Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:46

IIB boshlig‘i 50 daraja issiqda fermerlarni ikki soat avtobus ichiga qamab qo‘ydi (VIDEO)


Jazirama issiqda Kasbi tumani IIB boshlig‘i fermerlarni avtobusga qamayotgan payt.
Jazirama issiqda Kasbi tumani IIB boshlig‘i fermerlarni avtobusga qamayotgan payt.

Qashqadaryo viloyati, Kasbi tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Chori Ko‘charov, o‘zi bosh bo‘lib o‘tkazgan seminarda o‘ndan ortiq fermer va mirobni jaziramada turgan avtobus ichiga ikki soat qamab qo‘ydi.

Fermerlarning aytishicha, paxtaga ortiqcha suv qo‘ygan fermer va miroblarni IIB boshlig‘i shu tariqa jazolagan.

Seminar dalaga qanday qilib va qancha go‘ng solish, suvni me’yorida ishlatish mavzusiga bag‘ishlangan.

Seminarga bormagan yoki o‘zi o‘rniga ish boshqaruvchisini jo‘natgan fermerlarni olib kelish uchun IIB boshlig‘i organ xodimlarini jo‘natgan.

Kasbi tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari Ozodlik savollariga javob berishdan bosh tortdi.

Қашқадарёда ИИБ бошлиғи жазирамада фермерларни икки соат автобусга қамаб жазолади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:31 0:00

Kasbi tumani IIB boshlig‘i Chori Ko‘charov 14 iyul kuni qoq tush payti Manzura Hamroeva fermer xo‘jaligi dalasida tashkil etgan seminarda o‘ndan ortiq fermer va mirobni avtobusga qamab jazolagani haqida fermerlarning o‘zlari Ozodlikka xabar berdi.

“Nabiev Cho‘li Nabievich” fermer xo‘jaligi rahbari Zoirjon Nabievning Ozodlikka aytishicha, IIB boshlig‘i paxtaga ortiqcha suv qo‘ygani uchun uning qo‘liga kishan solib, jazirama oftobda turgan avtobusga qamagan:

- Dublikat suv qo‘ygansan¸ deb shunday qildi. Birinchi suvimiz oxirigacha yetib bormay to‘xtab qolgan edi. Shuning uchun to‘liq sug‘orilsin¸ deb suv qo‘ygan edik. Seminar boshlanishi bilan militsiya boshlig‘i nega dublikat suv qo‘yding deb, baqirdi. Keyin qo‘limga kishan urib, boshqa fermer va miroblar bilan ichi qaynab yotgan avtobusga chiqarib qo‘ydi. Ikki soat o‘sha yerda o‘tirdik. Keyin ichki ishlar bo‘limiga olib bordi-da, tilxat yozdirib olib, javob berdi.

Hudud mirobi To‘ychi Oltiboev ham qo‘liga kishan solingan holda IIB boshlig‘i tomonidan xo‘rlanganini aytadi:

- Seminar boshlanishi bilan bosh mirob ikkimizni melisalar olib chiqib ketdi. Bizning gapimizni ham tinglagani yo‘q, xodimlariga “ol, tut” deb baqirdi, birdan qo‘lga kishanni urib avtobusga olib bordi. Izimizdan to‘qqiz fermer o‘zi yo‘q uchun, ularning ish boshqaruvchilarini olib kelib avtobusga tiqib qo‘yishdi. Tashqarida 50 daraja issiq, avtobusning ichi esa yonib yotibdi. Ikki soat ana shunday qiynoqqa soldi, bizni. Tashqariga chiqqani ham qo‘ymadi. U yerda fermerdan melisa xodimlari ko‘p edi. Ko‘rgan odam, fermerlar emas, melisalar seminari bo‘layapti, deb o‘ylagan bo‘lardi.

Fermer¸ IIB boshlig‘i bu hududda sektor rahbari bo‘lgani uchun, fermerlarni istaganicha kamsitayotganini qo‘shimcha qildi.

Ozodlikka fermerlar yuborgan videoda organ xodimlarining fermerlarni avtobusga olib tiqayotgan lahzalar aks etgan.

Videoda gapirayotgan odam, IIB boshlig‘i sal narida fermerlarga dalaga go‘ng soldirayotganini aytadi.

Boshqa bir videoda “Novot Niyoz” fermer xo‘jaligi rahbari 56 yashar Akramjon Novotovning uni majburan seminarga olib ketishga ikki mashinada kelgan organ xodimlari bilan aytishuvi yozilgan.

Videoda organ xodimining seminarga bormagani uchun fermerni so‘roq qilgani ko‘rinadi. Akramjon Novotov dalasida ish bilan band ekanligini, bemahal seminarga borishga vaqti yo‘qligini, o‘rniga ish boshqaruvchisini jo‘natganini aytadi. Bu gapga javoban IIB xodimi seminardan qolish uchun IIB boshlig‘idan ruxsat olishi shartligini aytadi.

2003 yildan beri ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi tashkil qilgan Akramjon Novotov qariyb 10 tonna arpasining IIB boshlig‘i buyrug‘i bilan tortib olinganini aytadi:

- 16 yildan buyon fermerman. Paxta va g‘alla rejalarini doim ortig‘i bilan bajarib kelganman. Maqbullashtirish ortidan yerim 200 gektar bo‘ldi. Xo‘jaligimni ko‘ptarmoqli qildim. 2018 yilda bankdan 117 ming AQSh dollari kredit olib Ukrainadan 69 bosh qizil-ola mol olib keldim. Bu chorvaga ozuqa kerak. Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, almashlab ekish dasturi bo‘yicha mening 20 gektar yerga boshqa ekinlar ekish huquqim bor. Bu yil chorvaga yem uchun 5 gektar yerga arpa ekkan edim. Arpa pishdi, hokim kombayn berdi. Lekin organ xodimlari bor 10 tonna arpamni olib ketib, don qabul qilish punktiga topshirib yubordi. O‘zimning ustimdan esa ma’muriy protokol qilib sudga chiqardi, ammo sud qaytardi. Hozir bu ma’muriy ish ochiq turibdi. Organ xodimlarining fermer ishlariga aralashishiga nima haqqi bor? Biz o‘zimiz qachon suv qo‘yishni, qachon go‘ng solishni yaxshi bilamiz, o‘rgatmagani endi shular qoluvdi.

Fermer¸ 2018 yilda IIB bo‘limi boshlig‘i Chori Ko‘charov dala shiyponini terimga tayyorlay olmagani uchun o‘zini haqorat qilganida, prezident virtual qabulxonasiga shikoyat qilganini eslatib o‘tadi:

- Shundan so‘ng IIB boshlig‘i ustidan xizmat tekshiruvi bo‘ldi. O‘shaning natijasida bu kishining yuragida menga nisbatan alamzadalik qolgan. O‘zi, ikki o‘rinbosari va uchastka noziri menga qarshi shay turibdi, imkoni bo‘lsayu kallamni uzib tashlasa.

Kasbi tumani IIB boshlig‘i Chori Ko‘charovning mobil telefoni kun davomida o‘chirilgani bois, 19 iyul kuni u bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Ozodlik bilan telefon suhbati boshida o‘zining IIB boshlig‘i o‘rinbosari Oybek Safarov ekanini tasdiqlagan mulozim¸ Ozodlik so‘zini eshitishi bilan¸ “men boshqa odamman” deb, aloqani uzdi.

XS
SM
MD
LG