7 aprel kuni Andijon shahridagi 10-umumtaʼlim maktabining 9-sinf oʻquvchisi maktab hovlisida shaharning 29-maktabida oʻqiydigan tengqurining yuragiga pichoq sanchib oʻldirgan. Xalq taʼlimi tizimida ishlaydigan mulozimning Ozodlikka aytishicha, bu paytda oʻqituvchilarning aksariyati shahar hokimligi eʼlon qilgan shanbalikda boʻlgan.
Andijon shahar 29-umumtaʼlim maktabining 9-sinfida oʻqiydigan Muhammadasror Sobirov 7 aprel kuni 10-maktabning hovlisida pichoqlab oʻldirilganini shahar ichki ishlar boʻlimining ismi sir qolishini soʻragan mulozimi Ozodlikka tasdiqladi.
“Voqea 10- maktabda boʻlyapti. Shu maktabning Sh.A. (Ozodlikka oʻquvchining ismi -sharifi maʼlum) ismli 9-sinf oʻquvchisi bilan 29-maktabning 9-sinf oʻquvchisi Muhammadabror Sobirov oʻrtasida telefonda hozircha sababi aniqlanmagan janjal boʻlgan. Birinchi surishtiruvga koʻra, qattiq haqorat eshitgan Sh.A. tengqurini maktabga kelishini, u bilan razbor qilishini aytgan. Muhammadasror ham darsni tashlab 10-maktabga kelgan va tengdoshiga qoʻngʻiroq qilgan. Shunda Sh.A. beshinchi soatdagi darsdan chiqiboq, tengdoshining yuragiga pichoq urgan. Muhammadabror Sobirov voqea joyida halok boʻlgan”, dedi ichki ishlar mulozimi.
Uning aytishicha, 29-maktab oʻquvchisi Ichki ishlar boʻlimining yomon xulqli bolalar roʻyxatida turgan.
“Ayni paytda tergovchilar bu ish bilan shugʻullanyapti. Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining qasddan odam oʻldirish moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Qotillikda gumonlangan Sh.A. hibsga olingan”, deydi mulozim.
Voqea 10-maktab hovlisida sodir boʻlgan. Ushbu maktab oʻqituvchilaridan olingan maʼlumotga koʻra, voqea sodir boʻlgan paytda oʻqituvchilarning aksari shahar hokimligi eʼlon qilgan shanbalikda boʻlgan va oʻquvchilar qarovsiz qolgan.
Ismi sir qolishini soʻragan Andijon viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi mulozimining aytishicha, soʻnggi paytda shahar maktablarida taʼlim va tarbiya boʻshashib ketgan va bunga maktab rahbarlari va oʻqituvchilarning turli hasharlarga muntazam jalb qilinayotgani sabab boʻlmoqda.
“Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayev maktab rahbarlarini har kuni uch marta chaqirib, obodonlashtirish ishlariga oʻqituvchi chiqarish borasida majlis oʻtkazadi. Yil boshidan buyon oʻqituvchilarimizda tinim yoʻq, darslar qolib ketmoqda, tarbiyaviy ishlar bilan shugʻullanishga umuman vaqt qolmayapti. Koʻcha tozalash, yer chopish va gul-koʻchatlar ekishga har kuni har bir maktabning kamida 30 foiz oʻqituvchisi chiqariladi. Bunday holatda qanday tarbiya haqida gap boʻlishi mumkin. Koʻcha supirayotgan oʻqituvchining oʻzi oʻquvchi oldida obroʻsiz bir shaxsga aylanib qoldi. Hech kim bu narsa haqida lom-mim deyolmaydi. Gapirsa shahar hokimi tvardan olib haromga solib, soʻkadi. Oʻqituvchilarni xor qildi. Mana koʻrasiz, hamma aybni yana maktab direktorining boʻyniga qoʻyishadi”, deydi xalq taʼlimi mulozimlaridan biri.
Andijon viloyatida oʻqituvchilarning oʻz ishi qolib, boshqa ishlarga safarbar etilayotgani haqida Ozodlik avval ham xabar bergan edi.
Oʻzbekiston Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov joriy yilning fevralida OʻzA agentligiga bergan suhbatida oʻtgan yilda maktab oʻquvchilari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari tomonidan 1,5 mingdan ziyod jinoyat sodir etilganini aytgan edi.
1,5 ming jinoyatning bir nechasi haqda Ozodlik oʻz vaqtida xabar qilgan.
Joriy yilning fevral oyida Toshkent viloyat, Chirchiq shahridagi Ijtimoiy-iqtisodiyot va xizmat koʻrsatish kasb-hunar kollejining ikkinchi bosqich oʻquvchisi oʻzining qiz kursdoshini pichoqlagan edi.
Xususan, oʻtgan yilning 6 oktabr kuni 1- sonli Toshkent yuridik kolleji talabasi 2 kursdoshini pichoqlagan edi. Talabalardan biri voqea joyida jon berdi. Pichoqlangan yana bir talaba Toshkentdagi shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining jonlantirish boʻlimiga yotqizildi.
Toshkentdagi 1- sonli Toshkent yuridik kollejidagi “vahshiyliklar” oʻtgan hafta Oʻzbekiston telekanalida ham tanqid qilingan edi.
Soʻnggi paytlarda Oʻzbekiston kollejlarida bir necha marta qotillik amalga oshirildi.
Toshkentdagi Borovskiy nomli Tibbiyot kollejida oʻtgan yil may oyida 17 yoshli Jasur Ibragimov kursdoshi tarafidan kaltaklab oʻldirilishi katta shov-shuvga sabab boʻlgan edi.
Mart oyida esa Toshkent Davlat texnika universitetining 1-kurs talabasi Toshkentdagi kollejlardan birining oʻquvchisini rashq sababli, oshxona pichogʻi bilan jarohatlagan edi.