Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:31

Ishdan haydalgan temiryo‘lchi norozilik aksiyasi o‘tkazmoqchi


Ishdan haydalgan o‘zbekistonlik temiryo‘lchi o‘zi ishlagan “O‘ztemiryo‘lovchi” AJ dagi “nohaqliklar”ga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazishga ruxsat so‘rab, Toshkent shahar hokimiyatiga ariza topshirganini Ozodlikka bildirdi. Toshkent shahar hokimiyati mulozimi Zokirov Said ismli fuqarodan 22 may kuni shunday mazmunda ariza kelib tushganini Ozodlikka tasdiqladi. Lekin, mulozim arizaga qanday javob berilishi haqida hozircha ma’lumot berolmasligini aytdi.

“O‘ztemiryo‘lovchi” AJning Yo‘lovchi vagonlarni reysga tayyorlash va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish markazida 12 yil vagon kuzatuvchisi bo‘lib ishlagan 40 yoshli Said Zokirov 22 may kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev nomiga yozgan arizasida “O‘ztemiryo‘lovchi” AJ qarorgohi yonida namoyish o‘tkazishga ruxsat berishni so‘ragan.

O‘z arizasida Zokirov “O‘ztemiryo‘lovchi” AJ hamda Temiryo‘lchilar va transport quruvchilari kasaba uyushmasi kengashini o‘zini nohaq ishdan haydaganlikda ayblaydi.

Said Zokirovning Toshkent shahar hokimiga yozgan arizasi.
Said Zokirovning Toshkent shahar hokimiga yozgan arizasi.

- Uch nafar voyaga yetmagan farzandlarim bo‘lishiga qaramay mening ishdan bo‘shatilishimga rozilik berishdi. Men bir o‘zim olti nafardan iborat oila a’zolarimni oylik maoshim bilan arang ta’minlab kelayotgan bo‘lsam, shu yoshimda 12 yildan buyon ishlab kelayotgan ish joyimdan qaerga boraman, degan savolimga korxona rahbariyati hamda kasaba uyushma qo‘mitasi "buni avvalroq o‘ylash kerak edi, ishda xatoga yo‘l qo‘ymasdan", deb javob berdilar xolos, - deb yozadi Said Zokirov o‘z arizasida.

“O‘ztemiryo‘lovchi” AJning ismi sir qolishini istagan mulozimi Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Said Zokirov o‘tgan hafta poezdda Rossiyadan O‘zbekistonga noqonuniy molni olib o‘tayotganda qo‘lga tushgani sabab ishdan bo‘shatilganini aytdi.

- Poezd provodniki sifatida bu odam noqonuniy narsa bilan tushgan chegarada, Keles chegara punktida. Shundan so‘ng uning masalasi ko‘rib chiqildi, kasaba uyushmasi uni bo‘shatishga rozilik berdi, chunki noqonuniy molni Rossiyadan O‘zbekistonga olib o‘tmoqchi bo‘lgan. Shahar hokimiyatiga yozgan arizasi bilan biz ham tanishib chiqdik, hammani chaqirib muhokama qilishdi. Lekin, uning masalasi nima bo‘ladi, buni rahbariyat va kasaba uyushma hal qiladi, - dedi “O‘ztemiryo‘lovchi” AJ mulozimi.

Temiryo‘lchilar va transport quruvchilari kasaba uyushmasi kengashining Mehnatni muhofaza qilish bo‘limi mudiri Uchqun Qahhorov qonunni buzgan ishchini kasaba uyushmalar himoya qilolmasligini aytdi.

- Bu kasaba uyushmada ko‘rib chiqilgan. Muhokamada uyushma mutaxassisi qatnashgan. Kasaba uyushma roziligisiz uni bo‘shatishga hech kimning haqqi yo‘q. Agar u qonunni buzgan bo‘lsa uni hech kim himoya qilolmaydi, - dedi Uchqun Qahhorov.

Ishdan haydalgan o‘zbekistonlik temiryo‘lchi Said Zokirov o‘z arizasida ishdan haydalishiga sabab bo‘lgan xatosi Rossiyaning Ufa shahridan tanishi berib yuborgan posilkani O‘zbekistonga olib kelgani bo‘lganini yozadi.

- Keles bojxona postida posilkaning ichidagi metal simlarni tegishli hujjatlarsiz olib kirolmasligim tufayli ekspertiza xulosasiga ko‘ra ish ko‘rishlari, ungacha vaqtincha bojxona yuk saqlash omborxonasiga saqlash uchun olib qolinganligi tufayli ishxonamizga yuborilgan bildirgi xati asosida razbor qilindim. Aslida posilkani bojxona nazoratidan berkitmaganman. Aybim posilka olib kelganimmi?!", - deya ta’kidlaydi Said Zokirov o‘z arizasida.

Toshkent shahar hokimiyati devonxonasi mulozimi, Ozodlik savoliga javoban, Zokirov S. ismli fuqarodan norozilik namoyishi o‘tkazishga ruxsat so‘ralgan ariza 22 may kuni qabul qilib olinganini tasdiqladi.

Lekin, mulozim arizaga qanday javob berilishi haqida hozircha ma’lumot berolmasligini aytdi.

- Shunday ariza oldik. Lekin, namoyishga ruxsat berish bizning vakolatimizga kirmaydi, rahbariyat hal qiladi, - deb javob berdi mulozim.

O‘zbekistnda fuqarolarning norozilik namoyishi o‘tkazishga ruxsat so‘rab hukumat idoralariga ariza topshirishi kamdan kam hodisadir.

Zero, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 33-moddasida fuqarolar o‘z ijtimoiy faolliklarini O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar, deyilgan. Shu moddaning davomida hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar o‘tkazilishini to‘xtatish yoki taqilash huquqiga ega ekanligi aytilgan.

Toshkent IIBsi boshlig‘ining o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jaev o‘tgan yilning noyabr oyiada Toshkentda o‘tkazilgan matbuot yig‘inida ruxsat berilmagan har qanday namoyish bostirilishi haqida ogohlantirgan edi.

Uning ma’lum qilishicha, ommaviy namoyish uyushtirmoqchi bo‘lganlar Toshkent shahar hokimiyatiga oldindan yozma ravishda murojaat qilishlari shart.

XS
SM
MD
LG