Линклар

Шошилинч хабар
03 декабр 2024, Тошкент вақти: 20:42

“Yopiq sud ishini yopiq sud ko‘radi”. Xorazmda zo‘rlangan qizlar


Urganchda oilaviy mehribonlik uyiga berilgan uch qizni zo‘rlagan mulozimlarning yengil jazo bilan qutulgani o‘zbek ijtimoiy tarmoqlarini ostin-ustun qilmoqda.

Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi NeMolchi.uz axborot loyihasi asoschisi Irina Matviyenko, 31 mart kuni oilaviy mehribonlik uyidagi 3 voyaga yetmagan qizning viloyat mulozimlari tomonidan 10 oy zo‘rlangani haqida yozdi.

Faolga ko‘ra, mulozimlar juda yengil jazo olgan - ularga 1 yarim yilgacha soat 22:00 dan 06:00 gacha uydan chiqish, yashash joyini tark etish taqiqlangan, xolos.

Matviyenkoning bu posti - ijtimoiy tarmoq faollaridan tortib, prezident qizi Saida Mirziyoyevani ham o‘z ichiga olgan ulkan kampaniyaga turtki bo‘ldi va bu kampaniya oy oxirida kutilayotgan konstitutsiyaviy referendum arafasida boshlandi.

Zo‘ravon mulozimlar

Urganch shahridagi 1-oilaviy mehribonlik uyiga berilgan - 15, 16, 17 yoshdagi yetim qizlarning 10 oy davomida Xorazm viloyati davlat amaldorlari bilan jinsiy aloqaga majburlangani haqida NeMolchi.uz axborot loyihasi xabar qildi.

Nemolchi.uz - 2017-yilda tashkil etilgan mustaqil axborot loyihasi - Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka jamoatchilik e’tiborni jalb qilish va bu masalaga jamiyatning munosabatini o‘zgartirishni maqsad qilganini bildirib keladi.

Uning faollariga ko‘ra, qizlarni vasiylikka olgan oilaviy mehribonlik uyi rahbari 2021-yil mayidan – 2022-yil fevraligacha ularni amaldorlar bilan jinsiy aloqaga zo‘rlab kelgan:

“2021-yil may oyi boshida u o‘sha paytda hali 16 yoshga to‘lmagan Azizani tanlab, tanishlaridan biri bilan jinsiy aloqaga kirishga majburlagan. Qiz bunga qarshilik qilganda mudira oshxonadan o‘qlov olib keltirib, barcha bolalarning ko‘z o‘ngida qizning kichik ukasini kaltaklay boshladi. Qizning irodasini sindirib, mudira keyinchalik uni o‘zi aytgan erkaklar bilan yotishga majbur qilib kelgan”.

Mehribonlik uyining egasi bu jinoyati evaziga amaldorlardan moddiy rag‘bat, jumladan "eski printer, 250 ming so‘mlik sport oyoq kiyimi, bolalar uchun divan, shkaf, oshxona stoli va turli shirinliklar olgan".

NeMolchi.uz axborot loyihasi saytida berilgan maqolada aytilishicha, 2022-yilning sentabr oyida Xorazm viloyati adliya boshqarmasi sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov va Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazov bu jinoyatni sodir etganlikda aybdor topilgan.

Ikki mulozimga, 1 yarim yildan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Cheklov esa, maqolada keltirilishicha, soat 22:00 dan 06:00 gacha uydan chiqmaslik va yashash joyini tark etishni taqiqlashdan iborat.

Oilaviy Mehribonlik uyining direktori esa 5 yarim yilga qamalgan.

Zo‘ravon mulozimlarga berilgan jazo

Voyaga yetmagan yetim qizlarni zo‘rlagan mulozimlar haqidagi ilk xabar NeMolchi.uz loyihasining Telegramdagi kanalida shu yil 31 mart kuni berildi.


Batafsil tafsilotlar berilgan maqola axborot loyihasi saytida e’lon qilindi.

Bu maqoladan ko‘rinishicha, voqea 2021-yil mayidan – 2022-yil fevraligacha sodir bo‘lgan. Ilk sud 2022-yilning sentabrida bo‘lib o‘tgan.

Aybdorlarga qo‘llanilgan JK moddalari:

  • 128-modda. O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish
  • 1281-modda. O‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qili
  • 167-modda. O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish
  • 209-modda. Mansab soxtakorligi

NeMolchi.uz axborot loyihasi faollariga ko‘ra, mahkamalar yopiq o‘tgan:

“Yuqorida tasvirlangan holatda ularga nisbatan yetarli jazomi? Afsuski, hatto idoralar xodimlari orasida ham o‘zlari buzuq bo‘lgan voyaga yetmagan qizlar borligiga ishonadiganlari bor, qizlar erkaklarga osilib, jinsiy aloqa qilishni xohlasharmish. Hech kim sabablar haqida o‘ylashni xohlamaydi. Mamlakatimizda rozilik yoshi 16 yoshdan boshlanishini hamma unutgan ko‘rinadi. Bu shuni anglatadiki, 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan har qanday jinsiy aloqa nomusga tegish deb hisoblanishi kerak”.

Shu paytgacha bu voqea haqida matbuotda boshqa xabar berilmagandi.

Muhimi, 3-aprel tushdan keyin, tarmoqlarni junbushga solgan bu xabarni e’lon qilganidan 5 kun o‘tib Matviyenko afsusda ekanini bildirdi:

“Jazo jinoyatga yarasha uchun qonunlarni o‘zgartirish kerak, biz shuning uchun kurashyapmiz. Men o‘z pozitsiyamni aniq ifoda qilodimmi-yo‘qmi bilmayman. Lekin, bunga oydinlik kiritishga qaror qildim, chunki mening postimdan so‘ng odamlar chora ko‘rmayotgani uchun davlatdan nafratlana boshlaganida o‘zimni aybdor his qildim”.

Ishni boshidan beri kuzatib kelayotgan Irina Matviyenko so‘nggi besh kun ichidagi ziddiyatli chiqishlari va 6 oy avval sodir bo‘lgan voqeani nega aynan hozir jamoatchilikka ochiqlagani sababini hozircha aytmadi.

Ammo, Ozodlikning barcha savollariga tez orada javob berishini bildirdi.

Tarmoqlardagi norozilik

Xorazmdagi oilaviy mehribonlik uyi qizlarining zo‘rlanishi tarmoqlarda jo‘rovozdagi jiddiy norozilikni o‘rtaga chiqardi.

So‘nggi yillarda ko‘zga ko‘ringan taniqli blogerlaru tarmoq faollarining aksari voyaga yetmagan qizlarni zo‘rlagan mulozimlar va ularga berilgan jazoni qoralay boshladi.


Faollar ko‘proq quyidagi jihatlargaga urg‘u berishdi:

  • voyaga yetmaganlarni zo‘rlagan shaxslarga berilgan jazoning yengilligi,
  • bu shaxslarning katta lavozimdagi amaldor ekani,
  • Bu ikki mulozim ishlagan davlat idoralari - Adliya va Favqulodda vaziyatlar vazirligining shu kunga qadar yengil jazoga e’tiroz bildirmagani,
  • tarmoqlarni junbushga keltirgan bu xabarning shu oy oxirida bo‘ladigan referendum arafasida paydo bo‘lgani.

O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘’ba mudiri Saida Mirziyoyeva ham zo‘rlangan qizlar masalasida chiqish qildi.

Mirziyoyeva O‘zbekistonda “oshkoralik va fuqarolik jamiyatining ovozi eshitilayotgani” ortidan qizlarning zo‘rlanishi voqeasi keng jamoatchilikka yetib bordi, deb ta’kidladi.

Rasmiy idoralar reaksiyasi

Xorazmdagi qizlarning amaldorlar tomonidan zo‘rlanganiga oid xabardan so‘ng tarmoqlarda ko‘tarilgan favqulodda shov-shuvga rasmiy idoralarning reaksiyasi ham favqulodda oshig‘ich bo‘ldi.

1-aprel kuni Bosh prokuratura zo‘ravon amaldorga berilgan jazo hukmi ustidan Oliy sudga protest kiritganini ma’lum qildi. Ammo, bayonotda protest kiritilgan sana 29-mart - xabar tarmoqqa tushishidan ikki kun oldin ekani aytildi.

3-aprelga kelib Oliy sud matbuot xizmati, Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga Xorazm viloyat prokuraturasining kassatsiya tartibidagi protesti kelib tushganini bildirdi.

Unda 2022-yil 27-dekabridagi sud ajrimini Oybek Masharipov va Anvar Kuryazovga oid qismini bekor qilib, ishni qaytadan apellyatsiya instansiyasida ko‘rish so‘ralgani aytildi:

“Ushbu protest Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida kassatsiya tartibida joriy yilning 6-aprel kuni Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilishi ma’lum qilinadi”.

“Zo‘ravon amaldorni qo‘llagan tizim”

Bosh prokuratura va Oliy sud zo‘ravon amaldorlarga jazo berilganidan 6 oy o‘tib - bu holat tarmoqlar tiliga tushganidan keyingina - sud qaroriga protest kiritgani ham jiddiy e’tirozga sabab bo‘lmoqda.

“Men hech shubha qilmayman, Adliyadagilar ham, MCHSdagilar ham, Xorazm va respublika darajasida buni bilishgan. Nega o‘shandayoq chora ko‘rishmadi, protest kritishmadi? Chunki, tizimda amaldorga keskin jazo berish emas, kechirib yuborish yoki o‘zaro kelishib, bittasini qurbonlikka so‘yvorish, keyin ishni yopdi-yopdi qilish amaliyoti bor", deydi voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik masalasini yoritib kelayotgan toshkentlik jurnalist.

Ismi sir qolishi sharti bilan fikr bildirgan jurnalistga ko‘ra, agar bu kabi jinoyat ishlari surishtirilsa, kalavaning uchini bunaqa zo‘ravon amaldordan bir qanchasiga olib chiqishi mumkin:

"Ikkinchidan, hozir har ikki idorada: “Bizning bundan xabarimiz yo‘q edi” deb o‘tirgan amaldorlarning gapi rost ham deylik. Unda viloyat boshqarmasi rahbari darajasidagi shunday qabih jinoyatdan Toshkentdagi hamkasblar bexabar qoladigan darajada tizimda ahvol rasvo. Xullas, har qanaqa holatda yana shu tizimga taqalyaptimi?! Buni o‘nglash kerak va buning uchun ikkita oddiy ishni qilish kerak: jazoni kuchaytirish va qonun ustivorligini ta’minlash”.

«Gazeta.uz» kolumnisti Yuriy Saruxanyan ham bu holatni tizimli muammo, deb hisoblaydi.

Uning fikricha, turli ijtimoiy muammolarni qoralashga qaratilgan kampaniyalarning vaqti-vaqti bilan paydo bo‘lishi ortida odatan, hukumatning jamoatchilik diqqatini kun tartibidagi asl masaladan chalg‘itish yoki boshqa bir populistik istagi turadi:

“Bunday tizim ishi ikkita mexanizmiga tayanadi: populizm va o‘t o‘chirish. Balandparvoz shiorlar, chiroyli bezalgan strategiyalar va doimiy ravishda «eng yaxshi tajribalar» joriy etilishini e’lon qilish ko‘rinishidagi populizm orqali ish qobiliyati va ishtiyoqi yo‘qligini yashirishga harakat qiladi. Uning harakatsizligi tufayli yuzaga kelgan ba’zi hodisalar jamoatchilik ongini junbushga keltirib, ijtimoiy keskinlikni kuchaytirganda, u o‘t o‘chirish bilan shug‘ullanishga majbur bo‘ladi. Tizimning har qanday harakati boshqariladi va «tepa» bilan muvofiqlashtirilishi kerakligi uning aksariyat vaqtini u uyquda o‘tkazishiga olib keladi. Hatto o‘zining funksional vazifalarini kerak bo‘lganida emas, balki rahbariyatga yoqishi uchun bajaradi”.

Bolani zo‘rlaganga yengil jazo amaliyoti

Xorazmda voyaga yetmagan qizlarning zo‘rlanishi - O‘zbekistonda anchadan beri mavjud va muttasil qoralab kelinadigan yana bir bahsli masalani yana yuzaga ko‘tardi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lgan qator holatlarda, O‘zbekistonda 16 yoshga to‘lmagan bolalarni, ayniqsa qizlarni jinsiy aloqaga tovlagan yoki zo‘rlagan shaxslarga nisbatan, O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 128-moddasi qo‘llangan.

Jinoyat Kodeksining 128-moddasi: O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish

  • “Shaxsning o‘n olti yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish — to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
  • O‘sha harakatlar moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali sodir etilgan bo‘lsa, — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi".

Ya’ni, aksar hollarda 16 yoshga to‘lmagan bolalar go‘yoki “o‘z xohishi bilan bilan jinsiy aloqaga rozi bo‘lgan” degan vajga asoslangan holda ayblanuvchilarga ushbu moddaning 1-qismi bilan jazo tayinlanishi kuzatiladi.

Bunda jinoyatchilarga, jarima to‘lash va shartli jazoni o‘tash jazosi tayinlanib, ular odatan qamoqqa tushmaydi.​

"Xorazmdagi mehribonlik uyining 16 yashar qizi qanday qilib umrida tanimagan bir amaldor bilan o‘z istagiga ko‘ra, jinsiy aloqa qiladi?! Bunga ishonish mumkinmi? Mehribonlik uyi emas, ko‘chadagi qiz bo‘lganda ham - 16 yashar qiz nimani biladi?! Xo‘p u bilmadi, deylik. Bu Adliya boshqarmasidagi amaldor buni tushunmaydimi?! Xullas, judayam savollar ko‘p. Menimcha, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikka qonunda jazoni kuchaytirish kerak. Jazo kuchaysa, jinoyatchilik albatta kamayadi. Keyin oilaviy mehribonlik uylari ustidan kuchli va aniq mexanizmga tayangan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish kerak", deydi ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashib kelayotgan tarmoq faoli Aqida Xonim.


O‘zbekiston Bola ombudsmani Aliya Yunusova, o‘z idorasiga voyaga yetmagan bolalarga nisbatan jinsiy munosabat yoki zo‘rlik qo‘llanganiga oid qator murojaatlar kelib tushganini aytgandi.

Biroz muqaddam Ozodlikka bergan izohida u, aksar hollarda, jinoyat ishi noto‘g‘ri kvalifikatsiya qilinishi kuzatilishini qayd etgan:

“Bizga bir necha murojaatlar bo‘lgan, ular orasida 6 yashar bola ham bor, 9 yashar o‘g‘il bola ham bor. Men bu haqda yaqinda bo‘lib o‘tgan Senat qo‘mitasining yig‘ilishida ham jazoni kuchaytirish borasida o‘z takliflarimni bildirdim. Hozirda ishchi guruh ishlamoqda, qonun loyihasi tayyorlanmoqda. Voyaga yetmagan bolalarga nisbatan bunday jinoyatlarga jazoni kuchaytirish zarur deb hisoblayman. Yaqin orada qonunchilikka o‘zgartirish kiritiladi, ammo buning ham o‘z tartibi bor, o‘zingiz bilasiz. Biz bu o‘zgartirishlar tez orada amalga oshirilishida ishonchimiz komil, chunki bolalarga nisbatan g‘ayriinsoniy munosabatlarni qilishga hech kimning haqqi yo‘q”.

Hozirgacha, ombudsman tilga olgan qonun loyihasi taqdiri va mazmuni haqida na uning o‘zi va na boshqa rasmiy idoralar ma’lumot berdi.

Jinsiy zo‘ravonlik uchun jazo

Aslida, sud jarayonida isbotini topsa, voyaga yetmagan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik uchun O‘zbekistonda 25 yilgacha jazo belgilangan va bu jazo JKning 118-moddasida qayd etilgan:

Jinoyat Kodeksining 118-moddasi: Nomusga tegish

  • “Nomusga tegish, ya’ni zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy aloqa qilish — uch yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
  • Nomusga tegish: a) shaxsning o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan holda; b) yaqin qarindoshga nisbatan; v) ommaviy tartibsizliklar qatnashchisi tomonidan; g) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa; d) og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa, — o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
  • O‘n to‘rt yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsning nomusiga tegish — o‘n besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.

O‘zbekistonlik huquqshunoslarga ko‘ra, aksar hollarda voyaga yetmagan bolalarni jinsiy aloqaga tovlagan yoki zo‘rlagan shaxslarga nisbatan 118-modda emas, balki 128 yoki 129-moddalarning qo‘llanishi - bunday jinoyat ishlarining noto‘g‘ri kvalifikatsiya qilinishidan kelib chiqadi.

Ammo, bu jinoyatni davlat tashkilotlari yoki hukumat idoralari xodimlari, amaldorlari sodir etgan hollarda ayblanuvchilarga atayin yengil jazo qo‘llash hollari kuzatiladi va odatan, bunda JKning qaysi moddasini tanlash ixtiyori, mavjud qonunchilikka binoan mutlaq sudyaning ixtiyorida bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG