Buxoroning bir yil oldin buzilgan “Dilkusho” dehqon bozoridagi do‘kon egalariga hokimiyat shu kungacha na tovon puli, na yangi do‘kon berdi. Biznesi barbod etilgan tadbirkorlarning Ozodlikka aytishicha, prokuratura va prezidentga qilingan murojaatlar natijasiz qolmoqda. Buxoro shahar hokimi Ozodlik bilan suhbatda bu muammoga tezda yechim topilajagini va’da qildi.
2017 yil yoziga qadar “Dilkusho” savdo kompleksida tadbirkorlik qilgan Zumrad Karimovaning do‘koni ham¸ bozordagi 600dan ortiq tadbirkorniki kabi¸ o‘tgan yil boshida buzib tashlandi.
Zumrad Karimovaning aytishicha, avvaliga ijara haqi to‘lab ishlagan bu do‘konni 2016 yilda esa boshqa bir tadbirkordan 28 ming AQSh dollariga do‘kon sotib olgan va unga yana bankdan olingan 50 million so‘mni ham sarflagan:
- Men kiyim tikib sotardim, sartaroshxona ham ochgandim. Lekin, bugun hech narsasiz qoldim. Shuncha sarflagan mablag‘im havoga uchib ketdi. Bir yildan buyon hokimlik tovon puli ham bermadi, boshqa yerdan do‘kon ham. Prezidentga 18 marta yozdim, lekin hamma shikoyatlarim yana qaytib viloyatga keladi. Hokimiyatdagi hammaning talabi qondirilgan¸ deb yolg‘on javob yozadi, deydi tadbirkor.
Tadbirkor Shahnoza Murodova ham uch yil oldin uyini sotib “Dilkusho”dan do‘kon olgan. Hokimiyat tomonidan buzilgan bu do‘koni uchun Murodova ham hozirgacha bir tiyin ham tovon puli ola olmagan:
- Qarz-qavalo qilib shu do‘konni 40 ming dollarga sotib olgan edim. Qizimning uyini sotdik, moshinamizni sotdik. Tadbirkorlik qilamiz¸ deb shu do‘konni oldik. Buldozer bilan buzib tashlashdi, qancha narsalarimiz ichida qolib ketdi. Melisalar qancha turtib-tortib, haqorat qildi. Hatto eshik-derazalarini olishga ulgurmadik. Toshkentdan komissiya kelganida viloyat hokimi O‘ktam Barnoev mana men yordam qilaman¸ deb va’da bergan edi. Lekin, mana bir yil bo‘lyapti, hech narsa yo‘q. Hamma tadbirkorlar joysiz, ishsiz azob chekib yuribdi, deydi Shahnoza Murodova.
“Dilkusho” savdo kompleksi yaqinidagi Mustaqillik ko‘chasida joylashgan ikki qavatli maishiy xizmat ko‘rsatish binosi ham o‘tgan yili buzib tashlangan.
Bu binoni xususiylashtirib olgan Buxoro shahridagi taniqli tadbirkor 67 yashar Zaynab Beknazarovaning Ozodlikka aytishicha, bino buzilishi oqibatida 34 nafar odam ishsiz qolgan:
- Bu bino 1252 kvadrat metrdan iborat bo‘lib, unda maishiy xizmatning 12 turini yo‘lga qo‘ygan edik. O‘tgan yil 24 aprel kuni o‘sha paytdagi shahar hokimi Farmonov, shahar prokurori va militsiya boshlig‘i bilan ekskavatorni olib kelib, ikki kun ichida chiqib ketmasang, buzamiz dedi. Majbur chiqib ketdik. Bizning firma ijarachilarim bilan birga har oy davlatga 100 million so‘m daromad keltirayotgan edi. Men hamma idoralarga shikoyat qildim, lekin faqat sizning savdo do‘koningiz ko‘chirilishga mo‘ljallangan ro‘yxatga tushgan¸ degan yolg‘on javob kelardi. Chunki, mening binom savdo do‘koni emas, balki maishiy xizmat binosi edi, deydi Zaynab Beknazarova.
Zaynab Beknazarovaning aytishicha, o‘sha paytdagi shahar hokimi Farmonov chiqargan qarorda buziladigan inshootlarning zarari qoplanishi va kompensatsiya to‘lanishi haqida yozilgan, lekin bu qaror faqat qog‘ozda qolib ketgan.
Buxoro shahrining hozirgi hokimi Karim Kamolov Ozodlik bilan suhbatda tadbirkorlarning bu e’tirozlaridan xabardor ekanligini aytdi. Suhbat davomida hokim bu masala yangi savdo kompleksi qurib bitkazilganidan so‘ng ijobiy hal etilishi, tadbirkorlarga tovon puli o‘rniga yangi do‘konlar tijoriy narxidan ikki baravar arzon berilishini ta’kidladi:
- Birinchidan, tadbirkorlarga kompensatsiya o‘rniga yangi qurilayotgan savdo kompleksidan oladigan do‘konlar maydonini ikki baravargacha katta qilib beramiz. Bulardan 500 dan ortiq nafari bozor hisobiga kiradigan tadbirkorlar. Ularga shuningdek, yangi do‘konlar narxiga imtiyoz beramiz, ya’ni ular bu do‘konlarni tijorat narxida emas, balki undan ikki baravar arzon narxda olishadi. 82 nafari bozor hududiga kirmaydigan tadbirkorlarga esa boshqa hududlardan do‘kon maydonini bir yarim baravar katta qilib beramiz¸ deganmiz. Ular bunga rozi, dedi Buxoro shahar hokimi Karim Kamolov.
Hokimning aytishicha, “Dilkusho” bozori o‘rnida barpo etilayotgan yangi uch qavatli savdo kompleksini qurilishini ikkita firma o‘z zimmasiga olgan va qurilish boshlangan.
Tadbirkorlar “Mustahkam qurilish” firmasi bu savdo markazidagi yangi do‘konlar talabgorlariga o‘z telefon raqamini e’lon qilganini aytdi.
Ozodlik xaridor sifatida bu firmaga qo‘ng‘iroq qildi. Firma xodimlaridan biri, qurilish joriy yilning avgust oyida tugallanishi va har biri 20 kvadrat metr bo‘lgan do‘konlarga arizalar qabul qilinayotganini aytdi. Xodimning aytishicha, do‘konlarning narxi mart oyida ma’lum qilinadi.
“Dilkusho” savdo kompleksi 2008 yilda qurilgan edi. O‘tgan yil boshida savdo kompleksining buzib tashlangani oqibatida 610 nafar tadbirkor va ular do‘konlarida ishlaydigan yuzlab sotuvchi ishsiz qolgan edi.