O‘zbekiston Xalq shoiri Jamol Kamol 10 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilovga ochiq maktub bilan murojaat qildi.
O‘z murojaatida 81 yashar keksa ijodkor Samarqand¸ Urganch va Namangan aeroportlarining hukumatning yashirin qarori bilan Rossiyadagi Novaport shirkatiga berilayotgani xususida o‘z xavotirlarini bildirgan.
5 iyun kuni Ozodlik O‘zbekiston aviatsiya va transport sohasi mutaxassislari¸ shuningdek Novaport shirkati rasmiysi bilan suhbatlar asosida “Samarqand¸ Urganch va Namangan aeroportlari tendersiz asl egalari offshorda bekingan kompaniyaga beriladi” sarlavhali maqola e’lon qilgan edi.
12 iyun kuni Ozodlik bilan suhbatda Jamol Kamol bu kelishuvning tashvish uyg‘otgan jihatlari¸ nega aynan parlament raisiga murojaat qilganiga oid savollarga javob berdi.
- Mustaqil bo‘lganimizdan 27 yil o‘tib ham o‘z aeroportlarimizni o‘zimiz boshqara olmaydigan davlatga aylangan bo‘lsak¸ bu qanday bo‘ldi, deb boshladi Ozodlik bilan suhbatni Jamol Kamol.
Suhbat davomida Xalq shoiri¸ aeroport kabi mamlakat strategik ob’ektlarini xorijiy shirkat¸ xususan¸ Rossiya shirkatlariga berish-bermaslik masalasi parlamentda ochiq muhokama etilishi¸ bunday ehtiyojni ko‘rsatuvchi fakt va dalillar xalqqa taqdim etilishi lozimligini ta’kidladi.