Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2019, Тошкент вақти: 11:00

O‘zbek oligarxi Moskvada haftasiga 10 muhojirga tibbiy yordam ko‘rsata boshladi


Moskvada muhojirlar va qochqinlar uchun bepul tibbiy yordam xizmati tashkil etildi. Fattoh Shodiyev xalqaro jamg‘armasi va Rus pravoslav cherkovi moddiy ko‘magida tashkil etilgani aytilayotgan tibbiy yordam oldindan tuzilgan ro‘yxat asosida ko‘rsatiladi.

Biroq, xizmatni ko‘rsatayotgan Avliyo Aleksiy Markaziy klinik shifoxonasi ma’muriyati tibbiy yordamdan haftasiga 10 kishidan ortiq odam foydalana olmasligini Ozodlikka bildirdi.

Rossiyadagi ayrim ommaviy axborot vositalarida Moskvada “Ryadom dom” Migrantlar va qochqinlarga ko‘maklashish markazi va Avliyo Aleksiy Markaziy klinik shifoxonasi hamkorligida yordamga muhtoj xorijlik grajdanlar uchun bepul tibbiy yordam ko‘rsatish xizmati yo‘lga qo‘yilgani e’lon qilindi.

“Farg‘ona.ru” nashri xabariga ko‘ra, shifoxonada umumiy amaliyot vrachi qabuli va diagnostika xizmati ko‘rsatiladi.

Bu xayriya loyihasi Fattoh Shodiyev xalqaro jamg‘armasi va Rus pravoslav cherkovi moddiy ko‘magi evaziga amalga oshiriladi.

Tibbiy yordam xorij grajdanlari bo‘lgan migrantlar, qochqinlar, uy-joysiz qolgan odamlarga ko‘rsatilishi ham belgilandi.

Shodiyev xalqaro jamg‘armasidan yangi loyiha to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot olish imkoni bo‘lmadi.

Ozodlik Avliyo Aleksiy shifoxonasi xodimlaridan bunday xizmat haqiqatan ko‘rsatilayotgani, faqat undan sanoqli odamlargina foydalana olishi mumkinligini bildirdilar.

- Haqiqatan, bepul xizmat ko‘rsatayapdi terapevtimiz. Bolalar va katta yoshdagilarga cheklovlarsiz. Faqat odam soni bo‘yicha cheklov bor: haftasiga ikki kun 5 kishidangina qabul qilishimiz mumkin, xolos. Oldindan telefon orqali yozilish zarur. Siz bu xabarni butun O‘zbekistonga tarqatmoqchimisiz? Keragi yo‘q butun O‘zbekistonni bizga yuborish – kimga yordamimiz zarur bo‘lsa bizni topib oladi, dedi bepul xizmat haqida xabarni tarqatmaslikni so‘ragan shifoxona navbatchisi.

O‘zini Yevgeniya deb tanishtirgan xodima Ozodlik Radiosi orqali tarqatilgan bu xabar “ro‘yxatga yozila olmagan, ammo yordamga muhtoj bo‘lgan migrantlar hafsalasini pir qilishi” mumkinligidan ogohlantirdi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan Avliyo Aleksiy klinikasi xodimasi 6 va 7 noyabr kunlari bu loyiha asosida birinchi murojaat qilganlarga yordam ko‘rsatilganini qo‘shimcha qildi.

U tibbiy yordam so‘rab kelayotgan va sug‘urta polisiga ega bo‘lmagan xorij grajdanlariga ko‘rikdan o‘tish uchun pasportdan boshqa hujjat zarur emas, dedi.

Shifoxona vrachi cheklovlar masalasida savollarimizga muassasa referentlari yo kotibiyati javob berishini aytdi.

Tibbiy yordamga muhtoj muhojirlar va qochqinlar haftaning ish kunlari davomida soat 08:30dan 16:30gacha +7(495)952-11-41 raqamli telefon orqali ro‘yxatga yozilishlari mumkinligi, klinikada berilgan yo‘riqnoma yordamida esa ular Moskvaning 64-shifoxonasida haftaning chorshanba va payshanba kunlari ko‘rikdan o‘tishlari mumkinligi ma’lum qilindi.

2018 yilda ish boshlagan “Ryadom dom” Migrantlar va qochqinlarga ko‘maklashish markazi migrantlar va qochqinlar farzandlariga bepul rus tilini o‘rgatib, ularga logoped xizmatini ham ko‘rsatib keladi.

Rossiya Migrantlar federatsiyasi rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan 2018 yil davomida Rossiyaga rasman 3,5 million o‘zbekistonlik kirib kelgan.

Ular va nolegal holatda qolayotgan boshqa o‘zbeklarning eng katta qismi Moskva va Sankt-Peterburg megapolislarida o‘rnashib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG