Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2024, Тошкент вақти: 07:11

Turkmanistonda “hojatxonada Berdimuhammedov surati bosilgan gazetadan foydalanganlar” qidirilmoqda


Turkmanistoning Gumdag shaharchasida uchastka nozirlari prezident Gurbanguli Berdimuhammedovning surati bo‘lgan mahalliy gazetalardan hojatxona qog‘ozi sifatida foydalanganlarni qidira boshladi, deya xabar qildi “Ozodlik” radiosining turkman xizmati ayrim OAVlarga tayanib.

Uchastka nozirlari xususiy hovlilarga kirib "qonunbuzarlarni" topish maqsadida hojatxonalarni tekshirib chiqishmoqda, agar shu kabi holat aniqlangudek bo‘lsa, avvaliga ularga ogohlantirish beriladi.

Shuningdek, uchastka inspektorlari prezidentning ifloslangan suratini turar-joy mavzelardagi chiqindixonalardan ham qidirishmoqda. Har bir chiqindixona uchun bittadan shaxsiy nazoratchi biriktirilgan, ular chiqindilarni birma-bir tekshirib gazetalardagi ifloslangan suratni topishlari, bu chiqindi chiqqan uyni va xonadonni aniqlashlari va aniqlaganlaridan so‘ng bu haqda tegishli idoralarga ma’lumot berishlari kerak bo‘ladi.

Mart oyida Ozodlik radiosi Dashog‘uz viloyatining Go‘ro‘g‘li tumanida hojatxonasida prezident surati aks etgan gazeta topilgani uchun maktablardan birining direktori mansabidan vaqtincha chetlashtirilgani haqida ma’lum qilgan edi. Keyinchalik direktor “vazifasini bajara olmagani uchun” mansabidan ozod qilindi. Shundan so‘ng xavfsizlik xizmati biror bir ogohlantirishsiz byudjet tashkilotlari xodimlarining uylariga kirib hojatxonalarni tekshira boshlashdi. Ozodlikning Dasho‘g‘uzdagi manbasi hojatxonalarda gazetalardan foydalangan “kamida 10 nafar davlat xizmatchisining ishdan bo‘shatilgani” o‘ziga ma’lum ekanligini bildirdi.

Mintaqa amaldorlari izoh berishdan voz kechishdi.

Prezident Gurbanguli Berdimuhammedovning suratlari Turkmanistondagi barcha bosma nashrlarning katta qismni egallaydi.

XS
SM
MD
LG