O‘zbekiston prezidentining kadrlar bo‘yicha davlat maslahatchisi Umar Ismoilov boshchiligidagi maxsus hukumat guruhi 2 aprel kuni Andijon viloyati Bo‘z tumanida aholi shikoyatlarini o‘rganishni boshladi.
Guruhning Bo‘zga kelishi arafasida - 30 mart kuni viloyat hokimi va o‘rinbosarlari Bo‘z tuman faollari bilan majlis o‘tkazib, unda bevosita qatnashganlarning Ozodlikka bildirishicha¸ aholidan shikoyat ko‘lamini sun’iy ravishda kamaytirishni talab qilgan.
Majlisda¸ xususan¸ ichki ishlar¸ prokuratura¸soliq shuningdek gaz va svet idoralari vakillariga uyma-uy yurib, aholini tekshiruvchilarga shikoyat qilmaslik, aks holda yaqinlaridan kimdir ishsiz qolishi yoki o‘qishdan haydalishi mumkinligidan ogohlantirish topshirilgan.
Andijoncha hozirlik?
Bo‘z tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raislaridan birining 3 aprel kuni Ozodlikka ma’lum qilishicha¸ prezident maslahatchisi boshchiligidagi tekshiruvchilar guruhi 2 aprel kuni Bo‘z tumanida aholi shikoyatlarini o‘rganishni boshlagan.
Shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan oqsoqolga ko‘ra¸ vazirliklar vakillari, senator va deputatlardan tashkil topgan 80 kishilik maxsus guruhga uyma-uy yurib, aholi bilan suhbatlashish va o‘rganganlari xulosasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezidentga yetkazish topshirilgan.
Sayyor guruhning Bo‘z tumaniga kelishiga hozirlikni oldindan boshlagan Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov¸ Ozodlikka aytilishicha¸ 30 mart kuni o‘z o‘rinbosarlariga tumanda zudlik bilan majlis o‘tkazish topshirig‘ini bergan.
“Toshkentdan keladigan maxsus guruhni Marhamat tumanida kutishgan ekan. Lekin ular Bo‘z tumaniga burib yuborishibdi. Shuning uchun uch kundan buyon Bo‘zda to‘polon, viloyatdan hamma rahbarlar kelgan. Juma kuni ertalab majlis chaqirishdi. Men ham bordim. Gap tekshiruvchilar kelishi va uning oqibatlari haqida bordi. Rahbarlar yig‘ilganlarga, arzimagan narsani ham muammo qilish kerak emas, bu bizning o‘zimizga yomon bo‘ladi. Baribir ular muammoni hal qilib bermaydi. Shuning uchun ular kelguncha aholi orasida yuringlar, tushuntiringlar, hamma narsani dasturxon qilmasin, degan mazmunda topshiriq berildi”, dedi 30 mart kuni erta tongda Bo‘z tuman hokimligi binosida o‘tkazilgan majlisda qatnashgan oqsoqol.
"Tuman hokimi haqorat qilib topshiriq berdi"
Suhbatdoshning aytishicha, viloyatdan kelgan rahbarlar majlisdan chiqib ketganidan so‘ng tuman hokimi Abdurashid Mamirov haqoratli muomalaga o‘tgan.
“Hokim tumangaz boshlig‘i bo‘lib ishlayotganiga hali ko‘p bo‘lmagan mulozimni tvar, iflos, haromi, eshak, o‘g‘ri deb, yomon so‘kdi. O‘zingni ham qamataman, bola-chaqang, avlodinggacha qamataman, dedi. Hammani gaz ballon topib ta’minlaysan, dedi. Mahalla oqsoqollariga arizachi odamlar bilan gaplashishni, shikoyat qiladiganlarga nisbatan “tekshiruvchilar baribir ketadi, bu yerda biz qolamiz, shuning uchun og‘ziga qarab gapirishni” maslahat berdi, deydi Ozodlik gaplashgan Bo‘z tumanidagi mahallalardan birining oqsoqoli.
Bo‘z tumanidagi boshqa mahallaning ismi sir qolishini so‘ragan faoli juma kundan zudlik bilan uchastka inspektori va boshqa tashkilotlar vakillari hamrohligida uyma-uy yurishni boshlaganini bildirdi.
“Uyma-uy yurib odamlardan nima kamchiligi borligini so‘rayapmiz. Mabodo tekshiruvchilar kelsa, har narsani aytmaslik haqida maslahat berilayapti. Tekshiruvchilar kelib-ketadigan odamlar, siz esa yana biz bilan qolasiz, mana o‘g‘lingiz yoki qizingiz ishlayapti, degan sha’mali gaplar bo‘layapti”, dedi viloyat hokimligi topshirig‘i asosida o‘zi ham bevosita uyma-uy yurgan bo‘zlik mahalla faollaridan yana biri.
Bu suhbatdosh¸ ayni shunday yurishlarning Bo‘z tumani markazidagi "Pillakor"¸ "Soybo‘yi"¸ "Xalqobod" va "Bobur" mahallalarida boraëtganini shaxsan tasdiqlashini qo‘shimcha qildi.
“Tekshiruvchilar tekshirmasdan o‘zgarish boshlandi”
Ozodlik bog‘langan bo‘zlik o‘qituvchilardan biri¸ "toshkentlik revizorlar" kelishi oldidan¸ mahalliy rahbarlar butun kuchini Bo‘z tumanidagi vaziyatni boridan yaxshiroq qilib ko‘rsatish urinishiga sarflayotganini bildirdi.
“Hozir hammaga davlat narxidagi arzon gaz ballon tarqatilayapti. Bilmadim, buncha ballonni bular qaerdan topib kelishayapti ekan. O‘ydim-chuqur ko‘chalarimizga mashinalar g‘izillab, shag‘al to‘kib ketishayapti. Ko‘chalar tekislanayapti. Aytishlaricha, hozir viloyat hokimi barcha kuchni Bo‘z tumaniga safarbar etayapti ekan. Mana, bo‘lar ekanku. Nega shu ishni avval qilishmagan”, deydi zudlikda bo‘laëtgan "kosmetik o‘zgarishlar"ga bevosita guvoh bo‘lgan bo‘zlik yosh o‘qituvchi.
“Shikoyati ko‘p nogironlar kasalxonalarga olib ketildi”
Bo‘z tumanidagi mahalla oqsoqollaridan yana biri, o‘z hududida yashovchi doimiy qarovga muhtoj bo‘lgan nogironlar, “arizachi” tamg‘asini olgan qariyalar davolanish bahonasida Andijon shahrining bir necha kasalxonasiga vaqtinchalik jo‘natilganini xabar qildi.
“Shikoyatchi nogironlar va qariyalarga hokimiyat o‘zini go‘yoki alohida e’tibor berayotganday qilib ko‘rsatayapti. Bu odamlar tez tibbiy yordam mashinalarida kasalxonalarga salomatligini tiklash uchun olib ketildi. Toki tekshiruvchilarga shikoyat kamroq bo‘lsin, degan maqsadda. Bizning mahalladan ham tinmay hamma yerga yozadigan bir otaxon bor edi. Uning tekshiruvchilar kelishidan xabari yo‘q, xursand bo‘lib kasalxonaga davolangani ketdi”, deydi mahalla oqsoqoli.
“Tuman hokimining oldiga borishga odam qo‘rqadi”
Ozodlik ayni mavzuda gaplashgan mahalliy faollardan birining aytishicha, prezidentga hisob beruvchi maxsus komissiya safari arafasida Bo‘z tumani hokimi o‘zining "xalq bilan muloqot"ga ochiqligini namoyish qilishga kirishgan.
Bu suhbatdosh¸ tumanning "G‘olib" mahallasida shikoyat va arizasi bor bo‘zliklar uchun tuman hokimining rasmi tushirilib, hokimiyat ishonch telefoni raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish so‘ralgan varaqalar yopishtirib chiqilganiga o‘zi guvoh bo‘lganini aytadi.
“Bu varaqalarni ko‘rib¸ Toshkentdan kelganlar tuman hokimi xalqning dardini eshitadigan odam ekan¸ deb ishonishi kerak¸ shekilli. Aslida, uning haqoratli gaplarini bilgan odam hokimning oldiga borgani qo‘rqadi, telefonda esa hokim oddiy odamlar bilan umuman gaplashmaydi ham”, deydi bu oqsoqol.
Bo‘z tuman hokimligining o‘zini tanishtirmagan vakili tumanga Toshkentdan Umar Ismoilov boshchiligida katta tekshiruvchilar guruhi kelgani va hozirda oddiy aholi bilan suhbatlashayotganini tasdiqladi.
Ayni paytda¸ bu mulozim aholining mahalliy hokimiyat vakillari tomonidan shikoyat qilmaslik haqida oldindan ogohlantirilgani haqidagi ma’lumotlarni inkor qilishga urindi.
“Yo‘q, hech kim hech kimning og‘zini bog‘lab qo‘ygani yo‘q. Mana tekshiruvchilar xalq qabulxonasida ham aholini qabul qilayapti”, dedi mulozim.
Prezident Shavkat Mirziyoev xalq bilan bevosita muloqotni ijroiya hokimiyati vakillarining asosiy vazifalaridan qilib belgilaganidan beri¸ Toshkentdan sayyor guruhlarning viloyatlarga safar qilishi an’anaga aylandi.
Odatda prezident maslahatchilari boshchilik qiladigan bunday safarlar davomida¸ aholiga o‘z shikoyat va arizalarini bevosita markaziy hukumat vakillariga bildirish imkoni beriladi.
Ayni paytda¸ bunday komissiya vakillariga bevosita murojaat qilgan oddiy aholi vakillari Ozodlikka bunday uchrashuvlardan so‘ng muammoni hal qilish yana mahalliy idoralarga topshirilayotgani va yechimsiz qolayotganini aytmoqda.