Tojikistonlik tadbirkorlar Xitoydan milliy libos kiydirilgan “Barbi” qo‘g‘irchoqlarni olib kelmoqdalar. Tahlilchilar fikricha, bunga Tojikistonda boshlangan milliy libosni targ‘ib etish kampaniyasi sabab bo‘ldi.
Tadbirkorlarga ko‘ra, Tojikistonda milliy libos targ‘iboti ortidan mahalliy savdogarlar Xitoydan atlas kiygan “Barbi” qo‘g‘irchoqlariga buyurtma bera boshlagan. Shu kunda mamlakat bozorlarida faqat tojik an’analari va qadriyatlariga xos qo‘g‘irchoqlar sotilmoqda.
Dushanbe bozoridagi qo‘g‘irchoqlar do‘koni sotuvchisi Ismoil Qurbonov Tojikiston qonunchiligi ijozat bergan mollarnigina savdoga chiqara olishini aytdi.
“Biz sotuvchimiz. Qonunchilik ijozat bermagan narsalarni sotishga haqqimiz yo‘q. Masalan, qizlar uchun atlas ko‘ylak kiydirilgan qo‘g‘irchoqlar va bolalar uchun esa, do‘ppilik qo‘g‘irchoq taklif qilinadi”- dedi Ismoil Qurbonov.
Boshqa tadbirkorlarga ko‘ra, oldin ular yevropacha libos kiydirilgan yoki hijobli qo‘g‘irchoqlarni sotardilar, ammo hozirda milliy madaniyat va qadriyatlarga begona mollar bilan savdo qilish taqiqlangan.
Tadbirkor Xusrav Rinayevning ta’kidlashicha, bozor rahbariyati va boshqa davlat tashkilotlari ularning faoliyatini qattiq nazorat qiladi.
“Bozor rahbariyatining vakillari “Tojikstandart” va boshqa davlat tashkilotlari bozorda aylanib, do‘konlardagi mollarni tekshirib chiqadilar. Hozir bozorda yevropacha libosdagi qo‘g‘irchoq kamchil. O‘tgan yil hijobli qo‘g‘irchoq paydo bo‘lgandi, endi ular o‘rniga milliy libosli qo‘g‘irchoqlarni sotish taklif qilingan”- dedi Xusrav Rinayev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, milliy libosdagi qo‘g‘irchoqlarning Tojikiston bozorlaridagi narxi 20 somonidan 50 somonini yoki 6 dollarni tashkil etadi.
Amerika shirkati “Mattel” hijob kiygan Barbi qo‘g‘irchog‘ini chiqarib, kelgusi yili uni savdoga chiqarishini e’lon qilgan.
Ammo ushbu Barbining libosi qora bo‘lib, bunday libosni kiyish Tojikistonda taqiqlangan.
2014 yil Tojikistonda Onalar kuni sifatida nishonlanadigan 8 mart kunida prezident Emomali Rahmon faollar bilan uchrashar ekan, mamlakat shahar va qishloqlarida “tojik madaniyati hamda an’analariga zid ravishda” qora kiyim kiyib yurgan tojik ayollari paydo bo‘lganidan tashvish bildirgan edi.
Bundan avvallari ham Tojikistonda “tojikcha an’analar va qadriyatlarni targ‘ib qilishga” qaratilgan qator qonunlar qabul qilingan.
Jumladan, qonunlar bilan islomiy ekstremizm va fundamentalizm ramzi sifatida ko‘rilayotgan ayollarning uzun qora kiyimi va hijoblarini ham taqiqlangan edi.