Andijon shahrida yashaydigan 60 yashar erkak qayinsinglisining 7-sinfida o‘qiydigan 13 yashar qizini zo‘rlaganlikda gumonlanmoqda.
Andijon shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Parpievning shahar hokimligi o‘tkazgan yig‘ilishda bu voqeani oshkor qilganini ushbu majlisda bevosita qatnashgan mulozim Ozodlikka xabar qildi.
Voqea tafsilotlaridan xabardor mahalla faolining Ozodlikka bildirishcha¸ xolasi qaramog‘iga berilgan qiz pochchasi tomonidan bir necha marta zo‘rlangani haqida ko‘rsatma bergan.
Joriy hafta shifokorlar tomonidan tekshirilgan o‘quvchi qizning to‘rt yarim oylik homilasi borligi aniqlangan va shundan so‘ng ichki ishlar bu voqea yuzasidan tergov-surishtiruv boshlagan.
Andijon shahridagi maktablardan birining 7-sinf o‘quvchisi (o‘quvchi qizning ism-sharifi¸ qaysi maktabda o‘qishi va yashash manzili Ozodlikka ma’lum, lekin axloq qoidalari sabab oshkor etilmaydi – tahririyat) homilador bo‘lib qolgani haqidagi xabarni Ozodlikka ismi sir qolishini so‘ragan Andijon mahallalari raislaridan biri yo‘lladi.
“Kecha, seshanba kuni majlisdagi masala asosan yoshlarning hayotiga bag‘ishlandi. Shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Parpievning aytishicha, 7-sinf o‘quvchisini xolasining 60 yashar eri homilador qilib qo‘yibdi. Qizning otasi yo‘g‘ ekan, onasi Rossiyaga ketib, qizini xolasining qo‘liga tashlab ketgan ekan. Xolasining eri, ya’ni pochchasi qizning nomusiga majburan tegib yurar ekan va u homilador bo‘lib qolibdi. Qizni so‘roq qilishganda, uni xolasining eri shunday qilib yurganini aytibdi. Hozir tergov bo‘lyapti ekan”, dedi 24 aprel kuni Qo‘shariq dahasida joylashgan Bank kolleji binosida o‘tkazilgan hokimlik yig‘ilishida bevosita qatnashgan mahalla raisi.
Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi ayni paytda mazkur holat bo‘yicha surishtiruv olib borilayotganini aytdi.
“Bu ish bo‘yicha hozir surishtiruv olib borilayapti. O‘quvchi qizning bergan birinchi ko‘rsatmasi bo‘yicha, uning nomusiga pochchasi aldab va majburlab tegib yurgan. Qiz 2004 yilda tug‘ilgan, lekin avgustda 14 yoshga to‘ladi. Lekin gumonlanayotgan shaxs bu ayblovni inkor qilayapti, men unga tegmaganman¸ deyapti. Qizbola qorni og‘riyotgani uchun shifokorga murojaat qilgan va shifokor uning homilador ekanligini aniqlab, militsiyaga xabar bergan. Bu holatni tergovchilar o‘rganayapti va hozircha aybsizlik prezumpsiyasi bois, 60 yashar shaxs faqat gumonlanuvchi sifatida so‘roq qilinayapti. Agar uning aybdorligi tasdiqlansa, keyin uni hibsga olish haqida sudga taqdimnoma kiritiladi”, dedi mulozim.
Mulozimning aytishicha, bu holat bo‘yicha O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“Agar aybdor o‘quvchi qizning 14 yoshga hali to‘lmaganini bila turib, uning nomusiga tekkani isbotlansa, qonun bo‘yicha 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi”, dedi mulozim.
Ozodlik o‘quvchi qiz o‘qiydigan maktab direktorining o‘zi bilan¸ uning mobil telefoni o‘chirilgani bois¸ bevosita gaplasha olmadi.
Andijon shahridagi maktablardan birining direktoriga ko‘ra¸ ichki ishlar bo‘limi rahbari bayonoti ortidan 24 apreldan maktablarda o‘quvchi qizlarning bokiraligini tekshirish boshlangan.
"Kechadan qiz o‘quvchilarimizni UZI qilish boshlandi. Maktablar yaqinidagi poliklinikalardan shifokorlar kelib, har bir o‘quvchidan uch ming so‘mdan olib tekshirmoqda. Bundan tashqari¸ Xalq ta’limi bo‘limi tomonidan zudlik bilan ota-onalar majlisi chaqirilib, bo‘lgan voqea muhokama qilinishi haqida topshiriq berildi. Otasi yoki onasi xorijga ketganlarni aniqlab, maktabning ichki nazoratiga olinglar, deb aytishdi", dedi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan maktab direktorlaridan biri.
O‘zbekistonga balog‘at yoshiga yetmagan maktab o‘quvchilarining yaqin qarindoshlari tomonidan zo‘rlanishi va ularning homilador bo‘lib qolish holatlari uchrab turadi.
O‘tgan yili Andijon shahridagi 6-maktab 9-sinf o‘quvchisining homilador ekani aniqlanishi ortidan shahar maktablarida qizlarning bokiraligini tekshirish kuchaygan edi.
Bu o‘quvchi qizning 66 yashar buvisi joriy yilning 31 mart kuni gap-so‘zlarga chidolmay o‘ziga o‘t qo‘ygan va 2 aprelda kasalxonada jon bergan edi.
2015 yilda 13 yashar singlisining nomusiga tegib, uni homilador qilgan Xorazm viloyati Shovot tumani Bo‘yrachi qishlog‘ida yashovchi 25 yashar yigit 13,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.