OzodTarmoq - Ozodlikning yangi rukni. Unda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan, Ozodlik tinglovchisi (o‘quvchisi, tomoshabini) qiziqishini uyg‘otishi mumkin matn, audio va videolarni berib boramiz.
OzodTarmoq ruknida berilayotgan materiallarda voqea-hodisalarga berilayotgan baholar mutlaqo mualliflar pozitsiyasidir. Mualliflar pozitsiyasi Ozodlik pozitsiyasiga mos kelmasligi mumkin.
OzodTarmoqning bugungi sonida bloger Nurbek Alimovning Feysbukdagi "Adabiyot manzaralari jurnali" guruhida 12 avgust kuni e’lon qilgan qilingan postini e’tiboringizga havola qilayapmiz. Matn tahrirsiz berilmoqda. Stilistika va imlo muallifniki.
***
Puli yo‘qni yashashga ham xaqqi yo‘q
Bundan bir xaftacha oldin, yangilik saytlarida "Endi davlat amaldorlari sog‘lig‘i xolatiga qarab Germaniya, Rossiya va Janubiya Koreyada davlat xisobidan bepul davolanadi" degan xabarlar chiqqan edi. Bunga ko‘pchilik e’tibor bermadi. Chunki menimcha o‘sha xabarlar tezda o‘chirib tashlandi. (men ham qidirib topa olmadim, lekin aniq ko‘rgan edim, kim bilsa linkini tashlang tikib qo‘yaman)
Xar kuni qanchadan qancha insonlarni e’lonlari chiqadi, og‘ir dardga chalingan farzandini davolatish uchun pul yig‘ish uchun xalqdan yordam so‘rashadi. Ichim eziladi...
Hatto O‘zbekistonda mashxur bo‘lgan, ko‘rsatuvlari davlat siyosati darajasida bo‘ladigan jurnalist Sherzod Qudratxo‘jayevni ham o‘z profilida, kimningdur kasal farzandini og‘ir darddan halos bo‘lishi uchun odamlardan, xalqdan pul yig‘ishga chaqirilgan postini ko‘rib g‘alati bo‘lib ketgan edim...
Nega jurnalist o‘z ko‘rsatuvlarida bu muammolarni ko‘tarmaydi? Qayoqqa qarab ketyabmiz? Xo‘p bitta odamga yordam berarmiz, bor ana 10 ta 100 ta odamga yordam berarmiz. Lekin qachongacha? Davlat tomonidan fondlar tashkil qilinib, massoviy qamrab olinsa bo‘ladigan sug‘urta tizimlari yaxshi ishlamasa, shu bemorlarga uni muxofaza qilishi kerak bo‘lgan davlatning klinikalarida "Endi buyog‘i xudodan" "Xindistonga borib kelish kerak" "Chiqmagan jondan umid..." "Puldan qanaqasizlar?" deb turilsa... Bilmadim nima qilish kerak...
Lekin aniq bilaman, xalqdan pul yig‘ib bemorni davolashga urinish uzoq foyda bermaydi va effektiv emas, garantiyasi ham yo‘q. Buni marhum shoira Baxtiniso voqeasida xam ko‘rdik. 30 ming dollar yig‘ish kerak deyildi, 20 ming yig‘ildi, qiz o‘ldi, hamma unutdi...
Biz na bir toza kapitalistik va na bir sotsialistik davlatmiz. Hamma ishni "yorib" qo‘yayotgan amaldorlarimiz uchun sotsialistik tizim (davolanishga tekin sotsial imtiyozlar marhamat) Xalq manfaati uchun esa kapitalistmiz (puling yo‘q bo‘lsa o‘lib ketor uka)
Iqtisodimizda davlatda richag bo‘lishi uchun fermerlik tizimida majburlab davlat xohlagan narsa ektiriladi, majburiy mehnat esa ommaviy hashar pardasiga o‘raladi - bu davlat foydasiga yana sotsializm. "Energoresurslar narxini erkin bozor belgilab bermasa bo‘lmaydi" deb gaz svetni narxini oshirib qo‘yadi, seni Arteldan chiqadigan elektr xisoblagich olishga majbur qilib qo‘yadi, mana bu esa xalq uchun kapitalizm sistemasi.
Agar ertaga, sog‘liqni saqlash vaziri, sog‘ligini tiklash uchun Germaniyaga ketibdi deb eshitsangiz ajablanmang, axir sotsial imtiyozlar davlat uchun. Siz esa bolangizni davolash uchun qarindosh urug‘dan qarz ko‘taring, internetdan hayriya so‘rang, ota uyini soting, chunki bu yerda siz uchun kapitalistik tizim xukmron, puli yo‘qni yashashga xam xaqqi yo‘q...
Nurbek Alimov