Venesuelada muxolifat liderlaridan biri, sobiq deputat Mariya Korina Machado Karakatda bo‘lib o‘tgan norozilik mitingi ortidan qo‘lga olindi. Uni mototsikldan yiqitishib, noma’lum tomonga olib ketishgan. Bu haqda El Confidencial gazetasi xabar qildi.
57 yoshli Machado hukumatparast guruhlardan biri bo‘lgan norasmiy xavfsizlik organlari tomonidan ushlab ketilgan bo‘lishi mumkin, deb yozgan nashr. Muxolifatchini qo‘lga olishda mototsikl va jiplardagi qurolli odamlar ishtirok etishgan, ularning yonida dronlar bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, muxolifatchining safdoshlariga qarata o‘t ochilgan, ulardan biri yaralangan.
Machadoning ushlab ketilishi prezidentni qasamyodga keltirish marosimidan bir kun oldin sodir bo‘ldi. O‘tgan yil yozida o‘tkazilgan saylov natijalariga ko‘ra, unda amaldagi prezident Nikolas Maduro yana g‘olib deb e’lon qilingan. Muxolifat uning g‘olibligini tan olmaydi va saylovda muxolifat nomzodi Edmundo Gonsales g‘alaba qozondi, deb hisoblaydi. U saylovdan keyin mamlakatni tark etgan, biroq 10-yanvar kuni Karakasda qasamyod qilishini bildirgan.
El Confidencial qaydicha, bugungi kunga qadar Venesuela rasmiylari muxolifatning asosiy liderlarini qo‘lga olishdan tiyilishgan, buning o‘rniga ular muxolifatchilarning mamlakatdan chiqib ketishiga erishishga urinishgan. Machado Venesueladan chiqib ketgan emas.
Avvalroq Nikolas Maduro Qurolli kuchlarga safarbar qilingan zaxiradagilarni qasamyodga keltirish marosimida Machadoni qator portlashlar tashkil etish va mamlakat rahbariyatiga suiqasdlar uyushtirishga uringanlikda ayblab chiqqan edi.
Dunyodagi ko‘plab mamlakatlar tomonidan prezident saylovi g‘olibi o‘laroq e’tirof etilgan Gonsales Machadoning zudlik bilan ozod etilishini talab qilgan. Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotining Amerika ofisi vakili Xuan Pappe muxolifatchining ozod etilishi uchun jahon hamjamiyati birlashishi lozimligini bildirgan. Venesuela rasmiylari vaziyat yuzasidan hali izoh berganlaricha yo‘q.