Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:21

Tojikistonliklar xorijga O‘zbekiston orqali uchmoqda


Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida vizasiz bordi-keldi boshlanganidan keyin ko‘plab tojikistonliklar xorij davlatlarga Toshkent yoki Samarqand shaharlari orqali borishni afzal bilmoqda.

Bunga Tojikistonda uchoq chiptalarining qo‘shni O‘zbekiston va Qirg‘izistonga qaraganda ancha qimmatligi sabab bo‘lmoqda.

Tojikistonning So‘g‘d viloyatidan bo‘lgan Firuz Ahmedov Rossiyaning Xanti-Mansiysk okrugida qurilishda ishlaydi. 36 yashar Firuz Rossiyaga har yili bahorda samolyot, poezd yoki avtobusda ketadi.

Ammo bu yil u, do‘stlari maslahati bilan, ilk bor Rossiyaga Toshkentdan parvoz qildi.

“Tanishlar menga Rossiyaga O‘zbekistondan uchish arzonroq ekanini aytdi. Haqiqatan ham, Toshkentdan Rossiyaning Surgut shahriga chipta narxi Xo‘jand shahriga qaraganda taxminan 100 dollar arzon ekan. Men uchun bu katta pul,” - dedi Firuz Ahmedov.

2018 yil martida Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasida vizasiz bordi-keldi boshlanishi ortidan nafaqat tojikistonlik mehnat muhojirlari, balki ziyolilar va ayniqsa nodavlat tashkilotlar xodimlari ham xorijga Toshkent yoki Samarqand aeroportlaridan safar qilishni boshladilar.

Tojikistondagi Mustaqil Axborot Vositalari Assosiatsiyasi raisi Nuriddin Qarshiboev ham Ozodlik bilan suhbatda oxirgi vaqtlarda xorij safarlarida O‘zbekiston havo yo‘llaridan foydalanayotganini aytdi.

Qarshiboevning bildirishicha, u tez-tez ish safari bilan Evropa va Osiyo mamlakatlarga boradi. Toshkentdan ko‘plab mamlakatlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar mavjud va chipta narxi ham Tojikistondagi shirkatlarga nisbatan arzondir.

“Toshkentdan Rossiya va Yevropa davlatlariga parvozlar Tojikiston havo shirkatlariga qaraganda 100-150 dollar arzon. Masalan, o‘tgan oy men Toshket orqali Parijga uchib bordim. Toshkentdan Parijga borib qaytish 620 dollarga tushdi. Dushanbedan Istanbul orqali Parijga parvoz narxi esa 1000-1200 dollar,” - dedi Nuriddin Qarshiboev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, So‘g‘d viloyati aholisining aksariyati Rossiya shaharlariga parvoz uchun O‘zbekistoning Toshkent, Namangan va Farg‘ona aeroportlaridan foydalana boshlaganlar.

Ayni damda, Samarqand shahri bilan chegaradosh Tojikistonning Panjakent shahridan kelayotgan xabarlarga kӯra, Samarqand aeroportida tojik vatandoshlari uchun samolyot chiptasi narxi ko‘tarilgan.

Panjakentlik mustaqil jurnalist Shohin Ravshanning aytishicha, O‘zbekiston bilan chegara ochilgach, Samarqand shahri yaqin bo‘lgani va samolyot chiptasi Tojikistonga nisbatan arzon ekani bois ko‘plab panjakentliklar mazkur shahardan Rossiya va boshqa mamlakatlarga safar qilardi.

Ammo uning ta’kidlashicha, hozir vaziyat o‘zgargan va Samarqand aeroportida chipta narxi Tojikiston havo shirkatlari bilan tenglashgan:

“Buning ustiga O‘zbekiston samolyotlarida bolalar uchun chipta narxi kattalarnikidek. Tojikiston havo shirkatlarida esa bolalar chiptasi 50 foiz arzon”.

Nega Tojikistonda samolyot chiptasi qimmat?

Dushanbedan tashqi davlatlarga parvozlar narxi Toshkent yoki Bishkekga qaraganda ancha qimmatdir.

Internetda samolyot chiptalarini sotuvchi saytlarda 30 sentabr kuni Toshkent-Moskva yo‘lanishida eng arzon chipta narxi 10 ming 458 rubl (156 dollar) bo‘lsa, Dushanbe-Moskva yo‘lanishida chipta narxi 21 ming 095 rublni (324 dollar) tashkil etdi.

Tojikistondagi “Tojik Eyr” va “Somon Eyr” shirkatlari yonilg‘i narxi juda balandligi chipta narxiga salbiy ta’sir ko‘rsatayoganini aytadi.

Shirkatlar rasmiylariga ko‘ra, Tojikistonda 1 tonna aviatsion yonilg‘i narxi 1 ming 465 AQSh dollarini tashkil etadi. Aynan shu sabab chipta narxi 40 foizga ko‘tariladi.

Ularning ta’kidlashicha, O‘zbekiston va Qirg‘izistonda 1 tonna aviatsion yonilg‘i narxi taxminan 750 dollar va bu Tojikistonga qaraganda qariyb ikki barobar arzondir.

Boshqa tomondan aviatsiya masalalari bo‘yicha tahlilchi Suhrob Jo‘raevning bildirishicha, Tojikistonda soliqlar darajasi ham baland va bu chipta narxiga ta’sir etmasdan qolmaydi:

“Chiptaning narxiga samolyot hajmi ham ta’sir ko‘rsatadi. Tojikiston samolyotlarida yo‘lovchilar uchun 180 joy bor. “Aeroflot” samolyoti esa 300 dan ortiq. Qish paytida Dushanbe-Moskva yo‘nalishida chipta narxi 100 yevro edi. Bu narx shirkatlarga zarar keltiradi. Muhojirlarning Rossiyaga safari boshlanishi barobarida chipta narxi ko‘tarilib, ana shu zarar qoplanadi. Ya’ni, Tojikiston havo shirkatlari bozorga qarab chipta narxlarni tayinlaydi”.

Suhrob Jo‘raevning qo‘shimcha qilishicha, Tojikiston havo yo‘llari bozori ochiq raqobatga asoslangan. Hozir “Turkish Airlines”, “Astana Air”, “O‘zbekiston havo yo‘llari” va “Uralskie avialiniyi” kabi 10 xorijiy havo shirkatlari tojikistonliklarga xizmat ko‘rsatadi.

Ayni damda, mustaqil tahlilchi Ne’matullo Mirsaidovning Facebook tarmog‘ida yozishicha, “agar “Toҷik Eyr” va “Somon Eyr” havo shirkatlari narx siyosatini o‘zgartirmasa, aksar tojikistonliklar xorij davlatlarga Toshkent orqali safar qila boshlaydi va natijada bu ikki shirkat kasodga uchrashi mumkin”.

Arzon transport

Tojikistonlik aksar mehnat muhojirlari Rossiyaga samolyot bilan emas, balki nisbatan arzon poezd va avtobuslarda borishadi.

Tojikiston temir yo‘l shirkatiga ko‘ra, bahor va kuz fasllarida mehnat muhojirlari Rossiyaga borish va qaytish paytida poezdda bo‘sh o‘rin qolmaydi.

Dushanbe yaqinidagi Vahdat tumanida yashovchi Muhammad Sobirov samolyot chiptasi qimmatligi sabab besh kun davomida poezd mashaqqatlariga chidashga majbur ekanini aytdi:

“Eng arzon chipta 1420 somoniy (150 dollar). Albatta bu samolyot chiptasiga qaraganda taxminan 4 barobar arzon. Men qarz olib, chipta sotib oldim. Qarzning foizi juda baland - 50 foizga qadar”.

Avtobus orqali mehnat muhojirlarining Rossiya shaharlariga safar qilish hollari ham ko‘p.

Tojikiston rasmiylariga ko‘ra, Rossiyada 600 ming tojikistonlik mehnat muhojiri ishlaydi.

Ammo, norasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiyadagi muhojirlar soni 1 milliondan oshadi.

Tahlilchilarga ko‘ra, mehnat muhojirlari tashqi davlatlarga safar qiladigan yo‘lovchilarning asosiy qismini tashkil etdi. Ular topgan daromadning qariyb 40 foizi ham Rossiyaga berdi-keldiga sarflanadi.

XS
SM
MD
LG