Линклар

Шошилинч хабар
05 октябр 2022, Тошкент вақти: 14:35

Xitoyga safar qilgan BMT inson huquqlari bo‘yicha mulozimi tanqidlar ostida qoldi


Mishel Bachelet prezident Si Szinpin bilan videokonferensiya tarzida muloqot qilgan.

Xitoyga olti kunlik safar bilan borgan BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet payshanba kuni prezident Si Szinpin va boshqa rasmiylar bilan muloqot qilgan.

Inson huquqlari guruhlari hamda ayrim G‘arb hukumatlari Pekin Bacheletning tashrifidan foydalanib, Shinjon mintaqasida inson huquqlari poymol etilayotganini bosdi-bosdi qilishi mumkinligi haqida ogohlantirishgan.

Bacheletning safari Xitoy janubdagi Guanchjou shahridan boshlandi. Komissar Shinjondagi Qashqar shahri hamda viloyat markazi Urumchiga ham boradi. Safar davomida Xitoydagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat, Pekin Gonkongga o‘tkazayotgan tazyiq, hamda Xitoyning Tibet va Ichki Mo‘g‘ulistondagi siyosati kabi masalalar ko‘rib chiqiladi. Ammo Bacheletning safari davomida Xitoy Kommunistik partiyasining Shinjondagi lager tizimi va musulmon xalqlarga qarshi kampaniyasi diqqat markazida bo‘lishi kutilmoqda.


BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari so‘nggi marta Xitoyga 2005-yilda borgan edi. Bachelet tashrifini uyushtirish masalasi Pekin bilan bir necha yil davomida muhokama qilindi. Tashrifi davomida Bachelet nima qilishni va nimaga erishishni rejalashtirayotgani haqida to‘liq ma’lumot yo‘q. Xitoy komissarning tashrifidan foydalanib, mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog‘liq ahvol borasidagi tanqidlarni yanada qat’iy rad etishi mumkinligi haqida xavotir izhor qilinmoqda.

Bunday xavotirlarni izhor qilganlar orasida Xitoy bo‘yicha parlamentlararo alyans (Parliamentary Alliance on China, IPAC) xalqaro qonunchilar guruhi ham bor. Guruh 20- may kuni bayonot e’lon qilib, Pekinni «Potyomkin uslubidagi turni» uyushtirganlikda aybladi hamda Bacheletning tashrifi uning ofisi obro‘siga putur yetkazishi mumkinligini ta’kidladi. Bayonotni 18 mamlakat nomidan 40 dan ortiq qonunchi imzolagan.

Xitoy Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan chegaradosh bo‘lgan Shinjonda 1 milliondan ortiq uyg‘ur, qozoq, qirg‘iz va boshqa musulmon ozchiliklarni qamoqxonalarga va lagerlarga tashlagan. Pekin u yerda inson huquqlarini jiddiy poymol qilganlikda, shu jumladan, ushbu guruhlarning madaniy o‘zligini yo‘q qilish yo‘lida keng qamrovli kampaniyani yo‘lga qo‘yganlikda ayblanmoqda.

Human Rights Watch tashkilotning Xitoy bo‘yicha direktori Sofi Richardson bayonot e’lon qilib, «Bacheletning oliy komissar o‘laroq merosi uning qudratli davlatni o‘z nazorati ostida sodir etilgan insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikka tortishga hozirligi bilan o‘lchanadi», dedi.


Oshib borayotgan xavotirlar

Inson huquqlari guruhlari, uyg‘ur faollar va G‘arb rasmiylarining asosiy tashvishi shundaki, BMTning inson huquqlari bo‘yicha eng yuqori lavozimli amaldori hisoblanuvchi Bacheletda Xitoy hukumati qo‘l urgan qonunbuzarliklar haqidagi ayblov va dalillarni to‘liq tekshirish imkoniyati bo‘lmaydi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi (Office of the United Nations High Commissioner for Human Rights, OHCHR) 2018-yildan beri Pekin bilan Shinjonga cheklovsiz safar qilish borasida muzokara o‘tkazib keladi. Bachelet jamoasining besh kishidan iborat ilk guruhi tashrifga tayyorgarlik ko‘rish uchun 25- aprel kuni Xitoyga yetib bordi. Bacheletning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z tashrifi davomida fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashadi.

Ammo Xitoyning o‘ziga qaratilgan har qanday tanqidga toqat qilmasligi, mamlakatda faollarga qarshi tazyiqlar hamda keng qamrovli kuzatuv imkoniyatlari tufayli ko‘pchilik Bachelet tashrifidan biror natija chiqishiga shubha bildirmoqda.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays 20-may kuni bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida:

«Biz rejalashtirilgan tashrifdan qattiq xavotirdamiz», - dedi.

Kotib AQSh «[Xitoy hukumati] Shinjondagi inson huquqlari muhitini to‘liq, manipulyatsiyasiz baholashga ruxsat berishiga umid qilmayotganini» qo‘shimcha qildi.

Tashrif arafasida «Ozod Osiyo» radiosi Shinjondagi rasmiylar uyg‘urlarni chet elliklar bilan gaplashmaslik haqida ogohlantirayotgani hamda Qashqar politsiyasi BMT safariga tayyorgarlik ko‘rish uchun «siyosiy o‘quv mashg‘ulotlariga» yuborilayotgani haqida xabar berdi.

Bachelet 26-may kuni, ya’ni o‘z xizmat safarining birinchi kunida Xitoydagi 70 ga yaqin diplomatik vakolatxonalar rahbarlari bilan virtual uchrashuv o‘tkazdi. Bloomberg nashrining xabar berishicha, BMT rasmiysi onlayn uchrashuv chog‘ida o‘z tashrifidan katta natija kutmaslikka chorlagan. Uchrashuv davomida bir necha diplomat «Pekinning safarni manipulyatsiya qilish urinishlari haqida chuqur xavotir» izhor qilgan.

Xitoy rasmiylari Bacheletning tashrifini «tergovga» aylantirilmaslik kerakligini bir necha bor ta’kidlab, faqat «do‘stona tashrifni» mamnuniyat bilan kutib olishlarini aytishdi.

OHCHR Xitoy lagerlaridan omon chiqqanlar bilan suhbatlar, yetakchi olimlar bilan intervyular, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari hamda sizdirilgan Xitoy hukumati hujjatlari kabi ochiq manbalardan to‘plangan dalillar asosida uch yildan beri hisobot yozmoqda. Tashkilot hisobotni Bacheletning Xitoyga safari munosabati bilan va nihoyat e’lon qilishi kutilmoqda.

Butun dunyo bo‘ylab yuzlab huquq guruhlari Bacheletni hujjatni e’lon qilishga chorlab keladi. Ammo hisobot hanuz nashr etilmagan va hozirgi tashrif ortidan undagi ayrim topilmalar yashirilishi mumkinligi haqida xavotir yuzaga bor.

Pekinning global kampaniyasi

Pekin Shinjondagi siyosati bo‘yicha ayblovlarni rad etib, o‘z xatti-harakatlarini «ekstremizmga qarshi kurash», uyg‘ur, qozoq va qirg‘iz va boshqa xalqlar qamalayotgan lagerlarni esa «qayta tarbiyalash markazlari» deya iddao qilib keladi.

O‘z siyosati xalqaro miqyosda tobora ko‘proq tanqid qilinayotgan bir paytda Pekin o‘zining siyosiy va iqtisodiy ta’siri kuchayib borayotganidan foydalanib, ayrim hukumatlarni tilini tiyishga va o‘z siyosatini qo‘llashga chorlamoqda.

Pekin Sudan va Tojikiston kabi Xitoyga do‘stona siyosat yurituvchi davlatlar diplomatlari va rasmiylari uchun Shinjonga sayohat uyushtirgan. Ushbu mamlakatlarning davlat va mahalliy ommaviy axborot vositalarida Xitoy siyosati olqishlandi.

Асли қозоғистонлик этник уйғурнинг Хитой қамоқхонасидаги 15 ойи
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:26 0:00


Xitoyning bunday ta’siri BMT kabi xalqaro tashkilotlarga ham yetib bordi. BMTda Pekin ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarni Xitoyni qoralashga qaratilgan chora-tadbirlarni qo‘llamaslikka yoki ovoz berishdan bosh tortishga ko‘ndirdi. Natijada asosan G‘arb davlatlaridan iborat oz sonli mamlakat Xitoy siyosatiga qarshi chiqishga jur’at qilmoqda.

2021-yil iyun oyida Ukraina BMT Inson huquqlari kengashida 40 dan ortiq davlatga qo‘shilib, Shinjonga kuzatuvchilar cheklovisiz kiritilishini qo‘llab ovoz berganidan keyin, Ozodlik va The Associated Press Pekin Kiyev bilan savdoni cheklashi va hamda mamlakatga COVID-19 vaktsinalarini eltib berishni kechiktirishini aytib, tahdid solgani haqida xabar bergandi.

Xitoyning Shinjondagi siyosati qo‘shnilariga, ayniqsa Markaziy Osiyo davlatlariga ham ham chuqur ta’sir ko‘rsatmoqda.

Masalan, Qozog‘iston 2017 va 2018-yillarda Pekin lagerlar tizimi kengaytirilganidan so‘ng Qozog‘istonda faollar hamda mamlakatga Shinjondan qochib borgan sobiq mahbuslar boshdan kechirganlari haqida ko‘rsatma bera boshladilar.

Ayni paytda, uyg‘ur guruhlar advokatlari Xalqaro jinoyat sudiga (XJS) Tojikiston hukumati uyg‘urlarni Xitoyga jo‘natib, Pekin bilan hamkorlik qilayotganini ko‘rsatuvchi dalillarni taqdim etgan.

XS
SM
MD
LG