Линклар

Шошилинч хабар
23 сентябр 2019, Тошкент вақти: 04:01

Energetika vaziri o‘qigan maktab o‘quvchilari yangi o‘quv yilida ko‘chada qoldi


Toshkentdagi 180- maktab o‘quvchilari qo‘shni maktabda 1- smena tugashini kutib turibdi. 2019, 5 sentabr

180-maktabning 500 o‘quvchisi Toshkent avtomobil va yo‘llar kasb-hunar kolleji binosida o‘qiydigan bo‘ldi, maktab direktori 6 sentabr kuni kollejda bo‘lib, sinf xonalarini ko‘zdan kechirdi.

Bu ma’lumotni Ozodlik tilga olingan kollej rahbariyatidan so‘rab bildi.

180-maktab o‘quvchilari ota-onalarining Ozodlikka xabar qilishicha, yangi o‘quv yili boshlangan 4 sentabrdan buyon maktabning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘qiyapti, o‘rta va yuqori sinfdagilarning qaerda o‘qishi noma’lum.

Matematika chuqur o‘rgatiladigan, o‘qish rus tilida olib boriladigan 180-maktab direktori yuzaga kelgan vaziyatni izohlashni istamadi.

Shayhontohur tuman hududida, “Oqtepa lavash” kafesi yaqinida joylashgan 180-maktabda yuzaga kelgan vaziyat ota-onalardan kelgan xat, surat va videolardan anglashiladi.

Ota-onalardan biri o‘z xatida (xat rus tilida yozilgan) holatni quyidagicha tasvirlagan:

“Maktabni boshlang‘ich sinflarga moslab ta’mirdan chiqarishdi. Yuqori sinflar qaerda o‘qishi noma’lum. 5-7- sinflarni 157- maktabga, 8-11- sinflarni 167-maktabga 2-smenada o‘qishga jo‘natishdi. Direktor bu vaqtinchalik chora ekanligini, bolalar dushanbadan Avtomobil va yo‘llar kollejida o‘qishini aytdi”.

Yana bir xat muallifining yozishicha, 5 sentabr kuni 157- maktab darvozasidan 180-maktab bolalarini bir muddat kiritmay turishgan:

“O‘zimizning bolalar o‘qishini tugatib olsin deyishdi. Meningcha, bolalarni sarson qilmay, bino masalasini hal qilib olishlari, ungacha esa, bolalarni maktabga chaqirmay turishlari kerak edi. 3 oy ta’tilda nima qilishdi bular, tushunmayapmiz”.

180 мактаб ўқувчилари 157 мактабга киритилмаяпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:24 0:00

180- maktab o‘quvchilarini vaqtincha sig‘dirib turgan 157- va 167- maktablar bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Biroq Avtomobil va yo‘llar kolleji rahbariyati vakili (ismi aytilishini istamadi) ota-onalardan olingan ma’lumotni bilvosita tasdiqladi.

“180- maktabning o‘quvchilarini qabul qilish to‘g‘risidagi buyruqni bugun oldik. Maktabning direktori va ikki zavuchi, mana, hozir oldimda turishibdi. Hozir auditoriyalarni ko‘rib chiqishdi. 500 bola kelib o‘qiydigan bo‘ldi”.

Ayni paytda Avtomobil va yo‘llar kollejida bu o‘quv yurtining o‘z o‘quvchilari - o‘qishni bu yil bitiradiganlari ham o‘qiydi.

Kollej vakili Ozodlik savollariga javob berib turgan paytda uning yonida turgan 180- maktab direktori Maksim Kondratyev Ozodlik savollariga javob berishni istamadi.

Direktorga bermoqchi bo‘lganimiz: nima uchun o‘quv yilining birinchi kunida birdan bu muammo paydo bo‘lib qoldi, degan savolni Shayhotohur tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbarlariga bera olmadik - kun davomida telefonni hech kim ko‘tarmadi. Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xodimi (Ixtiyor) esa, savolni eshitgach, aloqani uzib qo‘ydi.

180- maktab Shayhontohur tumanida, Toshkent avtomobil va yo‘llar kasb-hunar kolleji esa, Chilonzorda. Kollej bolalar uchun uzoqlik qilmaydimi? Bu savolga kollej vakili “yo‘q, uzoq emas”, deb javob berdi.

180- maktab qancha o‘quvchiga mo‘ljallangani, bu yil qancha o‘quvchi o‘qishi to‘g‘risida ma’lumot topib bo‘lmadi. Farzandi 5- sinfda o‘qiydigan onaning aytishicha, 6 ta parallel 5- sinf bor. Shulardan 3 tasi matematika chuqur o‘rgatiladigan sinflar bo‘lib, ularda 30, 31 nafardan o‘quvchi bor. Qolgan 3 tasi oddiy sinflar va ularda o‘quvchilar soni 42 nafargacha.

Aftidan, 180- maktabdagi vaziyat Shayhontohur tumanidagi shu maktabgagina xos. Chunki tumandagi bir necha maktabdan, xususan, o‘qish rus tilida olib boriladigan 19- maktabdan Ozodlik so‘rab olgan ma’lumotga qaraganda, joy yetishmasligi muammosi yo‘q.

180-maktab joriy yilda Bosh vazir maslahatchisi, Energetika vaziri Alisher Sultonov bilan bog‘liq OAV tiliga tushgan edi.

Sultonov 26 mart kuni o‘zi o‘qigan 180- maktabga borib, maktab kutubxonasiga o‘zining shaxsiy kolleksiyasidan kitoblar sovg‘a qilgani to‘g‘risida xabar qilingandi.

4 sentabrda O‘zbekistondagi 9904 ta davlat umumta’lim muassasalarida 2019-2020 o‘quv yili boshlandi.

Bu haqda xabar qilgan Xalq ta’limi vazirligiga ko‘ra, bu o‘quv yilida maktablar o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 213 taga ko‘paygan. Faoliyatini tugatayotgan 383 ta kasb-hunar kollejining binosi (shundan 154 tasi yangi maktab, 229 tasi qo‘shimcha bino) maktablarga berilishi natijasida qo‘shimcha 224 mingdan ortiq o‘quvchi o‘rinlari yaratilgan.

2019-2020 o‘quv yilida maktablarda jami 6,16 mln. nafar o‘quvchi tahsil oladi. Bu esa o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 338,56 ming nafar o‘quvchi ko‘p deganidir.

620 ming nafardan ortiq o‘quvchi ilk bor 1-sinfga qadam qo‘ydi.

XS
SM
MD
LG