Линклар

Шошилинч хабар
05 октябр 2022, Тошкент вақти: 15:01

Ukrainadan qaytgan talabalar o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirishda muammolarga duch kelmoqda


Xarkovda tahsil olgan o‘zbek talabalari.

Urush harakatlari ketayotgan Ukrainadan o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirish istagini bildirgan talabalar muammolarga duch kelmoqda.

Bu haqda Ozodlikka so‘zlab bergan o‘zbek yoshlariga ko‘ra, prezident Shavkat Mirziyoyevning Ukrainadan qaytgan talabalarni O‘zbekiston oliygohlarida o‘qishini davom ettirishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berish to‘g‘risidagi ko‘rsatmasiga qaramasdan ularning holati mavhumligicha qolmoqda.

O‘zbekistonda o‘qishini ko‘chirishda muammolarga duch kelayotganlarning aksari sirtqi, kechki bo‘limda yoki masofaviy ta’limdagi yoshlardir.

Surxondaryolik 22 yashar Ilhomjon Suyunov Kiyevdagi Xalqaro universitetining 2-bosqich talabasi.

- 1700 ta talabadan 600tasi perevod bo‘lar ekan, qolganlarni taqdiri nima bo‘ladi, bilmayapmiz. Kunduzgilarda muammo yo‘q – asosan sirtqi va onlaynda o‘qiganlarda muammo bor. Biz ham O‘zbekistonga ko‘chirilishini kutyapmiz. Vazirlikda ishlaring ko‘rib chiqiladi deyapti, har xil boshqa gaplar yuribdi, - deydi Ilhomjon Suyunov.

O‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalar Oliy ta’lim vazirligi va boshqa mutasaddi idoralarga ham murojaat qilgan.

Fotima va Zuhra Salohiddinovalar Ukrainadagi Xalqaro yvropa universitetining psixologiya yo‘nalishi bo‘yicha 2-bosqich talabalari. Fotima vazirlikdan savollariga aniq javob ololmaganini aytadi:

- Biz turmushga chiqqanimiz sababli o‘qishimizni masofaviyga o‘tkazishga majbur bo‘lganmiz. Hozirda Ukrainadagi notinchlik sabab prezidentimiz qaroriga muvofiq o‘qishimizni bu erga ko‘chirishga arizalar yozdik, Oliy ta’limga murojaat qildik. 26- aprelda chiqqan qarordan norozi bo‘lib, 50ga yaqin talaba vazirlikka bordik, lekin vazirlik o‘rinbosarlari bizga chiqib “Masofaviylar o‘qishinglar o‘tkazilmaydi!”, deb biror dalil ketirmadi.

2022-yilning mart boshlarida prezident Shavkat Mirziyoyev talabalarni bandligini ta’minlash masalasiga oid videoselektor o‘tkazgandi. Unda Oliy ta’lim, Tashqi ishlar vazirligi, viloyat hokimlari boshchiligida komissiya tashkil etilishi va ushbu komissiya Ukrainadan qaytgan talabalarni O‘zbekistonda OTMlarida o‘qishini davom ettirishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berishi ma’lum qilingandi.

- Bugungi kunda Ukraina oliygohlarida 370 dan ziyod yoshlarimiz ta’lim olmoqda va shundan 200 ga yaqini Vatanga qaytarildi. Qolganlarini ham yaqin bir haftada qaytarish uchun barcha choralarni ko‘ryapmiz, - degan Mirziyoyev selektor yig‘ilishida.

Ukrainadan olib kelingan talabalarning aksari tibbiyot, yurisprudensiya, transport, aviatsiya, iqtisodiyot, muhandislik, IT yo‘nalishlarida tahsil olgan.

O‘zbekistonning Kiyevdagi echixonasi Ukrainada ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalardan o‘qishlarini saqlab qolish masalasi bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushayotganini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, Ukraina Ta’lim va fan vazirligi 2022-yil 25- yanvardagi 1/1266-sonli va 2022-yil 15-fevraldagi 1/2588-22-sonli xati bilan Ukrainaning barcha oliy o‘quv yurtlariga masofaviy ta’limni joriy etishni tavsiya qilgan.

O‘zbekiston prezidentining ko‘rsatmasiga muvofiq, ariza topshirgan talabalar joriy yil 26-apreldan o‘qishni ko‘chirish istagini bildirgan oliy ta’lim muassasasiga murojaat qilishlari mumkinligi rasmiy tarzda bildirilgandi.

Mahalliy nashrlar va tarmoqlarda Ukrainaga bormasdan onlayn tarzda o‘qiyotgan talabalarning ham murojaati inobatga olinib, ularning o‘qishi O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirib berilayotgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi.

Buning ortidan Ukrainadan o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ariza bergan 600 dan ortiq talabalarning murojaatlari soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etilgani haqida AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida vazirlik bosh boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov ma’lumot berdi.

Boshqarma boshlig‘i Ukrainadan qaytgan talabalar soddalashtirilgan tartibda, ya’ni test va imtihonlarsiz o‘qishga qabul qilinishini bildirdi. U shuningdek, Ukrainada to‘langan kontrakt to‘lovlari hisobga olinmasligi to‘g‘risida dastlabki qaror borligini ham ma’lum qildi.

Ammo Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Ukraina oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirish istagida bo‘lganlardan jami 1700ga yaqin ariza kelib tushgan.

Qolgan 1100 nafar talabaning taqdiri nima bo‘ladi?

Bloger va yurist Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘zining Telegram-kanalida Oliy ta’lim vazirligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Abduvali Xoliqovning talabalar bilan uchrashuvdan onlayn suhbatni chop etdi.

Unda Abduvali Xoliqov prezident “faqat Ukrainadan qaytarilgan talabalar haqida gapirgani”ga ishora qiladi va muammo “qalbaki hujjatlarda” ekanini gapiradi.

- Joriy yil mart oyida shu masala bo‘yicha davlat rahbari topshiriq bergan. Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, 400ga yaqin yoshlarimiz Ukrainada o‘qishi bo‘yicha ma’lumot berilgan. Lekin topshiriqda aniq aytilgan-ku – “Ukrainadan qaytarilgan talabalar”, ya’ni o‘sha yerda o‘qib turgan talabalar masalasi bo‘lgan edi. Tashqi ishlar vazirligi bergan ma’lumotlar asosida 13ta hududda ishchi guruhlar tashkil etilib, arizalar qabul qilindi. Biz birinchi bosqichini yakunlab, davlat komissiyasiga yubordik – keyingi haftada u tasdiqlanib chiqadi.

Kechikishga asosiy sabab – judayam ko‘p hujjatlar qalbaki ekani shubha ostiga olindi. Bu ustidan tegishli tekshirishlar olib borilyapti. Bu hujjatlari toza bo‘lgan talabalarimizning ko‘chirish bo‘yicha natijalarini chiqarishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, - dedi Abduvali Xoliqov.

Xalq deputatlari Namangan viloyat kengashining sobiq deputati, bloger Olimjon To‘xtanazarov o‘qishini ko‘chirolmayotgan talabalar haqlari uchun kurashayotganlardan biri.

Ozodlik bilan suhbatda Olimjon To‘xtanazarov O‘zbekiston Oliy ta’lim vazirligi prezident Mirziyoyevning talablarini bajarmayotganini aytadi.

- Ukrainada o‘qiyotgan talabalar masalasi prezident tomonidan Tashqi ishlar vazirligiga topshirildi va Polshaga o‘tgan 360ga yaqin kunduzgida o‘qigan talaba O‘zbekistonga olib kelindi. Ammo sirtqida o‘qiydigan talabalarimiz ham bor. Ular juda ko‘pchilik. Ukrainada o‘qiydigan talabalardan 1700ta ariza tushgan. Hukumat bularni o‘rganib chiqib, birinchi ro‘yxatga Ukrainadan evakuatsiya qilingan talabalar kiritilgan. Ikkinchisi O‘zbekistonda turib, onlayn o‘qigan talabalar ro‘yxati berilgan. Prezident tomonidan ham kunduzgi, ham sirtqi o‘qigan talabalarni ko‘chirish yuklatilgan. Lekin hozirda Oliy ta’lim vazirligi boshqacha yo‘l tutyapti, ya’ni “sirtqiga ruxsat yo‘q – faqat kunduzgi o‘qiganlarga” deyapti. Unday bo‘lsa TIV nima uchun ikkita ro‘yxat shakllantirdi? Bu tushunarsiz . Nima, kunduzi o‘qib turgan talaba O‘zbekiston fuqarosi-yu, sirtqidagi talaba O‘zbekiston fuqarosi emasmi?! Bular bir bahona qilib “akkreditatsiyadan o‘tmagan” deyapti, boshqa tomondan “hujjatlari yo‘q” deyapti.

O.To‘xtanazarov
O.To‘xtanazarov

Olimjon To‘xtanazarovning fikricha, ayrim talabalarning Ukraina va O‘zbekistondagi shubhali firmalar orqali o‘qishga kirgani vazirlikda ularga nisbatan ishonchsizlikni keltirib chiqargan.

- Bular nolegal hujjatlarni legallashtirib qo‘yishdan qo‘rqyapti. O‘zim gaplashgan talabalardan biri 3-kurs meditsina o‘qirkan, lekin umuman Ukrainaga bormagan, imtihon topshirmagan. Rus, ukrain, ingliz tilini bilmas ekan, “Siz qanday qilib 2 yil imtihon topshirdingiz?” deyapman. “Biz konsalting markazi bilan gaplashganmiz – 100 dollardan beramiz, semestrdan o‘tkazib qo‘yadi!” deyapti. U ginekolog ekan – qanday unga bolangizni topshirasiz ertaga?! Lekin men ko‘rganlarim ichida haqiqatan o‘qishga chanqoqlari bor! O‘sha noqonuniy kirganlar 100-300ta bo‘lishi mumkindir, lekin qolganlari o‘qib turgan. Bu vaziyatda davlat o‘zining borligini yoshlarga ko‘rsatishi kerak, mana shundagina uning davlatligi bilinadi, - deydi Olimjon To‘xtanazarov.

Ukrainada o‘qiyotgan bir guruh talabalar 2020-yildayoq o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirishni so‘rab murojaat qilgan edi.

O‘zbekiston Oliy ta’lim vazirligi urush boshlanishidan oldin Ozodlikka Ukraina oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirayotgan o‘zbek talabalari soni keskin ko‘payib borayotgani haqida ma’lumot bergandi.

XS
SM
MD
LG