Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 07:12

"Voz kechish qiyin bo‘lgan avtoritar odatlar". Umurzoqov yangi Mirziyoyev bo‘lishi mumkin - ekspert


Sardor Umurzoqov selektor majlisida. Dekabr, 2022.
Sardor Umurzoqov selektor majlisida. Dekabr, 2022.

Energetika inqirozi davrida O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasining shaffof bo‘lmagan xatti‑harakatlari haqida OpenDemocracy nashri o‘z insayderlariga tayanib maqola chop etdi.

O‘zbekiston hukumatidagi ikki manbaning nashrga bildirishicha, mamlakat prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov dekabr oyida hukumat majlisida ishtirok etgan yuqori lavozimli energetika xodimini zudlik bilan hibsga olishga buyruq bergan.

“Bizni bu ahvolga tushirganlar jazosiz qolmaydi. Ularning ba’zilari shu yerda, oramizda o‘tirishibdi”, degan edi Umurzoqov hibsga olishdan ikki kun oldin o‘tgan yig‘ilishda. Uning so‘zlari O‘zbekiston bo‘ylab odamlar qattiq sovuqda gaz va elektrsiz qolgan pallada yangradi.

OpenDemocracy nashrining yozishicha, prezidentlikka ehtimoliy nomzod sifatida ko‘rilgan 45 yoshli Umurzoqov rasmiylarning elektr taqchilligi oldini ololmaganidan g‘azablangani aniq.

Toshkent viloyat energetika mulozimi Muzaffar Aliyev o‘tgan yil dekabridagi hukumat majlisi chog‘ida hibsga olingan.
Toshkent viloyat energetika mulozimi Muzaffar Aliyev o‘tgan yil dekabridagi hukumat majlisi chog‘ida hibsga olingan.

"Agar boshqa hududlardagi mas’ullar ham bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmasa va qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ysa, ularga ham albatta xuddi shunday jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi, ", degan Umurzoqov hibsga olish voqeasidan bir necha kun oldin o‘tgan uchrashuvda.

O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi manbalarning da’volarini rad etib, OpenDemocracy nashriga Umurzoqov amaldorni hibsga olishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyruq bermaganini aytgan. Unga ko‘ra, hibsga olish Bosh prokuratura tomonidan amalga oshirilgan.

O‘choqda ovqat pishirayotgan toshkentliklar

Maqolada sovuq havo va Rossiya gazi narxining oshishi bilan bog‘liq import taqchilligi, so‘nggi bir oy ichida butun mamlakat bo‘ylab odamlarni issiqliksiz qoldirgani ta’kidlanadi.

Gaz va elektr energiyasidagi uzilishlar bunday inqirozlarga duch kelmagan poytaxt Toshkentga ham ta’sir ko‘rsatdi.

“Toshkentda gaz yoki elektr yo‘qligi sababli kechasi ko‘chada o‘choqda ovqat pishirayotganlar kimningdir jazolanishini xohlaydi”, deydi Markaziy Osiyoda 35 yillik tajribaga ega jurnalist Bryus Panniyer.

O‘tgan haftada inqiroz uchun mas’ul hisoblangan amaldorlar jazolandi. Toshkent shahar hokimi, O‘zbekiston energetika vaziri o‘rinbosari, elektr stansiyalari tarmog‘i rahbari va poytaxtdagi bir qancha mahalliy amaldorlar elektr quvvati taqchilligi oldini olmagani uchun vazifasidan ozod etildi. Jamoatchilikning noroziligi ham yangi bosqichga ko‘tarildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston huquq-tartibot idoralariga ishdan olingan mansabdorlar, jumladan, Toshkent shahar hokimi, tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayevni davom etayotgan energetika inqirozi yuzasidan tekshirishni topshirdi.

Ishdan bo‘shatish, hibsga olish va tergov tahdidlari

“O‘zbekiston rahbariyatining qaror qabul qilishida favqulodda hech narsa yo‘q. Har gal biror yirik inqiroz yuz bersa, uning oldini olishga mas’ul bo‘lganlar ishsiz qolayotganini ko‘ramiz”, deydi Karnegi jamg‘armasi eksperti Temur Umarov.

“Favqulodda narsa shundaki, bu juda yuqori darajada sodir bo‘lmoqda. Ortiqxo‘jayevni dastlab prezidentning o‘zi Toshkent shahar hokimi etib tayinlagan edi”, deydi Umarov.

OpenDemocracy manbalariga ko‘ra, Sardor Umurzoqov ishdan bo‘shatish, hibsga olish va tergov tahdidlari bilan kechgan energetik inqirozga nisbatan avtoritar choralarda muhim rol o‘ynagan.

Panniyer OpenDemocracy nashriga aytishicha, Umurzoqov prezidentning «ijrochi»si rolini o‘z zimmasiga olgan ko‘rinadi, bu rolni Mirziyoyev O‘zbekistonning sobiq rahbari Islom Karimov davrida bosh vazir bo‘lganida o‘ynagan edi.

OpenDemocracy nashrining yozishicha, 45 yashar Umurzoqov prezidentlikka ehtimoliy nomzod sifatida ko‘riladi.
OpenDemocracy nashrining yozishicha, 45 yashar Umurzoqov prezidentlikka ehtimoliy nomzod sifatida ko‘riladi.

Panniyerning tushuntirishicha, ijrochiga ega bo‘lish ayniqsa muhim, chunki Mirziyoyev o‘ziga yana ikki yetti yillik muddatga prezidentlikka nomzodini qo‘yishga ruxsat beruvchi qonunni qabul qilishga tayyorlanyapti.

“Bu tuzatishlar kiritilayotganda Mirziyoyevga uni yana 14 yil davomida hokimiyatda ushlab turish uchun tartibni saqlay oladigan odam kerak edi, – deydi Panniyer. – Umurzoqovning ishi Mirziyoyev uchun “hujumchi" vazifasini bajarish" (inglizcha matnda - ‘attack dog’ - tahr.)ga o‘xshaydi.

Tuzatishlar 2022-yilning iyun oyida, Umurzoqov tayinlanishidan bir oy oldin ommaga e’lon qilindi, Panniyer buni “tasodifiy bo‘lishi mumkin emas” deb hisoblaydi.

OpenDemocracy nashrining so‘roviga javoban Prezident Administratsiyasi «ijrochi» bilan taqqoslashni rad etib, buni «bema’nilik» deb atagan. Karimov davridagi Bosh vazir va Prezident Administratsiyasining hozirgi rahbari roli va mas’uliyati “mohiyatan farq qiladi”, deydi Administratsiya.

Hokimiyatga kelish

Umurzoqovning bir necha yil ichida savdo vaziridan bosh vazir o‘rinbosari va Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimiga ko‘tarilishi Prezident Mirziyoyevning O‘zbekiston boshqaruv tizimini modernizatsiya va isloh qilish yo‘lidagi harakatlarining bir qismidir.

Mirziyoyevning kun tartibidagi eng muhim masala boshqaruvga yangi kuch va g‘oyalarni olib kirish uchun Umurzoqov kabi yosh avlod rahbarlarni yuqori lavozimlarga tayinlash edi.

Umurzoqovning otasi O‘ktam Umurzoqov taniqli olim bo‘lib, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori bo‘lgan. Katta Umurzoqov ushbu institutni tamomlagan Mirziyoyevning eski do‘sti edi.

Uning o‘g‘li Sardor Umurzoqov, bir qancha xalqaro investitsiya banklari boshqaruvida O‘zbekiston nomidan ham faoliyat yuritgan, g‘arbparast liberal imijiga ham mos keladi. U Buyuk Britaniyaning Reding universitetida bank ishi bo‘yicha tahsil olgan, keyinchalik O‘zbekiston Milliy banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va O‘zbekiston g‘aznachiligida ishlagan. 2022-yil iyulida u Prezident Administratsiyasi rahbari etib tayinlandi.

Umurzoqov hukumat amaldorlarining qonunbuzarliklariga nisbatan keskin gaplari bilan O‘zbekistonda OAV sarlavhalariga chiqdi.

“Hurmatli prezidentimiz bir qarorga keldi”, dedi Umurzoqov sentabr oyidagi tozalash vaqtida viloyat hokimlaridan biriga. “Birinchidan, siz hozirgi lavozimingizdan olinasiz. Ikkinchidan, sizning harakatlaringizga huquqiy baho beriladi. Chiqib keting."

Prezident Administratsiyasi OpenDemocracy nashriga Umurzoqov shunchaki "vakolatli organlar qarorlarini e’lon qilgani" va hokimlarni ishdan bo‘shatish haqida o‘zi buyruq bermaganini aytdi.

Administratsiyaning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning Mahalliy boshqaruv to‘g‘risidagi qonuniga ko‘ra, Umurzoqov “hokimlarni ishdan bo‘shatish vakolatiga ega emas”, ammo ularning ishini tekshirishni boshlashi va javobgarlikka tortishi mumkin.

Issiqxona mojarosi

Oktabr oyida Umurzoqovning yuzlab issiqxonalar gaz ta’minotidan uzilgani ortidan mansabdor shaxslar va energetika shirkati rahbarlarini jinoiy javobgarlikka tortish bilan qo‘rqitgani haqidagi shov‑shuvli audioyozuv tarqalgan edi.

“Jinoyatning zarracha alomati bo‘lsa ham, so‘ramasdan tekshirasiz. Qonun doirasida, – degan u boshqa vazirlar bilan uchrashuvda va amaldorlar xatti-harakatlarini "milliy xavfsizlikka tahdid" deb atagan.

Prezident Administratsiyasi ta’kidlashicha, audioyozuv “kontekstdan yulib olingan va to‘liq manzarani aks ettirmaydi”.

“10 mingga yaqin ish o‘rinlarini xavf ostiga qo‘yayotganini” hisobga olib, yig‘ilishda Umurzoqov tegishli organlarga «Xududgazta’minot» davlat aksiyadorlik jamiyati hududiy rahbariyati harakatlariga huquqiy baho berishni tavsiya qilgan.

U buni prezident Mirziyoyev “biznes egalarining noroziligidan xabar topgani” va “Administratsiya rahbariga bu masalani o‘rganishni topshirganidan” keyin qilgan.

"Yaxshi bo‘ldi, shunga loyiq edi..."

Panniyer OpenDemocracy nashriga bergan intervyusida “O‘zbekistonda davlat amaldorlariga nisbatan odamlarda shubha va norozilik hukmron” deydi.

U shunday qo‘shimcha qildi: "Odamlar amaldorlarning hokimiyatga qanday kelishiga haqiqatan ham ta’sirga ega emaslar, ular haqiqatan ham ularning xatti-harakatlariga ta’sir qila olmaydilar, shuning uchun amaldorlar ketganda, umumiy tuyg‘u shu: yaxshi bo‘ldi, ular shunga loyiq".

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Umurzoqov qo‘lida ishlagan sobiq ikki xodim OpenDemocracy bilan suhbatda jinoiy tergov boshlash bilan tahdid qilish Umurzoqovning boshqaruv uslubiga to‘g‘ri kelishi, u “shuhratparast kulrang kardinal” ekanini aytgan.

Bu ikki manbaning iddao qilishicha, u vazirliklarda soatlab cho‘zilgan yig‘ilishlar o‘tkazgan, xodimlarni haqoratlagan.

Prezident Administratsiyasi OpenDemocracy nashriga Umurzoqov “faoliyati davomida majburlash yoki qo‘pol ishontirish taktikasini qo‘llamagani” va “bu gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini” aytdi.

“Janob Umurzoqov yuksak madaniyatli shaxs va boshqalardan ajralib turadigan davlat xizmatchisidir”, deydi Adminstratsiya.

OzodNazar: Мирзиёев маъмурияти янги бошлиғи Сардор Умурзоқов ҳокимларни йиғилишдан ҳайдади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:44:53 0:00

Voqea joyida hibsga olingan

Umurzoqovning jinoiy javobgarlikka tortishga urinishi dekabr oyida kutilmagan sovuq, elektr va gaz ta’minotidagi taqchillik vaqtida namoyon bo‘lgan.

Bu tanqislik o‘nlab yillar davom etgan e’tiborsizlik, O‘zbekistonning sovet davridagi elektr tarmoqlariga yetarli sarmoya kiritilmagani ortidan paydo bo‘ldi. Ayniqsa, sovuq qish oylarida, energiya ta’minoti ko‘pincha mahalliy hokimiyat organlari bilan aloqaga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Prezident ma’muriyati OpenDemocracy’ga “faqat o‘tgan bir necha oy ichida” mamlakat energiya boshqaruvi tizimlarida 192 ta suiiste’mol holati qayd etilganini aytdi.

Panniyer shunday deydi: “O‘zbekistonda ketma-ket uchinchi yil qishda elektr energiyasi va gaz taqsimoti bilan bog‘liq jiddiy muammolar kuzatilmoqda.

Inqiroz nafaqat poytaxtdagi odamlarga, balki ularga buyuk yangi O‘zbekistonni va’da qilgan Prezident Mirziyoyevning obro‘siga ham putur yetkazmoqda”.

Umurzoqov 11-dekabr kuni vazirliklar va mahalliy hokimiyatlar vakillari hamda O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev bilan mamlakatning gaz ta’minoti muammolariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Uchrashuvdan xabari bo‘lgan ikki kishi openDemocracy’ga aytishicha, Umurzoqov Yo‘ldoshevdan energetika holati bo‘yicha tergov haqida hisobot talab qilgan.

Manbalarga ko‘ra, Yo‘ldoshev «Xududgazta’minot» davlat gaz ta’minot kompaniyasining Toshkent filiali boshlig‘i o‘rinbosari tergov qilinayotganini aytgan. Shundan so‘ng Umurzoqov yig‘ilishda Toshkent shahar filiali rahbari Muzaffar Aliyev haqida so‘ragani xabar qilingan.

Ikki manbaga ko‘ra, Umurzoqov filial rahbari tergov qilinmayotganidan xabar topib, Aliyevning qo‘liga zudlik bilan kishan solib, hibsga olishni buyurgan.

O‘sha kuni kechroq Bosh prokuratura uning hibsga olingani haqida bayonot tarqatdi, jumladan, Aliyevning qo‘li kishanlangan surati ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Aliyevga nisbatan mansab vakolatini suiiste’mol qilganlik aybi qo‘yilgan. Vaziyatdan xabardor manbaga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida Umurzoqov qo‘li kishanlangan Aliyev suratini ommaviy axborot vositalariga tarqatishni talab qilgan.

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, tergovga qadar hibsga olish uchun tekshiruv o‘tkazilishi yoki hibsga olish to‘g‘risidagi sud qarori talab qilinadi.

OpenDemocracy bu tartib Aliyevning ishida kuzatilganmi yoki yo‘qligini mustaqil tasdiqlay olmadi.

Prezident Administratsiyasi manbalar bergan versiyani inkor etib, Umurzoqov Aliyevni hibsga olishga "to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita buyruq bermagan"ligini aytdi.

Unda aytilishicha, Bosh prokuratura uchrashuv chog‘ida Aliyevning hibsga olingani haqida ma’lumot bergan.

“Hibsga olishga buyruq berish vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlarining vakolatiga kiradi”, deb Administratsiya Aliev sud qarori bilan lavozimidan chetlatilganini ta’kidladi.

Administratsiya, shuningdek, Aliyevning hibsga olingani surati internetda e’lon qilingan vaqtida, Umurzoqov o‘sha yig‘ilishda bo‘lgani, fotosuratni ommaga e’lon qilishni buyurmaganini ta’kidlagan.

18-yanvar kuni O‘zbekiston matbuoti Aliyevning garov evaziga qo‘yib yuborilgani haqida xabar berdi.

Президент Администрациясининг янги раҳбари Сардор Умурзоқов ким?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:12 0:00

Viloyatlardagi yangi lavozimlar

Ikki oy muqaddam Umurzoqovning ambitsiyalaridan dalolat beruvchi yana bir o‘zgarish bo‘ldi, Prezident administratsiyasi mamlakatning o‘nlab viloyat hokimliklarida yangi lavozim: Prezident Administratsiyasi rahbari yordamchisi lavozimini joriy qildi.

Mazkur yangi yordamchilar fuqarolarning muammolarini hal etish maqsadida tashkil etilgan Xalq qabulxonalarida joriy etilmoqda. Yordamchilar fuqarolarning mahalliy mansabdor shaxslarga nisbatan rasmiy shikoyatlarini sudlarga yuborish huquqiga ega, ular mansabdor shaxslarni ma’muriy huquqbuzarliklar uchun javobgarlikka tortishlari mumkin. Fuqarolar muammolarini hal etishda viloyat hokimliklari obro‘si yaxshi emas.

Panniyer Umurzoqovning rolini prezident rejalashtirgan konstitutsiyaviy o‘zgarishlar bilan bog‘ladi. “Mirziyoyevga hozir mamlakatda uning shaxsiy obro‘siga putur yetkazadigan voqealar kerak emas”, deydi u.

“Hududlarda muammolar yuzaga kelganda, Mirziyoyev Karimovning ijrochisi sifatida u erga borib, talablar bajarilmasa, bu og‘ir oqibatlarga olib kelishi bilan tahdid qilgan”, deydi Panniyer. Umurzoqov yangi Mirziyoyev bo‘lishi mumkin”.

Karnegi jamg‘armasi eksperti Temur Umarovning OpenDemocracy nashriga aytishicha, “Mirziyoyev va Umurzoqov o‘rtasida juda katta ishonch bor” va Umurzoqovning bugungi roli bilan Mirziyoyevning Karimov davridagi rolini qiyoslash o‘rinli".

Prezident Administratsiyasining ta’kidlashicha, “janob Umurzoqovning ko‘p sonli sobiq va hozirgi hamkasblari u tajribali menejer sifatida har doim prinsipial muzokaralarni qo‘llab-quvvatlashini bilishadi. Bu muzokaralar ba’zan mazmunan qattiqqo‘l bo‘lishi mumkin, ammo ishtirokchilarga nisbatan har doim muloyim bo‘lgan”.

XS
SM
MD
LG