Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:42

Yaponiyalik sayyohlar tushgan avtobus Qashqadaryoda solyarkasi tugab to‘xtab qoldi


Yaponiyalik sayyohlar avtobusga qo‘lbola yonilg‘i quyish holatini suratga olmoqda
Yaponiyalik sayyohlar avtobusga qo‘lbola yonilg‘i quyish holatini suratga olmoqda

Yaponiyadan O‘zbekistonga kelgan sayyohlar guruhi tushgan avtobus 2 oktabr kuni Samarqand-Qarshi avtomagistralida ketayotib, yonilg‘isi tugadi va to‘xtab qoldi.

Avtobus amal-taqal qilib yetib borgan Koson tumanidagi AYoQSh boshlig‘i, neftebaza bir oydan buyon dizel yonilg‘isi berishni to‘xtatgani, faqat sig‘imning tagida yuz litrcha solyarka borligi, lekin uni nasos tortib ololmasligini aytgan.

Avtobus haydovchilarining qattiq iltimosidan so‘ng, AYoQSh rahbari do‘kondan shlanga va suv tortishga mo‘ljallangan nasos olib kelib, sisterna tagidagi yonilg‘ini tortib olgan va avtobusga quyib bergan.

Bu holatni yapon turistlari video va suratga olgan.

Koson neft mahsulotlari idorasi direktori Ozodlikning savolidan so‘ng telefonni o‘chirib qo‘ydi.

Energetika vazirligi matbuot xizmati rahbari savollarga faqat xat orqali javob berishi mumkinligini aytdi.

Koson tumanidagi “Fayzullo qutlug‘ qadam” MChJga qarashli AYoQShga 2 oktabr kuni yonilg‘i quyishga kirgan yaponiyalik sayyohlar avtobusi u yerda ikki soat qolib ketdi.

Voqea guvohlaridan biri bunday dedi:

Shoferlar bir iloj qilib topib bermasangiz, turistlar oldida sharmanda bo‘lamiz, dedi.


“Kechki payt soat to‘rtlar atrofida yaponiyalik turistlar mingan avtobus kelib to‘xtadi. Samarqanddan kelishayotgan ekan. Shofer zapravshikdan solyarka so‘radi, u esa yo‘q deb javob berdi. Keyin zapravka boshlig‘i Islom aka chiqdi. U yigitlar, bir oydan buyon solyarka olganimiz yo‘q, dedi. Shoferlar iltimos aka, boshqa bir kilometr ham yurolmaymiz, yo‘ldagi zapravkalarda ham yo‘g‘ ekan, bir iloj qilib topib bermasangiz, turistlar oldida sharmanda bo‘lamiz, dedi. Islom aka, sisterna tagida 50-100 litr bo‘lsa keragu, lekin uni nasos tortolmaydi, dedi. Shoferlar aka bir ilojini qilaylik, deb iltimos qilishdi”.

Voqea guvohining aytishicha, shundan so‘ng Islom aka yigitlarini do‘konga yuborgan:

Yaponlar rosa kulib, surat va videoga olishdi. Sizlarda neft ko‘p bo‘lsa, nega yonilg‘i yo‘q, deb ajablanishdi


“Do‘konga borib shlanga olib kelishdi. Plastmas kanistralar topib kelishdi. Besh litrlik idishning suvini to‘kib tashlab, undan voronka yasashdi. Keyin suv tortadigan bir kichkina motor topib kelishdi. O‘shanga shlankani ulab sisternaga tushirishdi va tubidagi solyarkani tortib olib, avtobusga quyishdi. Yaponlar rosa kulib, surat va videoga olishdi. Sizlarda neft ko‘p bo‘lsa, nega yonilg‘i yo‘q, deb ajablanishdi”.

Avtobus haydovchisi qo‘lbola usulda sisternadan solyarka tortib olyapti
Avtobus haydovchisi qo‘lbola usulda sisternadan solyarka tortib olyapti

AYoQSh rahbari Islom Nizomovning Ozodlikka aytishicha, bu birinchi hodisa emas:

Endi borib, O‘zbekistonda oddiy solyarka ham yo‘q, deb hammaga ko‘rsatishadi.


“4 sentabrdan xususiy zapravkalarga dizel yonilg‘isi berishni to‘xtatishdi. Go‘yoki paxta terimiga zaxira qilishayotgan emish. Buning hammasi yolg‘on. Aslida, O‘zbekistonda solyarka qishloq xo‘jaligiga ham, xalq xo‘jaligiga ham, xususiy zapravkalarga ham yetarli darajada ishlab chiqariladi. “O‘zbekneftgaz”ning o‘yinlari bu. Birjadan sotib olishga ham ruxsat bermaydi. Bizning zapravka “Buyuk ipak yo‘li”da joylashgani uchun juda ko‘p sayyohlar avtobusi o‘tadi. Kechagi sharmandalikni sayyohlar rosa suratga olishdi. Endi borib, O‘zbekistonda oddiy solyarka ham yo‘q, deb hammaga ko‘rsatishadi. Yo‘lda qolishmasin, sharmanda bo‘lmaylik deb, bir ilojini qilib, sisternaning tagida qolgan solyarkani tortib olib berdik”.

Koson tuman neft mahsulotlari idorasi direktori Bayramali Mahmudov Ozodlikning savolini eshitishi bilanoq aloqani uzib, telefonini o‘chirib qo‘ydi.

O‘zbekiston Energetika vazirligining tijorat departamenti mulozimi Jamshid Qirg‘izboyev Ozodlik savollariga javob berolmasligini aytib, matbuot xizmatiga bog‘lanishni maslahat berdi.

O‘zini vazirlik matbuot xizmati rahbari Sabina deb tanishtirgan mulozim faqat rasmiy xat orqali savollarga javob berishi mumkinligini aytdi.

Ozodlik Energetika vazirligiga savollar bitilgan maktub jo‘natdi, biroq kun davomida javob kelmadi.

Prezident Mirziyoyev, joriy yilning mart oyida Buxoro faollari bilan uchrashuvda, 2021 yilgacha xorijiy sayyohlar sonini 2 barobar ko‘paytirish, turizm xizmatlari tushumini 350 million dollarga yetkazish rejasini ma’lum qilgan edi.

Shuningdek, prezident aviaqatnovlar sonini oshirish, tarixiy shaharlar bilan avtobus va poezdlar qatnovini ko‘paytirish lozimligini ta’kidlagan edi.

(Tez orada bu voqeaning videosi ham qo‘yiladi - tahririyat)

XS
SM
MD
LG