Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:41

Farg‘onalik o‘qituvchilar majburiy mehnatdan shikoyat qildi


Maktab-internatdagi hashar payti
Maktab-internatdagi hashar payti

Farg‘ona viloyat ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internatining bir guruh o‘qituvchilari internat direktorini 27 aprel kuni maktabda o‘tkazilgan hasharda ularni ishlashga majburlanganini iddao qildi.

O‘qituvchilar da’vosiga ko‘ra, hashar bois dars soatlari o‘tilmay qolgan.

O‘sha kuni dam olishda bo‘lgan o‘qituvchilar ham hasharga majburan chaqirtirilganidan nolishdi.

Maktab-internat direktori Faxriddin Abdukarimov Ozodlik savollariga javob berishni istamadi.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mulozimi o‘qituvchilarni hasharda majburiy ishlatish qonunga xilofligini ta’kidladi.

Ozodlikka maktab-internatning bir guruh xodimlari tomonidan bo‘lgan murojaatda ta’kidlanishicha, 27 aprel kuni internat o‘qituvchilari hasharga chiqishga majburlangan:

“Internatimizda bizni majburiy mehnatga majburlashmoqda. 27 aprel kuni dars vaqtida o‘qituvchi va tarbiyachilar o‘t o‘rish, tuproq tashish, hovli supirish ishlariga jalb qilindi. Direktor Faxriddin Abdukarimov pedagoglarni o‘z vazifasiga kirmagan ishlarni qilishga majbur qildi. Prezidentimiz o‘qituvchilar obro‘sini ko‘tarishga bor imkoniyatlarini ishga solayotgan bir paytda direktorning bu ishini qanday baholash mumkin?”, deyiladi Ozodlikka kelgan murojaatda.

Murojaat egalari hashar payti olingan bir qancha suratlarni ham Ozodlikka yo‘lladi.

Ishdan haydalish xavfi bois ismini ochiqlamaclikni so‘ragan o‘qituvchilardan birining hisob-kitobicha, hashar bois kamida 7 soat dars o‘tilmay qolgan.

“Shanbalik ertalab soat 9da boshlanib, tushdan keyin tugadi. O‘sha kuni jismoniy tarbiya o‘qituvchisi ham hasharga chiqdi. Uning 5, 6, 9-sinflarda darsi bor edi. Darslar o‘tilmay qoldi. Kimyo fani o‘qituvchisi ham sahar kelib, yer chopgan, uning 2 soat darsi o‘tilmagan. Informatika o‘qituvchisining ham 2 soat darsi hashar bois o‘tilmagan”, dedi maktab-internat o‘qituvchilaridan biri.

Anonim qolishni istagan yana bir o‘qituvchining aytishicha, hashar kuni dam olishda bo‘lgan xodimlar ham chaqirtirilgan:

“Shanba kuni tarbiyachilarning ko‘pchiligi ishlamaydi. Ularda 5 kunlik ish. Ularni ham dam olish kuni bo‘lishiga qaramay, internatga chaqirib, majburiy mehnatga majburlashdi. Keyin shanba kuni ishlaydigan tarbiyachilarning ish vaqti soat 13:30da boshlanadi. Lekin ularni ham ertalabdan hasharga chaqirishgan. Tarbiyachi ayollardan birining uyida shu bois janjal ham chiqqan. “Nimaga ertalabdan ishga ketayapsan”, deb uyidagilar to‘polon qilgan”, deydi o‘qituvchi ayol.

Ozodlik muxbiri 29 aprel kuni tush payti maktab-internat direktori Faxriddin Abdukarimovning qo‘l telefoniga bog‘landi, biroq Abdukarimov darhol telefonini o‘chirib, qo‘ydi va kun bo‘yi telefon o‘chiq bo‘lgani bois undan izoh olish imkoni bo‘lmadi.

Farg‘ona viloyat xalq ta’limi boshqarmasining Ozodlik bog‘langan mulozimi maktab-internatda hashar o‘tkazilganini oqlamasligini ta’kidladi:

“Bu maktab-internatda hashar o‘tkazish borasida boshqarma tomonidan hech qanday topshiriq berilmagan. Bu internat direktorining ichki buyrug‘i asosida qilingan bo‘lishi kerak. Boshqarma bu kabi majburiy mehnat ko‘rinishlariga qarshi. O‘qituvchilarni dars paytida yoki ularning dam olish kunlari majburiy tarzda boshqa ish bilan shug‘ullantirishga hech kimning haqqi yo‘q”, dedi ismini ochiqlamayotganimiz boshqarma mulozimi.

Joriy yil fevral oyida O‘zbekiston majburiy mehnatga qarshi xalqaro konvensiyaga qo‘shildi.

Biroq o‘tgan ikki oy mobaynida Ozodlikka kelayotgan majburiy mehnatga oid xabarlar ko‘lami kamaymadi.

Jumladan, Ozodlik o‘tgan hafta Andijon viloyati Izboskan tumani 7-sonli maktab direktori o‘qituvchi va o‘quvchilarining majburiy mehnatga jalb qilingani haqida yozgan edi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining xabar berishicha, ushbu holat Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan tekshirilgan va majburiy mehnat qo‘llangani tasdiqlangan. Vazirlik maktab direktorining ma’muriy javobgarlikka tortilganini ham bildirdi.

Xalqaro mehnat tashkilotining joriy yil 1 apreldagi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda majburiy mehnatdan foydalanishga zamin yaratuvchi tizimlar butunlay yo‘q qilinmagani bois mamlakatda majburiy mehnat holatlari hamon saqlanib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG