Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:31

“Umid Avto Lizing” shartnomani bajarmadi, avtomobillarni ba’zi mijozlarga yetkazib bermadi


“Umid Avto Lizing” saytidan olingan surat
“Umid Avto Lizing” saytidan olingan surat

“Umid Avto Lizing” MChJ bilan shartnoma tuzib, boshlang‘ich to‘lovni to‘lagan mijozlar qariyb bir yil o‘tgan bo‘lsa ham shartnomadagi avtomobilni ololmayapti.

Bu haqda Toshkent va Termiz shahridan Ozodlikka shikoyat qilgan mijozlarning aytishicha, shartnoma muddatida avtomobil yetkazib berolmagan “Umid Avto Lizing” MChJ to‘langan pulni qaytarib berishni ham paysalga solmoqda.

“Umid Avto Lizing” MChJ mulozimi, bunday holatlar borligini inkor qilmas ekan, shartnoma shartlarini nima sababdan bajarmaganini izohlamadi.

“Umid Avto Lizing” Ozodlik bilan 14 avgust kungi suhbatdan 1 soat o‘tiboq toshkentlik mijozga pulini qaytarib berdi, termizlik mijozga esa, uch kunda to‘lashni va’da qildi.

Toshkent shahrining Mirobod tumanida yashaydigan harbiy pensioner, 64 yashar Sodiq Guchiyevning Ozodlikka aytishicha, u o‘tgan yilning 2 dekabrida “Umid Avto Lizing” MChJdan 150 kunda olish sharti bilan “Neksiya-3” avtomobilini lizingga olish haqida shartnoma tuzgan:

- Menga direktorning o‘zi 150 kunda mashinangizni olib beramiz, deb aytdi. Hech qachon buncha uzoq cho‘zilmagan, uzog‘i bilan uch oyda olib qolishingiz ham mumkin, dedi. Shartta boshlang‘ich to‘lov 34 million 750 ming so‘mni to‘ladim. Besh yilga shartnoma tuzdik. Qolganini oyma-oy to‘lab borish, besh yildan so‘ng mashina meniki bo‘lishi kerak, edi. Martda kelsam, aprelda keling, dedi. Aprelda mayda, dedi. Keyin kelaversam, 150 ish kuni 7 oyu 20 kun bo‘ladi, o‘shanda chiqadi, dedi. Sakkiz oy ham o‘tdi, to‘qqiz oy ham o‘tdi.

Sodiq Guchiyevning aytishicha, u kelishilgan muddatda mashinani ololmaganidan so‘ng, pulini qaytarib berishlari haqida ariza yozgan:

- Keyin ular menga siz ariza yozgan kundan boshlab yana qirq ish kuni kutasiz, shu davr mobaynida biz pulingizni qaytaramiz, dedi. Bular meni rosa boplashdi. Bu davr ichida mening qancha asab tolam uzildi, qancha ovora-sarson bo‘ldim. 9 oy pulimni aylantirib, hech narsa bermadi.

Termiz shahridan Ozodlikka murojaat Zuhra Odinayevaning aytishicha, uning o‘g‘li Javohir Olimov nomiga Neksiya-3 avtomobilini lizingga olish uchun boshlang‘ich to‘lovni qilganiga o‘n oy bo‘lgan:

- O‘tgan yilning 23 oktabr kuni shartnoma qilgan edik, uch yilga. Boshlang‘ich to‘lov, 34 million 750 ming so‘mni to‘ladik. Olti oy o‘tganda telefon qilishdi, zavoddan moshin chiqmayapti, xohlasangiz pulingizni qaytarib beramiz, faqat shartnoma muddati tugamasdan olganingiz uchun 7,5 million so‘m ushlab qolamiz, dedi. Yo‘q, kutaman dedim. Mana shartnoma muddati ham tugaganiga 3 oy bo‘ldi. Na pulni qaytarishadi, na mashina berishadi. Har oy bir gap: opa sabr qiling, yanagi oy chiqadi, deb aldaydi. Prokuraturaga murojaat qildim, jimjitlik. Keyin 1 million 400 ming so‘m to‘lab sudga berdim. Sudga “Umid Avto Lizing” MChJ vakili kelmadi. Hozircha shunday turibdi.

Zuhra Odinayeva Termiz shahrida lizingga pul to‘lab na mashina ololgan, na pulini qaytarolgan yana to‘rt mijozning sarson bo‘lib yurganini iddao qildi.

“Umid Avto Lizing” MChJ ish yurituvchisi Abdumannop Abdurahmonov 14 avgust kuni Ozodlik savollariga javob berar ekan, shartnoma muddati bo‘yicha avtomobil yetkazib berilmaganlik holatlari bo‘lganini inkor qilmadi:

“Yuztadan bitta-ikkita bo‘lib qolishi mumkin. Ular bizlardan "Ravon" so‘rashyapti. U - navbati katta mashina. Sabr qilsa hammasi oladi. Butun respublika bo‘yicha yetkazib berganmiz. Agar shartnoma muddatida mashinani yetkazib berolmasak, bizga pulini qaytarish to‘g‘risida ariza yozsa uch ish kunida qaytarib beramiz".

Abdumannop Abdurahmonov arizachilarning ism-familiyalarini yozib olib, bu masalani tekshirib ko‘rishini aytdi.

Mulozim bilan Ozodlik suhbatidan bir soat o‘tganidan so‘ng, Sodiq Guchiyev kunning ikkinchi yarmida uning puli to‘liq plastik kartochkasiga tushirib berilganini aytar ekan, uni 9 oy sarson qilgan “Umid Avto Lizing” MChJni baribir sudga berishini aytdi:

“Men ulardan ko‘rgan moddiy va ma’naviy zararimni kim qoplab beradi? Men to‘lov qilganimda dollar kursi 8240 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, bugun 9040 so‘m. Men dollarni so‘m qilib to‘lagandim. Meni qancha ovorayu sarson qilganichi? Qancha azob berganini, qancha nervimni yo‘qotganimni kim to‘laydi? Qo‘lingdan kelsa, lizingchilik qilgin, kelmasa, sodda odamlarni aldab qiynama! Hozir sanatoriydaman, Toshkentga qaytsam, sudga beraman!”

Termizlik Zuhra Odinayeva ham, 14 avgust kuni soat 18 larda “Umid Avto Lizing” dan qo‘ng‘iroq qilishib, u to‘lagan pul uch kun ichida plastik kartochkasiga o‘tkazilib berilishiga va’da berilganini aytdi:

“Men ularga naqd pul to‘lagan edim. Agar bu pulim bankda turganida edi uch million so‘mdan ko‘p foiz berardi. Bular sodda odamlarning pulini olib, aylantirishib, endi plastik kartochkaga tushirib berishmoqchi, menga hech bo‘lmasa naqd pulimni qaytarib berishsin!”

XS
SM
MD
LG