Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:21

Allamjonov London konferensiyasini o‘zbek matbuoti 4-hokimiyatga aylanishiga ishontirishga urindi (VIDEO)


Komil Allamjonov va uning jamoasi Londonga kelgan bo‘lsa-da¸ anjuman ishtirokchilariga uning Toshkentda yozib olingan videomurojaati taqdim etildi.
Komil Allamjonov va uning jamoasi Londonga kelgan bo‘lsa-da¸ anjuman ishtirokchilariga uning Toshkentda yozib olingan videomurojaati taqdim etildi.

Matbuot erkinligi bo‘yicha London global konferensiyasida qatnashayotgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komil Allamjonov 10 iyul kuni anjuman qatnashchilariga murojaat qildi.

O‘z murojaatida Toshkent hukumatining matbuot bo‘yicha yuqori darajali amaldori Mirziyoev hukumatining matbuotni 4-hokimiyatga aylantirish yo‘lidan ortga qaytmasligi¸ faqat "olg‘a borishi"ga ishontirishga urindi.

Mirziyoev hokimiyatga kelganidan keyin o‘zbek matbuotida ayrim ijobiy o‘zgarishlar bo‘lganini e’tirof etgan xalqaro tashkilotlar¸ xususan¸ Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti¸ O‘zbekistonni matbuot erkinligi bo‘g‘ilayotgan yigirmalikda qoldirdi.

O‘zbek matbuotining poetik tasviri?

O‘zbek tilida o‘qilib¸ ostida inglizcha subtitr berilgan 4 minutlik chiqishining bir munutini Komil Allamjonov o‘zini tanishtirish¸ qilgan ishlarini sanab o‘tishga bag‘ishladi.

Shundan so‘ng o‘zbekistonlik media mutasaddisi mamlakatda keyingi “uch yil ichida boshlangan jadal islohotlar axborot maydonining ham birdaniga jonlanishiga olib kelgani” haqida gapirishga o‘tdi.

Matbuot uchun yopiq eshiklar ochilib¸ jurnalistlar ham go‘yoki uzoq qishki uyqudan seskanib uyg‘ongandek bo‘ldi”¸ deya majoz qildi O‘zbekiston rasmiysi.

Yillar davomida qotib qolgan tizimni qayta modernizatsiya qilgan holda yurgazib yuborish uchun¸ avvalambor prezident Shavkat Mirziyoevning siyosiy irodasi va katta kuch kerak bo‘ldi”¸ dedi matbuot erkinligi global konferensiyasi qatnashchilariga taqdim etilgan videomurojaatida Allamjonov.

Allamjonov tilga olgan qaror qachon qabul qilingan?

Allamjonov Matbuot va axborot agentligining prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga aylantirilib¸ unga katta vakolatlar berilganini aynan shu jarayonni tezlatish maqsadida qilingan ish sifatida taqdim etdi.

Allamjonov iddaosicha¸ o‘zi va prezidentning to‘ng‘ich qizi rahbarlik qilayotgan bu agentlik “ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash¸ jurnalistlarni himoya qilish va ular savodxonligini oshirish mexanizmlarini yaratishni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘ygan”.

Bu maqsadga yetish uchun maxsus yo‘l xaritasi ishlab chiqilganini ayta turib Allamjonov¸ "prezident qarori bilan davlat organlari axborot xizmatlari¸ shuningdek¸ matbuot kotiblarining mavqei idora rahbarining o‘rinbosari darajasiga tenglashtirildi”¸ deya bayonot berdi.

Biroq Allamjonov xalqaro jamoatchilikka qabul qilingani haqida 10 iyul kuni bayonot bergan bu qarorning qabul qilinganiga oid biror rasmiy ma’lumot 11 iyul kuni ochiq manbalardan topilmadi.

Joriy yil 29 may kuni Toshkentda o‘tkazilgan “OAV sohasida milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishning dolzarb masalalari” mavzuida konferensiyada prezidentning to‘ng‘ich qizi¸ Allamjonovning o‘rinbosari Saida Mirziyoeva:

Davlat hokimiyati va boshqaruvi, xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlarning jamoatchilik bilan aloqalarini tubdan takomillashtirish hamda axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorini qabul qilish taklifi ilgari surilmoqda. Unda ilk bor axborot xizmatlarining asosiy vazifalari, vakolatlari, majburiyatlari, matbuot kotiblarining tashkilotdagi o‘rni va maqomi, moddiy-texnik va moliyaviy ta’minoti, shart-sharoitlari, malaka oshirish imkoniyatlari tubdan yaxshilanib, huquqiy kafolatlanmoqda“¸ degan edi.

Muallifi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bo‘lgan bu qaror loyihasi 24 maydan 10 iyungacha regulation.gov.uz saytida muhokamaga qo‘yilgan edi.

Na prezident qarorlarini e’lon qiluvchi O‘zbekiston milliy agentligi sayti va na qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida bu qarorning qabul qilingani yoki kuchga kirgani haqidagi ma’lumotni 11 iyul kuni topishning imkoni bo‘lmadi.

"Eski to‘siqlar olib tashlandi". Yangilari haqida gapirilmadi

Matbuot erkinligi bo‘yicha London global anjumani qatnashchilariga atalgan vidoemurojaatida Allamjonov “O‘zbekistonda uzoq yillar davomida yopiq bo‘lgan bir qator xorijiy axborot resurslari va huquqni muhofaza qilish tashkilotlari veb-saytlariga to‘liq kirish imkoniyati tiklandi”¸ deya bayonot berdi.

Allamjonov joriy yilning 10 may kuni Amerika ovozi, BBC Uzbek, Deutsche Welle, Amnesty International, Human Rights Watch, Fergana Agency kabi bir qator veb-resurslar hamda saytlar to‘liq ochila boshlagani haqida xabar tarqatgan edi.

Ayni paytda¸ YXHTning matbuot erkinligi bo‘yicha vakili Arlem Dezir bu xabar ortidan Allamjonovga Twitter orqali murojaat qilib¸ bu ro‘yxatda Ozodlik radiosi yo‘qligiga ishora qilib¸ "Ozodlik sayti ham tez orada to‘siqdan chiqarilishiga umid bildirgan" edi.

Bu rasmiy tvitga javob qaytargan Allamjonov¸ Ozodlik tahririyatining “noxolis va asosan ishonchsiz materiallarni nashr etishga qaratilgan bir yoqlama va yanglish siyosati jamoatchilik, umuman global auditoriyaning chalg‘ishiga sabab bo‘layotgani”ni iddao qilgan edi.

Hali loyihasi ham yo‘q qonun ko‘z-ko‘z qilindimi?

London anjumanida taqdim etilgan videomurojaatida O‘zbekistondagi matbuot erkinligi va jurnalistlar huquqiy himoyasi kuchayib borayotganini iddao qilishda davom etgan Komil Allamjonov “blogerlar huquqini jurnalistlarga tenglashtirish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjat loyihasi ishlab chiqilayotgani”ni ham o‘z so‘ziga tasdiq sifatida keltirdi.

Mutassadilar tomonidan jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish va ayni vaqtda jurnalistlar uchun qonunda belgilangan jazolarni hamda “haqorat” va “tuhmat” moddalari bo‘yicha jazoni yengillashtirishga yo‘naltirilgan qonun hujjatlari loyihalari ham tayyorlanmoqda”¸ dedi jumladan.

Hozircha bu loyihaning qachon tayyor bo‘lib muhokamaga qo‘yilishi¸ uning qachon qabul qilinishi haqida ma’lumot yo‘q.

"Biz tajribasiz emasmiz!"

Mirziyoev hukumatining O‘zbekistonda demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyati qurish maqsadidan chekinmasligini ta’kidlagan Allamjonov¸ xalqaro hamjamiyatdan joriy Toshkent hukumatiga “qandaydir “ko‘makka ehtiyoji baland va tajribasiz” sifatida emas, balki o‘z imkoniyatlarini yaxshi biladigan va o‘zgarishlarga intilayotgan to‘la huquqli hamkor sifatida qarash”ni so‘radi.

Men bugun davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev jamoasining a’zosi sifatida ishontirib aytamanki, O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalarini amalda “to‘rtinchi hokimiyat”ga aylantirish uchun aniq va qat’iy yo‘l belgilab olingan. Bu yo‘limizdan qaytmaymiz va faqat olg‘a boramiz!”¸ deya yakunladi Toshkentda yozib olingan videomurojaatini Komil Allamjonov.

10-12 iyul kunlari Londonda o‘tayotgan matbuot erkinligi bo‘yicha global konferensiyada qatnashayotgan O‘zbekiston delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov rahbarlik qilmoqda.

Londonda bo‘linadigan "shirinkulcha" - 125 million dollarlik yordam

Buyuk Britaniya va Kanada hukumatlari tomonidan uyushtirilgan konferensiya ishiga matbuot to‘lig‘icha hukumat qo‘lida qolayotgan Shimoliy Koreya¸ Suriya va Venesueladan boshqa barcha davlat rasmiylari taklif etilgan. Ayni paytda¸ global maydonda dezinformatsiya tarqatayotganlikda ayblangan Kreml tomonidan moliyalanadigan Russia Today (RT) va Sputnik agentliklari vakillarining London konferensiyasida qatnashishiga ruxsat berilmadi.

Anjuman yakunida dunyo bo‘ylab matbuot erkinligini kuchaytirish dasturiga 100 million funt sterling (125 million AQSh dollari) mablag‘ ajratilishi kutilmoqda.

Bu dasturda Markaziy Osiyodagi matbuot erkinligini qo‘llab-quvvatlash uchun bir necha million dollarlik maxsus mablag‘ ajratish ham ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda matbuot erkinligi kengayib borayotgani haqida hisob berib¸ bu yo‘ldan faqat "olg‘a borish" haqida gapirgan Toshkent rasmiylariga mazkur dastur doirasida qancha mablag‘ ajratilishi hozircha ma’lum emas.

O‘zbekistondagi matbuot erkinligi haqida mustaqil kuzatuvchilar nima deydi?

Dunyo mamlakatlaridagi matbuot vaziyatini kuzatib kelayotgan Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti (RSF )ning 2019 yilgi matbuot erkinligi hisobotida O‘zbekiston matbuot erkinligi eng ko‘p bo‘g‘ilayotgan davlatlar yigirmaligida qoldi va 180 davlat kiritilgan ro‘yxatning 160-pog‘onasiga qo‘yildi.

2018 yili O‘zbekiston bosh qarorgohi Parijda joylashgan RSF tashkiloti yillik ro‘yxatining 165-pog‘onasiga qo‘yilgan edi. Hisobot mualliflari¸ mamlakat matbuot iqlimidagi ayrim o‘zgarishlarni ijobiy baholagani holda¸ mustaqil xorij agentliklari saytlarining to‘silganicha qolayotgani¸ mustaqil bloger va jurnalistlarning O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘layotganini tanqid qildi.

Freedom House tashkilotining 2019 yilgi erkinliklar vaziyati haqidagi global hisobotida ham O‘zbekiston "erkin bo‘lmagan" davlatlar qatorida qoldirildi.

Mamlakatdagi matbuot erkinligiga baho bergan Freedom House tahlilchilari¸ Karimov o‘limidan so‘ng mahalliy matbuot yoritayotgan mavzular ko‘lami nisbatan kengayganini tan oldi.

Ayni paytda hisobotda¸ mahalliy matbuotning Mirziyoev va yangi hukumat faoliyati haqida tanqidiy yozishga qo‘rqishi¸ O‘zbekistonda Youtube videoportali, Facebook tarmog‘ining tez-tez yopilishini tanqid qildi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG