Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:19

Buxoroning UNESCO himoyasidagi hududida kafe qurish rejasi norozilikka sabab bo‘lmoqda


Qurilishi rejalangan kafe tasviri.
Qurilishi rejalangan kafe tasviri.

Buxorolik 34 yashar restorator Saidjon Maqsudov Buxoroning Bahouddin Naqshband va Mehtar Anbar ko‘chalari kesishmasida kafe qurishga shahar hokimidan izn oldi.

Bu kafe qurilishi madaniyat arboblari va mahalliy blogerlarning jiddiy tanqidiga nishon bo‘ldi.

Bu rejaga e’tiroz bildirayotganlar¸ UNESCO himoyasidagi hududda har qanday yangi qurilish taqiqlangani va qurilajak kafe besh asrlik Nodir Devonbegi madrasasi landshaftini buzishini aytmoqda.

Xususan¸ asli buxorolik bloger Umid G‘afurov hozir bog‘ bo‘lib turgan bu sahndagi daraxatlar kesilishidan ham xavotir bildirdi. Restorator Maqsudovning o‘zi Ozodlik bilan 30 iyul kungi suhbatda “kafe yengil konstruksiyali qurilma ekanligi” va qadimiy obidadan 7 metr uzoqda qurilishini ta’kidladi.

Buxorolik 34 yashar restorator Saidjon Maqsudov
Buxorolik 34 yashar restorator Saidjon Maqsudov

Fransiyaning Parij shahridagi “Buxoro” va “Kalinka” restoranlarini yaratganini ta’kidlagan Maqsudov “Buxorodagi kafening milliy koloritiga uyg‘un bo‘lishini” aytib¸ kafening dizaynerlar yaratgan tasvirlarini Ozodlikka taqdim qildi.

Buxoro shahar hokimligi mutasaddisi Ozodlik bilan suhbatda¸ bu yer uchastkasi 2018 yilning 26 avgustidagi 2702-raqamli hokim qarori bilan tadbirkorga qonunan berilganini aytdi.

Hokim qarori Ozodlikda mavjud.

Qarorda “O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 19 maydagi PK-2980 sonli Buxoro shahrining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” qarori ijrosini ta’minlash maqsadi ko‘zlangani aytiladi.

Buxoro shahar hokimligi mulozimiga ko‘ra¸ ayni ko‘chada Maqsudovning ota hovlisi bo‘lgan:

- Shu ko‘chada Maqsudovning ota hovlisi bor edi. Bu hovli davlat extiyoji uchun olib qo‘yilgan edi. O‘rniga o‘rin qilib 120 kv.metr yer uchastkasi berildi. Lekin bu uchastkaga ko‘p qavatli uy qura olmaydi. Obidalarga zarar bermasligi kerakliigi ham tushuntirildi¸ deydi mulozim.

Restorator Maqsudov Ozodlik bilan suhbatda bu yerda qahvaxona va turistik axborot markazi tashkil qilinishini aytadi:

- Eng muhimi- turistlar uchun hojatxona bo‘ladi. Bilasiz¸ Buxoroda bu qanday muammo¸ deydi tadbirkor.

Бухоролик 34 яшар ресторатор Саиджон Мақсудов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:47 0:00
Бевосита линк

Daraxtlar kesiladimi?

Bloger Umid G‘afurov e’tiroziga ko‘ra¸ Nodir Devonbegi madrasasi ortidagi bog‘ umumiy manzaraning ajralmas qismi va bu daraxtlarning kesilib o‘rniga “shubhali kafe” qurilishi maqsadga muvofiq emas. G‘afurovga ko‘ra¸ kafe binosi uchun qaziladigan yerto‘la qadimiy obidaga zarar keltirishi mumkin.

Restorator Saidjon Maqsudov Ozodlik bilan suhbatda “bironta daraxt kesilmasligi va yerto‘la qazilmasligiga va’da berdi:

- Ikki yil kurashdim shu yer uchastkani olish uchun. Men xuddi bloger G‘afurov singari Buxoro farzandiman. Qadimiy daraxtlarni kesadigan darajada yovuz emasman. Parijda restoran ochgan odam nega o‘z yurtida ocholmaydi¸ deydi suhbatdosh.

Asli kabi qolsin...

Buxoro haqidagi turkum kartinalari muallifi¸ taniqli rassom Vyacheslav Oxunov Ozodlik bilan suhbatda Nodir Devonbegi ortidagi maydon asli kabi qolishi zarurligini bildirdi:

- Devonbegi madrasasi ortidagi daraxtzor umumiy manzaraning bir qismi. Uni “go‘zallashtirish”ga umuman hojat yo‘q. Karimov davrida shakllangan ertaksimon¸ har-hil bachkana arkalardan iborat eklektik kitchni tiqishtirishning umuman keragi yo‘q. Bu husnbuzar qurilmasligi kerak. Agar restorator vatanparvar bo‘lsa¸ Buxoro markazidan uzoqda obodonchilik ishlarini olib borsin¸ deydi rassom.

Buxoro viloyat Madaniyat boshqarmasi xodimining Ozodlikka aytishicha¸ ayni joyda 15 yil oldin ham qandaydir yemakxona mavjud bo‘lgan.

- Sovet davridagi kafe edi. 15 yil oldin buzib tashlandi. Daraxtzor xiyobon bo‘lib turibdi. Oldinroq Gulnora Karimova shu yerda ko‘p qavatli mehmonxona qurmoqchi edi. Ammo MXX raisi Rustam Inoyatov qarshilik qilib saqlab qolgan bu joyni. Ko‘p qavatlik bino tepasidan turib prezidentga suiqasd qilish mumkin¸ degan vaj keltirishgan. YuNESKO bu joyga balandligi 2 metrdan oshmagan qurilma qurishga qarshi emas¸ deydi mulozim.

Rassom Vyacheslav Oxunov avvaliga kichkina deb iddao qilingan kafening “o‘sib¸ tarvaqaylab” ketishidan xavotir bildirdi:

-To‘xtatish kerak hali boshlanmasdan. Oldin bir qavat quradi. Keyin ustiga yana bir qavat¸ tagiga podvol kavlaydi. Yonida shashlikxona. Bunday holatni ko‘p ko‘rdik¸ deydi rassom.

Kafe qurilishi rejalangan joyning bugungi ko‘rnishi
Kafe qurilishi rejalangan joyning bugungi ko‘rnishi

O‘zbekiston Madaniyat vaziri Bahtiyor Sayfullaev 2018 yiili Ozodlik muxbiri bilan suhbatda mamlakat bo‘yicha 259 ta ob’ekt jiddiy tarzda shikastlangani va bularning ko‘piga ularga yondosh qilib qurilayotgan inshootlar zarar berganini aytgan edi.

Ortida kafe qurilishi mo‘ljallanayotgan Nodir Devonbegi madrasasi Labi hovuz ansamblining bir qismi sifatida 1993 yilda YuNESKOning Dunyo madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Madrasa 1622 yilda Imomqulixonning vaziri¸ o‘zbek urug‘larining qudratli vakili sifatida tarixda qolgan Nodir Devonbegi tarafidan qurilgan.

XS
SM
MD
LG