Линклар

Шошилинч хабар
09 июл 2025, Тошкент вақти: 14:39

Xitoyning Tolibon bilan munosabatlari iliqlashmoqda


Tolibon asoschilaridan Mulla Abdul G‘ani Barodar va Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I. Tyanszin , Xitoy - 28 - iyul, 2021
Tolibon asoschilaridan Mulla Abdul G‘ani Barodar va Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I. Tyanszin , Xitoy - 28 - iyul, 2021

Chorshanba kuni Xitoy Tashqi ishlar vaziri toliblarning yuqori martabali rasmiylari delegatsiyasi bilan uchrashdi. “The Associated Press” agentligi AQSh qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etar ekan, Xitoy bilan radikal guruh o‘rtasidagi aloqalar iliq bo‘lib qolayotganini xabar qilmoqda.

Xitoy Tashqi ishlari vazirligi saytida vazir Van I Tyanszin shahrida Tolibonning yuqori martabali rahbari Mulla Abdul G‘ani Barodar va uning delegatsiyasi bilan tushgan suratlar e’lon qilindi. Suratlarda taraflar muzokara olib borayotgani tasvirlangan.

Van Xitoy Afg‘onistonning suveren mamlakat o‘laroq mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilishini hamda Afg‘onistonning ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori ekanini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va NATO qo‘shinlari tez sur’atda olib chiqib ketilayotgani «Amerika siyosatining muvaffaqiyatsizligini ko‘rsatadi va afg‘on xalqiga o‘z mamlakatlarini barqarorlashtirish va rivojlantirish uchun muhim imkoniyat beradi».

Uchrashuv kun tartibi e’lon qilinmadi. Tolibon Afg‘onistonda tobora ko‘proq hududni o‘z nazorati ostiga olarkan, Xitoy jangari guruh tinchlik muzokaralari davomida o‘z bo‘yniga olgan majburiyatlarini bajarishini yoki, hech bo‘lmaganda, zo‘ravonlikni ozaytirishini xohlaydi.

Vaxon vodiysida Xitoy va Afg‘oniston qisqa umumiy chegaraga ega. Xitoy uzoq yillarda beri isyonkor jangarilarning o‘tmishda notinch bo‘lgan Shinjon mintaqasiga o‘tishidan xavotir olib keladi. Shuningdek, Xitoy Afg‘onistonda neft, gaz va mis qazib olish bo‘yicha shartnomalar imzolagan, ammo bu shartnomalar ancha paytdan beri qog‘ozda qolayapti.

«Tolibon Afg‘onistondagi muhim harbiy va siyosiy kuchdir va guruh tinchlik o‘rnatish, yarashish va qayta qurish jarayonida muhim rol o‘ynashi kutilmoqda», dedi Van.

Van toliblar millat va xalq manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishi va tinchlik muzokaralariga e’tibor qaratishiga, tinchlik maqsadlarini belgilashiga, «ijobiy imij» yaratishiga va barcha fraksiyalar va etnik guruhlar o‘rtasida birdamlik o‘rnatishga harakat qilishiga umid qilishini aytdi.

Van, shuningdek, Xitoy Tolibon «Sharqiy Turkiston islomiy harakati»ga qarshi «qat’iyat bilan» kurashishiga umid qilayotganini qo‘shimcha qildi. Pekin ushbu guruhni Shinjon mustaqilligi uchun kurashishda ayblab keladi. Ammo ko‘pchilik mutaxassislar bu harakat aslida chora ko‘ra oladigan shaklda mavjud emasligiga ishonadi.

Tolibon delegatsiyasi safida Tolibon diniy kengashi va Targ‘ibot qo‘mitasi rahbarlari ham bo‘lgan.

31 - avgustga qadar AQSh harbiylarining Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi Xitoy uchun yaxshi yangilikdir, chunki Vashingtonning asosiy strategik raqibiga aylangan Pekin shundoq biqiniga AQSh qo‘shinlari yuborilganidan mamnun emas edi.

Barodarning tashrifi Pokiston tashqi ishlar vaziri va razvedka boshlig‘i Xitoyga safar qilganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘ldi.

Pokiston Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishda muhim rol o‘ynashi aytilmoqda. Tolibon rahbariyati Pokistonda bo‘lib, Islomobod toliblarni tinchlik muzokaralarida qatnashishga chorlab bosim o‘tkazib kelayotgan edi.

Vashingtonning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod ham shu oy boshida Islomobod va Kobul o‘rtasidagi munosabatlar yanada sovib ketishi ortidan Pokistonga qisqa tashrif bilan bordi.

Bu holat AQSh 31 - avgustda o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketguniga qadar boshqa mamlakatlar ishtirokida tinchlik bitimini tuzishga harakat qilayotganini ko‘rsatishi aytilmoqda.

Dushanba kuni Tyanszin shahrida AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Vendi Sherman Van bilan uchrashib, Davlat departamenti Afg‘onistonni AQSh va Xitoy hamkorlik qilishi mumkin bo‘lgan «global masalalar» ro‘yxatiga kiritganini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG