Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2025, Тошкент вақти: 03:55

MIB 15 yil avval o‘lgan odamga qarzini to‘lash haqida ogohlantirish jo‘natdi


Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani Majburiy ijro byurosi Dukat MFYda yashagan Marhabat Eshmatova nomiga elektr va gazdan qarzi borligi haqida ogohlantirish xati yubordi. Marhabat Eshmatova yaqinlaridan birining Ozodlikka aytishicha, uning ammasi bundan 15 yil muqaddam vafot etgan.

To‘raqo‘rg‘on tumani MIB mulozimi bu haqda ma’lumot berishdan bosh tortdi.

To‘raqo‘rg‘on tumani MIB davlat ijrochisi Farhod Qayumovning imzosi bilan Marhabat Eshmatova nomiga yuborilgan ogohlantirish maktubida undan zudlik bilan MIBga kelib, qarzini to‘lash talab qilinadi:

“Majburiy ijro byurosining To‘raqo‘rg‘on tuman bo‘limi ish yurituvida sizdan davlat foydasiga 86.120 so‘m jarima undirish to‘g‘risidagi hujjat mavjud. Mazkur ijro hujjatini ijrosini ta’minlash maqsadida sizdan zudlik bilan MIBning To‘raqo‘rg‘on tuman bo‘limiga kelishingiz so‘raladi”, deyiladi maktubda.

O‘lim haqida guvohnoma
O‘lim haqida guvohnoma

Bu maktub nusxasini Ozodlikka taqdim qilgan Marhabat Eshmatova qarindoshlaridan birining aytishicha, uning ammasi bundan 15 yil oldin vafot qilgan:

“Rahmatli ammam kasal bo‘lib, 2003 yilda qazo qilgan edi. Undan ikki yil avval eri vafot qilgan. Uchta qizini biz tarbiyalab olganmiz. Uylari sotilib, boshqa odamning nomiga o‘tib ketgan. Lekin, oradan o‘n besh yil o‘tganidan keyin mana bu xatni olib kelib o‘tirishibdi. MIbga borib aytsak, ha ozgina ekan to‘lab qo‘yaveringlar, deb aytdi”, deydi suhbatdosh.

O‘lim haqida guvohnoma
O‘lim haqida guvohnoma

Uning aytishicha, MIB xodimlari qarzdorlar shaxsini aniqlamay, ularning yashash joyiga aniqlik kiritmay ko‘r-ko‘rona qarz yozib tashlamoqda:

“Majburiy ijro byurosining o‘z bazasi bor. Ijro harakatlarini yuritishda avval qarzdorning yashash joyidan ma’lumotnoma olishi va ana shu asosda qarzdorlik yuzasidan ish olib borilishi kerak. Qarzdorning shaxsini aniqlamasdan turib qanday qilib unga nisbatan qarzdorlik belgilash mumkin?”, deydi marhuma qarindoshi.

Ozodlik To‘raqo‘rg‘on tumani Majburiy ijro byurosi bilan bog‘lanib, bu masalaga munosabat so‘radi.

O‘zini tanishtirishni istamagan MIB mulozimi, anglashilmovchilik bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytar ekan, boshqa ma’lumot berishdan bosh tortdi.

Bir yil avval O‘zbekistonda tashkil etilgan MIBning aholiga odamlarni taajjubga soladigan qarzlar yozishi haqida Ozodlik ilgari ham xabar bergan edi.

Jumladan, Surxondaryo viloyatining Angor tumanidagi Novshahar qishlog‘ida yashaydigan Oygul Sultonovaning yangi qurilgan, lekin elektr simi tortilmagan, simyog‘och o‘rnatilmagan uyiga tuman Majburiy ijro byurosi Oygul Sultonovadan elektr energiyasi uchun 400 ming so‘m qarzdor qilib qo‘ygan edi.

XS
SM
MD
LG