Линклар

Шошилинч хабар
01 июл 2025, Тошкент вақти: 04:41

"Shuhrat Dombrabadskiy" va uning akasi ustidan yarim yil oldin boshlangan yopiq sud to‘xtatildi


Aka-uka Shavkat (chapda) va Shuhratilla Nosirovlar
Aka-uka Shavkat (chapda) va Shuhratilla Nosirovlar

8 may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida sudya Zafar Nurmatov xalq orasida "Shuhrat Dombrabadskiy" nomi bilan tanilgan Shuhratilla Nosirov va uning akasi Shavkat Nosirov ustidan salkam olti oy muqaddam boshlangan yopiq sud jarayonini vaqtincha to‘xtatishga qaror qildi.

Bu haqda Ozodlikka sud jarayonidan xabardor ayblanuvchilar yaqinlari va ayrim guvohlar 15 may kuni ma’lum qildi.

Sud-adliya tizimdagi Ozodlik manbalaridan birining xabar berishicha, Oliy Sud aka-ukalar ishini ko‘rib chiqish uchun Sirdaryo viloyati sudiga 14 may kuni yo‘llagan.

Ularga ko‘ra, sudya Zafar Nurmatovning bunday qarorni olishiga prokuror Baxtiyor Samukovning sudya va sud hay’atining xolisligiga bildirgan ishonchsizligi sabab bo‘lgan.

62 yashar Shuhratilla Nosirov Jinoyat kodeksining 145-moddasining 1-qismi ("Vijdon erkinligini buzish"), 165-moddasi 3-qismining “a” bandi ("Tovlamachilik"), 227-moddasi 2-qismining "a" bandi ("Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish") bilan, uning 63 yashar akasi Shavkat Nosirov esa Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismining "a" bandi ("Tovlamachilik"), 211-moddasi 3-qismining “a” bandi ("pora berish") bilan ayblanmoqda.

Aka-ukalar o‘tgan yil 8 iyunda Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar xodimlaridan iborat maxsus guruh tomonidan Toshkentdagi uyidan olib ketilgani haqida birinchi bo‘lib Ozodlik 26 iyun kuni xabar qilgandi.

Prokuror e’tirozi

Sud jarayonidan xabardor guvohlardan birining aytishicha, aka-uka Nosirovlar ustidan sud hukmi o‘qilishi arafasida "kutilmaganda" prokuror Baxtiyor Samukov sud hay’atiga ishonchsizlik bildirgan.

"Prokurorning sud tarkibiga kutilmaganda raddiya bildirgani uchun uning iltimosnomasi qanoatlantirildi va sud shu joyning o‘zida ajrim chiqarib, ishni tugatdi va "delo Oliy sudga yuborilsin" deb, ajrim chiqardi",- dedi sud yopiq tarzda o‘tayotgani uchun ismi sir qolishini so‘ragan guvohlardan biri.

Ayblanuvchilar yaqinlaridan birining ma’lum qilishicha, prokurorning ishonchsizlik bildirishiga sud raisining qayta ekspertiza o‘tkazish haqidagi prokuror talabini rad qilgani sabab bo‘lgan.

"Prokuror birinchi tergovni tiklashni so‘radi. Keyin sud maslahatga kirib ketdi va iltimosnomani qondirdi. Prokuror keyin qayta ekspertiza o‘tkazish bo‘yicha iltimosnoma kiritdi. Lekin sud bu iltimosnomani rad qilganidan keyin prokuror o‘rnidan turib sudyaga: “Siz oldin sanksiya bo‘yicha apellyatsiyada qatnashgansiz, sizning xolisligingizga menda gumon bor, dedi. Keyin uning hay’atni o‘zgartirish iltimosnomasini sudya qondirdi", dedi ayblanuvchilar yaqinlaridan biri.

Shuhratilla Nosirovning kelini, Shahnoza Nosirova, hukm chiqish arafasida sudning to‘xtatilgani shubhali ekanini aytdi:

- Sudya qamashga asosi yo‘qligini bilardi. Shunga prokuror sudga ishonchsizlik bildirgan. Sudya maslahat xonasiga kirib, prokurorning raddiyasini qanoatlantirgan. Hukmni o‘qimagan. Sudyaning sud zalida qaynatam Shuhrat aka va ularning akalari Shavkat akaga qarab aytgan oxirgi gapi hammaning esida qolgan: "Hammaning oldida vijdonim toza!" Shu gapni aytib, sudya sud zalini tark etgan. Sudyaning bu gapidian bilinib turibdiki, u ayblanuvchilarni oqlamoqchi bo‘lgan, lekin bunga kuchi yetmagan. Qaerdandir bosim bo‘layotgani aniq, - dedi Shahnoza Nosirova.

Avvalroq, sudda ishtirok etgan guvohlarga ko‘ra, prokuror Baxtiyor Samukov aka-uka Nosirovlarning ikkalasigayam o‘n yildan qamoq jazosi so‘ragan, advokatlar ularni butunlay oqlashni talab qilgan, ayblanuvchilar esa qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etgandi.

Aka-uka Nosirovlar ustidan o‘tayotgan sud jarayoni borasida Ozodlik Toshkent shahar sudidan ham, Oliy suddan ham izoh ololmadi.

Yomonotliq qilish kampaniyasi

Aka-uka Nosirovlar hibsga olinishidan uch hafta o‘tib, ya’ni 1 iyulda "O‘zbekiston-24" telekanali ular haqida "Manmanlikning oxirgi bekati" nomli hujjatli filmni namoyish qildi.

YouTube tarmog‘iga joylashtirilgan filmda Shuhratilla Nosirov va uning akasi o‘ta og‘ir jinoyatchi sifatida tasvirlanadi.

Tergov materiallari asosida tayyorlangan mazkur filmda da’vo qilinishicha, aka-uka Nosirovlar Toshkent shahar, Chilonzor tumanidagi "Nosirxon" jome masjidini "muqaddam o‘z hisoblaridan qurdirganliklarini aytib, uni o‘zlarnining shaxsiy mulkiga aylantirishga uringanlar".

"Xususan, bu zo‘ravonlar masjidning muhr va shtampini o‘zboshimchalik bilan qo‘lga kiritib, muhrda mavjud bo‘lgan O'zbekiston Musulmonlari Idorasi so‘zlarini olib tashlagan holda yangi shaklni yasatishgan va masjid nomidan ish ko‘rib kelishgan," deya ta’kidlanadi hujjatli filmda.

Shuningdek, ​aka-ukalarni aybdorlar sifatida taqdim etgan ushbu filmda ularning masjid nomini o‘zgartirishga uringanliklari alohida ta’kidlanadi.

Xolavachcha shikoyati

Aka-uka Nosirovlar ularning xolavachchasi Bahodir Sharopovning huquq-tartibot organlariga qilgan shikoyatidan keyin hibsga olingandi.

Ozodlik qo‘lga kiritgan tergov xulosasidan ma’lum bo‘lishicha, Shuhratilla Nosirov xolavachchasining Do‘mbrobod dahasida joylashgan hovlisini sotish rejasidan g‘azabga kelib, undan uy hujjatlarini kuch bilan qaytarib olgan.

O‘tgan yil dekabrida Ozodlik bilan suhbatlashgan Bahodir Sharopov xolavachchalari uni 2017 yil noyabrida "30 ming dollar oldim" deya tilxat berishga majburlaganliklarini da’vo qilgandi.

- Endi siz Shuhratni bilasizmi? U shofer emas, u magazinchi emas. Tushuntira oldimmi? U avtoritet bo‘lgan odam. Shuning uchun ham unga qarshilik qilishim befoyda edi, - degandi Ozodlik bilan suhbatda Bahodir Sharopov.

Aka-ukalar ko‘rsatmasi

Sud jarayonini boshdan kuzatib kelayotgan guvohlardan birining aytishicha, sud paytida aka-ukalar voqealarning mutlaqo boshqacha manzarasini tasvirlaganlar.

Shuhratilla Nosirov tergov va sud paytida unga e’lon qilingan aybga umuman iqror bo‘lmagan:

"U sudda hech qanday jinoyatga aralashmaganini aytdi. "Bahodir Sharopovga nisbatan hech qachon zo‘ravonlik qilmaganman, u bilan uy masalasida umuman uchrashmaganman, uyimgayam chaqirtirmaganman, masjidgayam faqat juma kunlari qatnaganman, masjid faoliyatiga umuman aralashmaganman, masjidning biron bir hujjatini qo‘limga olmaganman, tergov boshidanoq maqsad bizni aybdor qilish bo‘ldi," dedi," dedi sud jarayonini kuzatgan guvoh.

Shuhratillaning akasi Shavkat ham sud jarayonida qilgan chiqishida ularga qo‘yilgan ayblovni "tuhmat" deya baholagan.

"Shavkat aka bobolari tomonidan qurilgan "Nosirxon" masjidiga faqat qurilish va obodonlashtirish ishlarida yordam berib kelganini, uni o‘ziniki qilib olish maqsadi umuman bo‘lmaganini aytdi. Masjid imomi masjidning hujjatlari yo‘qligini aytib undan yordam so‘ragani uchun masjid hujjatlarini tayyorlaganini aytdi. Masjid pechatini kadastrdagilar talab qilgani uchun qonuniy jamiyatda tayorlagan ekan," dedi guvoh.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Shavkat Nosirov 30 ming dollar berganidan keyingina uning xolavachchasi Bahodir Sharopov "o‘z ixtiyori bilan" bilan uyni sotishga rozi bo‘lgan va oldi-sotdi hujjatiga imzo qo‘ygan.

Yakuni ko‘rinmayotgan jarayon

Sud-adliya tizimdagi Ozodlik manbalaridan birining xabar berishicha, Oliy Sud aka-ukalar ishini ko‘rib chiqish uchun Sirdaryo viloyati sudiga 14 may kuni yo‘llagan.

"Oliy sud deloni kecha Sirdaryo viloyatiga yuborgan. Sababi hozircha noma’lum. Sud qachon qaytadan boshlanadi, kim sud, kim prokuror bo‘lishini hozircha hech kim bilmaydi," dedi sud-adliya tizimidagi Ozodlik manbasi.

Shuhrat Dombrabadskiy

"Shuhrat Dombrabadskiy" hibsga olingan payt
"Shuhrat Dombrabadskiy" hibsga olingan payt

Toshkentliklar orasida "Shuhrat Dombrabadskiy" nomi bilan tanilgan Shuhratulla Nosirov 90-yillarda "o‘g‘irlangan mashinalarni topib beradigan" avtoritet sifatida tanilgan.

U 1993 yili Toshkent shahar sudi tarafidan uyushgan jinoyatchilikda ayblanib, 15 yilga ozodlikdan mahrum qilingan va ikki "raskrutka" bilan jami 23,5 yil qamoqda o‘tirgan.

Dastlabki hukmda ta’kidlanishicha, Shuhratilla Nosirov "avtomobil vositalarini olib qochish, boshqalar mulkini tortib olish, tamagirlik, o‘g‘irlik, mol-mulkka qasddan ziyon yetkazish, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish va qurilish mollarini noqonuniy o‘zlashtirish"da aybdor deb topilgan.

"Shuhrat Dombrabadskiy" 2016 yil 18 avgustda, Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi qarori bilan, muddati tugagani bois qamoqdan ozod qilingan edi.

Ozodlik gaplashgan yaqinlari, qamoqdan chiqqandan keyin Shuhrat Nosirovning "hech kimga qo‘shilmay, osuda" hayot kechirib kelganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG