Fargʻona viloyati Yozyovon tumani oʻqituvchilari prezident Mirziyovning kelishiga tayyorgarlik koʻrish maqsadida obodonlashtirish ishlariga majburan jalb qilinmoqda. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan oʻqituvchilarning aytishlaricha, tuman markazidagi oʻqituvchilarning teng yarmi, qishloq maktablarining barcha texnik xodimlari koʻcha tozalash, gul ekish ishlariga majburan jalb qilinayapti. Yozyovon tumani hokimligi esa oʻqituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilinganini inkor qilmoqda.
Yozyovon tumani markazidagi barcha maktablarning oʻqituvchilari obodonlashtirish ishlariga jalb qilinayotgani haqida ismi sir qolishini soʻragan oʻqituvchilardan biri Ozodlikka yozdi.
“Samarqandlik oʻqituvchi ayol Diana Yenikeyevaning oʻlimi ham bizning hokimlarga dars boʻlmadi. Prezident Yozyovonga ham kelishi mumkin ekan, degan xabar ortidan yana oʻqituvchilar koʻchaga haydaldi. Biz koʻcha supirgani emas, oʻqituvchilikka oʻqiganmiz, desak ham, bu siyosat, xohlamasang arizangni yoz deyishyapti. Hatto oʻquvchilarimiz ham, “domla, biz baribir oʻqituvchi boʻlishni istamaymiz, chunki oʻqisak ham baribir ketmonchi boʻlar ekanmiz, Undan koʻra, bir amallab maktabni bitirib, Rossiyaga ishlagani ketamiz”, deb ochiq-oydin aytishadi. Biz besh yil hokimga farrosh boʻlish uchun oʻqidikmi?”, deb yozadi yozyovonlik oʻqituvchilardan biri.
Ozodlik suhbatlashgan yozyovonlik oʻqituvchilardan biri ular qilayotgan ishlarni birma-bir sanab oʻtadi:
1. Yoʻl chetidagi sinib ketgan bordyur (beton toʻsiqlar – tahr.)larni olib tashlab, yangilarini oʻrnatib chiqyapti va oq-qora qilib boʻyashyapti.
2. Hokimiyatning oldidagi atirgullarni koʻchirib tashlab, archa va gullar ekib chiqishdi.
3. Yoʻl chetlaridagi begona oʻtlarni ketmon bilan chopishyapti va koʻchalar supirilyapti, deydi oʻqituvchilardan biri.
Yozyovon tumanidagi mahalliy tashkilot rahbarlaridan birining Ozodlikka aytishicha, prezident kelishiga tayyorgarlikning asosiy ogʻirligi oʻqituvchilar zimmasiga tushmoqda:
“Fargʻona viloyati va Yozyovon tumani hokimi prezidentni ham aldaydi, xalqni ham aldaydi. Prezident keladi ekan, deb shoshma-shosharlik bilan obodonlashtirishga kirishadi, boʻlmasa bu oʻzlarining doim qiladigan ishlari. Hozir koʻchalarda ishlayotgan oʻqituvchilarni ham, doʻxtirlarni ham koʻp uchratish mumkin”, deydi rahbarlardan biri.
Ayni paytda oʻzini Yozyovon tumani hokimining oʻrinbosari sifatida ish boshlaganiga uch kun boʻlganini aytgan, lekin oʻzini tanishtirishdan bosh tortgan mulozimning Ozodlikka aytishicha, bir nafar oʻqituvchi ham majburiy mehnatga jalb qilinmagan:
“Kim bergan boʻlsa ham notoʻgʻri maʼlumot beribdi. Chunki bizda obodonlashtirish boshqarmamiz bor, uning 200tadan oshiq odami bor. Keyin ishsiz odamlarni biz bu ishlarga jalb qilyapmiz, ularga 300-500 ming soʻmgacha oylik beramiz. Endi tinchligimizni koʻrolmaydigan gʻalamislar ham borda, shu narsa odamlarni panikaga chaqiradi. Biror nafar oʻqituvchi jalb qilinmagan, bizda ishchi kuchi oʻzi yetarli”, dedi oʻzini tanishtirmagan hokimlik mulozimi.
Oʻzbekistonda taʼlim sohasi xodimlarining obodonlashtirish va dala ishlariga jalb etilishi keng tarqalgan.
Shu oy oʻrtalarida Samarqandda prezident Shavkat Mirziyoyev tashrifi arafasida katta koʻchani tozalashga jalb etilgan 23 yoshli oʻqituvchi KamAZ yuk mashinasi ostida qolib halok boʻlgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.
Prezident matbuot xizmati rahbari Komil Allamjonov hodisa yuzasidan chora koʻrilishini aytgan, Oliy Majlis deputati Qodir Joʻrayev esa majburiy mehnat masalasini Oliy Majlis muhokamasiga koʻtarishni vaʼda qilgan edi.
Davlat mulozimlari¸ xususan¸ hokimlar rasmiy bayonotlarda majburiy mehnat mavjudligini bir ovozdan rad etib turgan bir paytda¸ oʻqituvchi va shifokorlarni ularning kasbiy faoliyatiga daxli boʻlmagan ishlarga majburlash davom etmoqda.