Линклар

Шошилинч хабар
21 сентябр 2025, Тошкент вақти: 03:56

OzodTa’sir: Xodimlarini yoppasiga onasidan so‘kkan MIB boshlig‘i ishdan bo‘shatildi


Namangan viloyati Uychi tumani Majburiy ijro byurosining boshlig‘i Sherali Mamarizaev qo‘l ostidagi xodimlarining shaxsini tahqirlab haqorat qilgani haqidagi Ozodlik maqolasidan so‘ng boshliq ishdan bo‘shatildi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan MIB xodimlariga ko‘ra, o‘tgan hafta ishdan olingan sobiq boshliq ishdan ketganidan so‘ng, idoraga yangi rahbar tayinlangan va ortiqcha majlisbozlikka barham berilgan.

Uychi tumani majburiy ijro byurosi sobiq boshlig‘i Sherali Mamarizaev aholidan qarzdorlikni undirish rejasini bajarolmagan xodimlarini onasidan so‘kib, “k...t, xezalak, blyad, tvar, haromi” kabi so‘zlar bilan haqorat qilgani haqida Ozodlik 11 iyun kuni xabar bergan edi.

Ismi sir qolishini so‘ragan MIB xodimlaridan birining Ozodlikka aytishicha, maqola e’lon qilinganidan so‘ng bir necha nafar uychilik oqsoqollar Sherali Mamarizaevning oldiga borib, nega uychiliklarni haqorat qilganini izohlab berishni talab qilgan:

“Maqoladan ikki kun o‘tib, bir necha nafar otaxon to‘g‘ri Sherali Mamarizaevning ish kabinetiga kirib borib, sobiq boshlig‘imizni rosa adabini berishgan. Bir-ikki nafari hassasi bilan solgan ham. Keyin boshliq qochib ketgan. Shundan keyin boshqa ko‘rinmay qoldi. Ishni o‘rinbosari boshqarib turdi. O‘tgan hafta viloyat MIBidan kelishib, yangi rahbarni qo‘yib ketishdi. So‘kong‘ich rahbar shu ketganicha yo‘qoldi”, deydi MIB xodimlaridan biri.

Uning aytishicha, sobiq boshliq ishdan ketganidan so‘ng jamoada yangicha ishlash kayfiyati paydo bo‘lgan:

"Shohruhbek Fayozov degan kishini boshliq qilib qo‘yishdi. Majlisbozlik yo‘qoldi, erta uyga qaytyapmiz. Yigitlarning ham kayfiyati yaxshi, planlarni yuz qilib bajryapmiz. Mana yaxshi gapirib, yaxshi ishlasa ham bo‘lar ekanku", dedi MIB xodimi.

Ozodlik Namangan viloyati Majburiy ijro byurosi bilan bog‘lanib, Sherali Mamarizaevning keyingi taqdiri bilan qiziqdi.

Byuroning o‘zini tanishtirmagan mulozimi Sherali Mamarizaevning ishdan bo‘shatilganini tasdiqlar ekan, uning hozir nima ish qilayotganidan bexabar ekanligini aytdi.

XS
SM
MD
LG