Линклар

Шошилинч хабар
05 июл 2025, Тошкент вақти: 23:33

Olimlar shoxsiz buqa va issiqqa chidamli sigir zotlarini yaratish ustida ishlamoqda


Deyvis shahridagi Kaliforniya universiteti olimlari hayvon genetigi Elison Van Ininnaam yetakchiligida qoramollarning shoxsiz zotini yaratish ustida ishlamoqda.

Ko‘p holatlarda chorvadorlar qoramollar bir-biriga yoki cho‘ponlarga ziyon yetkazishi oldini olish uchun ularning shoxini olib tashlaydi. Ammo Angus kabi ayrim mol zotlari shoxsiz tug‘iladi.

Shu sabab shox yo‘q bo‘lishiga mas’ul genlar aniqlanishi ortidan, Minnesotada joylashgan Recombinetics shirkati xodimlari molekulyar “qaychilar” yordamida keng tarqalgan Golshtin-friz qoramol zoti DNKsini o‘zgartirdi. Xususan, olimlar TALENs deb nomlanuvchi texnologiyada foydalandi. Natijada 2015 yilda ikki shoxsiz buqacha tug‘ildi. Ularning biridan bugunga qadar oltida buzoq tug‘ildi.

Ushbu mollar go‘shtini iste’mol qilish xavfsiz ekanligini tasdiqlash uchun Van Ininnaam AQSh oziq-ovqat va dorilar boshqarmasiga murojaat qilgan. Boshqarma olimlari buqalarning DNKsini o‘rganayotib, ularning DNKsini o‘zgartirishda foydalanilgan plazmida ketma-ketligi buqalar DNKsi tarkibiga qo‘shilib qolganini aniqlashgan. DNKni tahrir qilish uchun foydalaniladigan plazmida odatda o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketadi. Ammo bu safar unday bo‘lmagan.

AQSh oziq-ovqat va dorilar boshqarmasi xodimlariga ko‘ra, yot fragment DNKga qo‘shilib qolgani hayvon yoki uni iste’mol qilganlar uchun xavfli, degani emas. Shunday bo‘lsa-da, ular gen tahrirlash metodlaridan foydalanayotib, DNKni yaqindan kuzatib borish muhimligini ta’kidlashdi.

2018 yilda Yevropa adliya sudi gen tahrirlash asboblari yordamida tug‘ilgan hayvonlar geni o‘zgartirilgan organizm (GMO) o‘laroq ko‘rilishi kerakligi haqida qaror chiqardi. Ya’ni, ularni tegishli idoralar ma’qullashi uchun uzundan-uzoq jarayondan o‘tish kerak bo‘ladi.

DNKda kutilmagan material aniqlanishi ortidan Van Ininnaam qolgan besh buqani yo‘q qilishga majbur bo‘ldi. Tirik qolgan yagona g‘unajin ham bola tug‘ib, sinovlar uchun sut berganidan keyin, evtanaziya qilinadi.

Van Ininnaam gen tahrirlash yordamida yana ko‘plab maqsadlarda, masalan, tobora isib borayotgan iqlim sharoitida issiqqa chidamli mollarni yaratish mumkinligini aytdi. Ayni damda Van Ininnaam faqat erkak mollarni ko‘paytirishga yo‘l ochuvchi tajribalarni o‘tkazmoqda. Bundan maqsad faqat ko‘p go‘sht beradigan buqa podalarini yoki faqat sut beradigan sigir podalarini yaratishdir.

Ammo bu kabi g‘oyalarni hamma ham ma’qullamaydi. Xususan, genetik o‘zgartirilgan hayvonlar insonlar uchun xavfsiz ekanligi tasdiqlanib, ular sinov va ma’qullash jarayonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda ham, ko‘pchilik bunday mollardan olingan mahsulotlarni iste’mol qilishdan bosh tortishi aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG