Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:09

Prezident qahriga endi bank rahbarlari uchradi – og‘zaki buyruq bilan ularning 5 oylik maoshi qaytib olindi


"Har bir oila - tadbirkor" dasturi doirasida berilgan aksar kreditlar kam ta’minlangan oilalarning o‘z tomorqasida chorvachilik bilan shug‘ullanishi uchun ajratilgan.
"Har bir oila - tadbirkor" dasturi doirasida berilgan aksar kreditlar kam ta’minlangan oilalarning o‘z tomorqasida chorvachilik bilan shug‘ullanishi uchun ajratilgan.

Shavkat Mirziyoev 2 may kuni "Har bir oila - tadbirkor" dasturi ijrosi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tijorat banklari rahbarlarining 5 oylik maoshini “davlatga qaytarish”ni buyurdi.

Prezident tashabbusi bilan o‘tgan yili boshlangan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida aholiga imtiyozli kredit ajratishni paysalga solganlikda ayblangan bank sektori rahbarlari shunday jazolandi.

2 may kungi buyruq mazkur yig‘ilishning 13 may kuni Ozodlikka nusxasi yuborilgan rasmiy bayonnomasiga kiritilgan.

2 may kungi videoselektor yig‘ilishining rasmiy bayonnomasi nusxasi.
2 may kungi videoselektor yig‘ilishining rasmiy bayonnomasi nusxasi.

Ozodlik gaplashgan o‘zbekistonlik bir necha huquqshunos¸ prezidentning bu buyrug‘ini mamlakat Mehnat qonunchiligiga zid, deb baholadi.

Ozodlik prezident qaror va buyruqlarining qonunchilikka qanchalik mosligini ekspertizadan o‘tkazadigan tizim mutaxassislaridan bu iddaoga hozircha javob olishga muvaffaq bo‘la olmadi.

"Har bir oila - tadbirkor" dasturi ijrosi tanqidiy tahlil qilindi”

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati 2 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi haqida shunday sarlavha bilan ma’lumot tarqatdi.

Unda yozilishicha¸ 2019 yil 7 martda qabul qilingan prezident qarori bilan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi uchun maqsadli jamg‘armalardan qo‘shimcha 5 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan¸ tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun joriy yilda tijorat banklari orqali barcha hududlarga 6 trillion 200 milliard so‘m yoki 700 million dollardan ziyod resurslar ajratilgan.

Prezident Mirziyoev bank rahbarlarini joriy yilning mart-aprel oylarida yillik mablag‘ning 19 foizinigina aholiga imtiyozli kredit sifatida berib¸ qolganini “yil yakunini kutib¸ ushlab o‘tirganlik”da aybladi.

“Kreditlar ajratish va o‘zlashtirishni jadallashtirish, sektorlar rahbarlari, tijorat banklari va jamoat tashkilotlarining bu boradagi mas’uliyatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi ijrosi joylarda mutlaqo qoniqarsiz tashkil etilgan uchun Respublika komissiyasi rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Markaziy bank hududiy boshqarmalari rahbarlari ogohlantirildi”¸ deyiladi prezident matbuot xizmati tarqatgan xabarda.

Ogohlantirish va topshiriqlar nimadan iborat?

Rasmiy ma’lumotda ochiqlanmagan bu savolga Ozodlikka yuborilgan videoselektor yig‘ilishi bayonnomasidan javob topish mumkin.

Markaziy bank raisi (Nurmuratov) respublika tijorat banklari rahbarlarining 5 oylik ish haqini hamda Markaziy bankning Andijon viloyat bo‘limi boshlig‘ining 1 yillik ish haqini davlatga qaytarilishini hamda ushbu mablag‘larning maqsadli ravishda bolalar uyiga o‘tkazib berilishini ta’minlasin”¸ deyiladi nusxasi Ozodlikka yuborilgan yig‘ilish bayonnomasining 2-bandida.

Ozodlik gaplashgan O‘zbekistondagi bank tizimining bir necha mulozimi bu bayonnomaning haqiqiyligi va prezidentning videoselektorda bergan bu buyrug‘i ijrosi ustida ish boshlanganini tasdiqladi.

O‘zbekiston Markaziy banki rasmiy saytida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra¸ 2019 yilning 1 apreliga qadar holatda mamlakatda 29 ta tijorat banki ro‘yxatga olingan va ulardan 13 tasi davlat ulushi bo‘lgan banklardir.

Bayonnomaning Ozodlik ko‘rgan qismida¸ prezident bergan jazoning mamlakatdagi barcha 29 tijorat banki rahbari¸ yoki faqat davlat ulushi bo‘lgan 13 tijorat banki boshlig‘iga tegishli ekani aniqlashtirilmagan.

Ozodlik 13 may kuni O‘zbekiston Markaziy banki Matbuot xizmatidan bu bayonnoma yuzasidan izoh olishga muvaffaq bo‘la olmadi.

“Prezident buyrug‘i mamlakat qonunchiligiga zid”mi?

2 may kungi yig‘ilish bayonnomasining tijorat banklari rahbarlarining 5 oylik ish haqi¸ Markaziy bankning Andijon viloyat bo‘limi boshlig‘ining esa, bir yillik maoshini davlatga qaytarishga oid qismi¸ Ozodlik gaplashgan uch nafar advokat aytishicha¸ ma’muriy qonunchilikka ziddir.

Prezidentni qonunni buzganlik uchun tanqid qilish oqibatidan cho‘chigan bu huquqshunoslar o‘z shaxslari ochiqlanmasligini istadilar.

Bu bayonnomada davlat ulushi bo‘lgan tijorat banki rahbarlari nazarda tutilayotgan bo‘lsa¸ bu holda davlat ish beruvchi bo‘ladi va u mehnat shartnomasiga amal qilmagan xodimlariga intizomiy jazo berishi mumkin. Lekin bu jazo¸ Mehnat kodeksiga ko‘ra¸ oylik ish haqining 50 foizidan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Prezident bitta og‘zaki buyruq bilan ularning 5 oylik¸ hatto 1 yillik oyligini qaytib olasan¸ deyapti. Prezident jahl ustida shunaqa jazo berishi mumkin¸ lekin bu jazo rasmiy bayonnomaga kiritilishidan oldin huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi kerak. Kimdir qo‘rqoqlik qilib¸ prezidentga bu jazoning qonunga zid ekanini aytolmagan bo‘lsa¸ bu qonun ustuvorligi garanti bo‘lgan prezident obro‘siga ziyon yetkazadi”¸ deydi Toshkentdagi yirik advokatlik xizmati huquqshunosi.

Bu mavzu bo‘yicha bir-biridan mustaqil tarzda gapirgan mutaxassislar Mehnat kodeksining 164-moddasi va undagi “ish beruvchiga yetkazilgan zararni qoplash” qismini tilga oldilar.

“Mehnat haqidan ushlab qolish” deb nomlangan bu moddaning 5-6-qismida:

xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan zararni qoplash uchun, agar yetkazilgan zararning miqdori xodimning o‘rtacha oylik ish haqidan ortiq bo‘lmasa; ushbu Kodeksning 181-moddasi birinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan jarimani undirish uchun” xodimning roziligidan qat’i nazar, mehnat haqidan ushlab qolinadi”, deb ëzilgan.

Mehnat kodeksi 181-moddasi 2-bandida esa¸ “xodimga mehnat intizomini buzganligi uchun ish beruvchi hayfsan va o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda jarima” solish kabi intizomiy jazo choralarini qo‘llashga haqli¸ deb belgilangan.

Mehnat kodeksida xodimning yozma roziligi bilan, bunday rozilik bo‘lmagan taqdirda esa, sudning qaroriga asosan “ish haqini har gal to‘lash vaqtida ushlab qolinadigan haqning umumiy miqdori xodimga tegishli bo‘lgan mehnat haqining ellik foizidan ortib ketmasligi lozim”¸ deb belgilangan.

Mehnat kodeksining 201-moddasida “xodimning moddiy javobgarligi chegarasi “o‘rtacha oylik ish haqi miqdori doirasida” deb belgilangan.

Prezidentning tijorat banklari rahbarlariga bergan jazosini sharhlagan huquqshunoslardan biri¸ “hozirda bizda qonundan ko‘ra¸ selektordagi gap kuchliroq bo‘lib qolgan” deya afsus bildirdi.

Prezident o‘tkazgan yig‘ilish bayonnomasining qonunchilikka qanchalik mosligini kim tekshiradi?

Ozodlik bu savolga javob olish maqsadida Adliya vazirligining Hukumat bayonnoma qarorlari va idoraviy normativ hujjatlarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish boshqarmasi bilan bog‘landi.

Boshqarma mulozimi¸ o‘z idorasining nomida ko‘rsatilgan kabi¸ faqat hukumat hujjatlarining qonunchilikka mos yoki mos emasligini ekspertizadan o‘tkazish bilan shug‘ullanishini bildirdi.

Bu rasmiyga ko‘ra¸ prezident o‘tkazadigan yig‘ilishlar bayonnomasi – protokolini ekspertizadan o‘tkazish bilan prezident administratsiyasi yuristlari shug‘ullanadi.

Prezident rasmiy saytida na matbuot xizmati va na yuridik bo‘lim bilan bog‘lanish uchun ajratilgan raqamlar berilmagani bois¸ Ozodlik administratsiya huquqshunoslaridan bu iddaoga munosabat ola olmadi.

Prezident ma’muriyati huquqshunoslari¸ respublikadagi kamida 13 tijorat banki rahbarining 5 oylik¸ Markaziy bank boshqarmasi rahbarining esa¸ bir yillik ish haqini davlatga qaytarib olishning qonuniy asosi haqida izoh bersa¸ Ozodlik uni e’lon qilishga tayyor.

"Har bir oila - tadbirkor" dasturi nega ijro etilmadi?

Bu dastur tajriba tariqasida 2018 bahorida Andijonda boshlangan va o‘shanda prezidentning andijonliklarga 1 trillion so‘mlik superkredit ajratilgani aytilgan edi.

Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi 16 foiz bo‘lgan bir paytda¸ prezident "Har bir oila - tadbirkor" dasturi doirasida kam ta’minlangan oilalarga 17 million (2019 yili 20 million so‘m – tahr) so‘mgacha 3 oylik imtiëzli davr bilan 3 yilga 3 foizlik kredit berishni buyurdi.

Bu kreditlarni kafolatga qo‘yadigan hech narsasi yo‘q kambag‘llarga ham berish buyurildi. Prezidentning niyati yaxshidir¸ lekin har bir oilani tadbirkor qilib bo‘lmaydi. Bu kreditni olganlarning ko‘pi¸ uni obnalichka qilib¸ yo Rossiyaga bilet olib mardikorlikka jo‘navordi¸ yoki bolasiga to‘y qildi. Kreditni qaytarish vaqti boshlanganda baloga bankir qoldi”¸ deydi viloyatlardan biridagi tijorat banki xodimi.

O‘zbekiston bank tizimi mulozimlaridan yana biri¸ Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan bu dastur uchun ajratilgani aytilgan mablag‘larning tijorat banklariga vaqtida berilmaganini¸ buning uchun javobgar Moliya vazirligi qolib¸ prezident butun qahrini bank tizimiga sochayotganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG