatxonasi Aleksandr Shvaryov ishi yuzasidan xavotir bildirgan edi.

Hozirda Latviyada davolanayotganini gapirgan Aleksandr unga qo‘yilayotgan ayblovlarni qat’iyan inkor etib, bu ta’qib buyurtma va uning jurnalistik faoliyatiga bog‘liq ekanini TV-5 kanaliga gapirdi.

- Tovlamachilik masalasida – bu boshdan oyoq valdirvasa gap, deya gapni qisqa qildi Shvaryov.

“Rosbalt”agentligi rahbariyati yaqin orada Aleksandr Shvaryovning Zaxariy Kalashov va Alisher Usmonov ishiga oid jurnalistik surishtiruvi natijalarini to‘liq holda chop etishini e’lon qildi.

“Chegarasiz muxbirlar” xalqaro tashkiloti e’lon qilgan so‘z erkinligi reytingiga ko‘ra, Rossiya 189 davlat orasida 149 o‘rinni egalab, matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat og‘ir mamlakatlar qatoriga kiritildi.

XS
SM
MD
LG