Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:40

Vaksina "bepul". O‘zbekistonda aholini koronavirusga qarshi ommaviy emlash qachon boshlanishi ma’lum qilindi


Xitoyning Sinopharm kampaniyasi ishlab chiqqan Covid-19 ga qarshi vaktsina - 3 - fevral, 2021
Xitoyning Sinopharm kampaniyasi ishlab chiqqan Covid-19 ga qarshi vaktsina - 3 - fevral, 2021

O‘zbekistonda COVID-19 infeksiyasiga qarshi ro‘yxatga olingan ilk vaksina - ZF-UZ-VAC 2001 rekombinant (CHO cell) vaksinasi bilan aholini ommaviy emlash mart oyi o‘rtasida boshlanishi kutilmoqda.

Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot kotibi Nazokat Azimga ko‘ra, shu kunda bu vaksinani O‘zbekistonga olib kelish hamda mamlakatda ishlab chiqarish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.

Toshkentdagi JURABEK LABORATORIES shirkati mulozimi, Xitoy tomoni bilan birga, ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasini ushbu shirkatda ishlab chiqarish imkonlari o‘rganilayotganini bildirdi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining vaksina masalalari bo‘yicha eksperti Dilorom Tursunovaga ko‘ra, birinchi bo‘lib 2 million 600 ming doza AstraZeneca (AZD1222) vaksinasi yetkazilishi rejalangan.

Bu rasmiyga ko‘ra, AstraZeneca vaktsinasi O‘zbekistonga bepul yetkaziladi, hozircha birlamchi 4 million va keyinchalik qolgan 30 million aholini ham bu kasallikka qarshi bepul emlash rejalanmoqda.

O‘zbekiston hukumati Maxsus komissiyasi tomonidan 17 - fevral kuni Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini ro‘yxatga olish jarayonini boshlashga ruxsat bergani haqida rasmiy bayonot berilgan, ammo shu kunga qadar bu vaksina ro‘yxatga olingani rasman e’lon qilinmadi.


“Aholini Xitoy vaksinasi bilan emlash martda boshlanadi”

Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot kotibi Nazokat Azimga ko‘ra, O‘zbekistonda mart oyining o‘rtalaridan boshlab aholining birinchi navbatda emlanadigan qatlamini Xitoy vaksinasi bilan ommaviy emlashni boshlash kutilmoqda:

“Bular rasman e’lon qilingan qatlam - kasallik yuqish xavfi yuqori bo‘lgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillari bo‘ladi. Ular bepul emlanadi. Shu kunda bu vaksinani O‘zbekistonga olib kelish hamda mamlakatda ishlab chiqarish bo‘yicha muzokaralar hali ham davom etmoqda”.

Nazokat Azim, ayni paytda O‘zbekiston hukumati COVID-19 kasalligiga qarshi vaksina ishlab chiqarayotgan 8 ta xalqaro shirkat bilan muzokaralar olib borayotganini eslatdi, ammo bu muzokaralar natijasi haqida biror ma’lumotga ega emasligini bildirdi.

“Masalan, Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini ham O‘zbekistonda ro‘yxatga olishga ruxsat berilgan. Kelgusida o‘zbekistonliklarga emlanish uchun bir necha turdagi vaksina taqdim qilinadi va odamlar o‘zi tanlaydi. Lekin bular qaysi vaksinalar bo‘ladi va ular pullik bo‘ladimi-yo‘qmi, hozircha bu borada aniq ma’lumot yo‘q menda”, - dedi Nazokat Azim.

O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi 2020 - yilning 19 - noyabridan beri Xitoyning Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasi chiqargan ZF 2001 - vaksinasi 3-bosqich klinik sinovlarida qatnashib kelmoqda.

Bu sinov jarayoni O‘zbekiston rasmiy matbuotida katta targ‘ibot kampaniyasi ostida yoritilmoqda va bunga faol blogerlar ham jalb qilingani kuzatildi.


6 oylik hamkorlikdan so‘ng Xitoy tomoni, O‘zbekistonga bu vaksinani yaratishda “hammuallif”lik maqomini taqdim qildi va vaksina nomi ZF-UZ-VAC 2001 deb o‘zgartirildi.

1 - mart kuni, hali 3-bosqich natijalari O‘zbekiston va dunyoning bir necha mamlakatida tugamay turib, bu vaktsina O‘zbekistonda DV/X 08646/03/21 raqami bilan rasman ro‘yxatga olindi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi rasmiysi Nazokat Azim 3-bosqich klinik sinovlar natijasi mayda tayyor bo‘lishi, tadqiqotning o‘zi esa 2021 - yil kuzida bitishi rejalanganini bildirgan.

Rasmiyga ko‘ra, aholini koronavirusga qarshi tezroq emlash zarurati tug‘ilgani va dunyoda vaksina tanqisligi mavjudligi bois, klinik sinovlar muvaffaqiyatli o‘tgan bu vaksinani tezroq ro‘yxatdan o‘tkazish va aholini ommaviy emlashga qaror qilingan.

“Vaksina ishlab chiqaradigan shirkatlar tanlanmoqda”

Hozirga qadar bu vaksinani O‘zbekistonga olib kelish va mamlakatda ishlab chiqarish jarayonining davlat buyurtmasi va davlat tashkiloti tuzilmalari nazorati ostida bo‘lishi, bu sohaga xususiy sektor vakillari aralashtirilmasligi aytib kelinmoqda.

Ammo Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining vaksina masalalari bo‘yicha eksperti Dilorom Tursunovaga ko‘ra, O‘zbekistonga vaksina yetkazish va uni ishlab chiqarish sohasiga jalb qilinishi mumkin bo‘lgan ba’zi xususiy mahalliy shirkatlar nomi ham tilga olinmoqda.

“Aynan qaysi shirkatlar ekanini men sizga aniq aytolmayman. Mening bilganim O‘zbekistonning “Jo‘rabek”ning (JURABEK LABORATORIES xususiy shirkati) nomi ketyapti, “O‘zbiofarm” ilmiy tekshirish instituti bo‘lishi mumkin. Lekin men sizga bu haqida aniq ma’lumot berolmayman, aniq bilmayman”,- dedi Ozodlik bilan 23 - fevral kungi muloqotda SSV rasmiysi.

Xitoy tomoni JURABEK LABORATORIES shirkatiga “qiziqish bildirdi”

JURABEK LABORATORIES xususiy shirkati vakili 2 - mart kuni Ozodlik so‘roviga javoban SSV rasmiysidan olingan ma’lumotnii tasdiqladi.

Ismi ochiqlanishini istamagan shirkat vakilining so‘zlariga ko‘ra, Xitoyning Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasi JURABEK LABORATORIES shirkatida mavjud texnologiyaga alohida qiziqish bildirgan.

Ushbu shirkat yuqori texnologiya hisoblangan - liofil quritish uskunalari (dorini suyuq shaklda tayyorlab, avval muzlatib, so‘ngra past haroratda vakuum ostida quritishga mo‘ljallangan texnologiya - tahr.)ni mamlakatga olib kelgan yagona xususiy shirkatdir.

“Hozir Xitoy tomoni bilan birga koronavirus vaksinasini lokalizatsiya qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqilyapti. Qachon xulosa berilishi, xulosa berilganidan keyin ish boshlanadimi, boshlansa qachon boshlanadi - hozir bu savollar ochiq turibdi, ularga javob berish imkonsiz”, - dedi shirkat vakili.

Ayni paytda xususiy sektor vakili vaksinani ishlab chiqargach, uni aholiga sotadimi yoki faqat davlat buyurtmasi asosida ishlab chiqaradimi - bu savollarga ham hanuz javob yo‘qligini aytdi.

Bunga qadar Xitoy vaksinasi sinovlarini olib borayotgan Innovatsion texnologiyalar vaziriligi ushbu vaksina faqat davlat buyurtmasi asosida olib kelishi va uni ehtimoliy ishlab chiqarish jarayonida ham xususiy sektor ishtirok etmasligini bildirgan edi.

“2 mln. 640 ming doza AstraZeneca vaksinasi bepul yetkaziladi”

Rasmiylarga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro COVAX fondiga a’zoligi doirasida, vaksina ishlab chiqaruvchi davlatlardan 2 million 640 ming doza bepul vaksina yetkazilishi bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

“Bu Buyuk Britaniyada ishlab chiqarilgan AstraZeneca (AZD1222) vaksinasi. 2 ga bo‘linib keladi, birinchi 40 foiz, keyin 60 foiz. Bu yilning o‘zida 4 million 112 vaksina kirib kelsa va shu ro‘yxatdagi aholini emlab olsak, bu juda katta ish bo‘ladi. Chunki 34 million doza vaksina bu yil kelmaydi hali, unaqa vaksina yo‘q hali”, - dedi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining vaksina masalalari bo‘yicha eksperti Dilorom Tursunova.

SEOJS dastlabki ro‘yxatga bepul emlanishi kutilayotgan 4 112 668 kishi kiritilganini bildirgan:

  • 65—74 yoshgacha bo‘lgan qariyalar 1 085 797 nafar;
  • 75 yoshdan 84 yoshgacha bo‘lgan keksalar 388 686 nafar;
  • 85 yosh va undan yuqori yoshdagi keksalar 139 280 nafar;
  • tibbiyot xodimlari 447 976 nafar;
  • surunkali kasalliklari bor aholi (18−65 yosh) 888 190 nafar;
  • maktab o‘qituvchilari 689 383 nafar;
  • maktabgacha ta’lim muassasasi xodimlari 223 426 nafar;
  • qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari 180 ming nafar.

D. Tursunovaning ma’lum qilishicha, hozirda O‘zbekiston AstraZeneca shirkatining Buyuk Britaniya va Hindistonda chiqarilgan vaksinalari, Sputnik V va Xitoy vaksinasini kutmoqda.

Xususan, “Sputnik V” vaksinasi, bu rasmiyning Ozodlikka bildirishicha, 15 - fevralda O‘zbekistonda sertifikatsiyadan o‘tgan.

“Bu yaxshi vaksina, agar davlatimiz uni olsa, aholini vaksina qilishni boshlaymiz. Yana ozgina sabr qilsangiz, tez orada hammasi oydinlashadi va matbuotga ochiqlanadi. Bular mening hozircha bilganlarim, bugun vaziyat shunday. Ertaga bo‘ladigan o‘zgarishlar xabar qilinadi”, - dedi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining vaksina masalalari bo‘yicha eksperti Dilorom Tursunova 23 - fevral kungi muloqotda.

Yana 3 trillion so‘m ajratiladi

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurash va vaksina uchun yana 3 trillion so‘m ajratilishi aytilgan.

Maxsus komissiya qarori bilan O‘zbekistonda Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini ro‘yxatga olish va ishlab chiqarishni boshlashga ruxsat berilgani 17 - fevral kuni ochiqlangan edi. Ammo Ozodlik 2 - mart holatiga bu vaksina O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgani haqida biror rasmiy ma’lumot topa olmadi.

O‘zbekistonda 2016 - yil 4 - yanvarda tasdiqlangan "Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga binoan, dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga, qoida tariqasida, ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin ruxsat etiladi.

Rossiyada ishlab chiqarila boshlagan “Sputnik V” vaksinasiga 2020 - yil sentabrda 34 million doza uchun buyurtma berilgani va shu bilan O‘zbekiston aholi soniga teng vaksinaga buyurtma bergan davlatlardan biriga aylangani haqida rasmiy bayonotlar berilgan edi.

Ammo bugunga kelib, rasmiylar Rossiya vaksinasiga berilgan buyurtma masalasini umuman tilga olmayotir. Ozodlik bog‘langan davlat idoralari, xususan O‘zbekiston tomoni bilan shartnoma imzolagan Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar fondi ham savollarni javobsiz qoldirdi.

22 - fevral kuni parlamentda o‘tgan yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev dunyodagi 8 ta vaksina ishlab chiqaruvchi shirkatga 3 million doza uchun buyurtma berilgani, birortasidan ijobiy javob olinmaganini tan olgandi.


Ayni yig‘ilishda aytilishicha, dunyoda 13 ta farmatsevtika kompaniyasi hamda ilmiy-tadqiqot markazlari bilan koronavirusga qarshi vaksinani O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha muzokara olib borilmoqda. Ammo aynan qaysi kompaniyalar bilan muzokara borayotgani hozircha ochiqlanmayotir.

XS
SM
MD
LG