Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:11

"Iyulda vaziyat tubdan o‘zgaradi". Harbiy ekspert Ukrainadagi urushning borishi haqida


Ukraina, Xarkov, 16-may, 2022.
Ukraina, Xarkov, 16-may, 2022.

Pentagon Ukraina hududida Rossiyaning 106 ta batalyon-taktik guruhi (BTG) mavjudligini aytmoqda. AQSh Mudofaa vazirligiga ko‘ra, Rossiya harbiylari sharqiy, markaziy, g‘arbiy va janubiy – to‘rt jo‘g‘rofik yo‘nalishga taqsimlangan. Ulardan eng yirigi – janubiy yo‘nalish. Mariupol va Donetsk viloyatining g‘arbiy qismini hamda Xerson viloyatini Qrim yarimoroli shimoliga qadar qamrab olgan hududda jami 50 ta BTG borligi aytilmoqda. Ayni chog‘da Pentagon har bir guruhning jangovar layoqati va shayligi xususida aniq ma’lumotga ega emasligini, ammo Rossiya harbiylari talafot berishda va texnikalarini yo‘qotishda davom etayotganini qayd etgan.

Avvalroq Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu 2021-yil avgust holatiga Rossiya armiyasida 170 ta BTG bo‘lganini aytgan edi. Har bir BTGda taxminan 600-800 askar bo‘ladi.

“Nastoyashcheye vremya” telekanali harbiy ekspert, Ukraina bosh shtabi sobiq vakili Vladislav Seleznyov bilan vaziyat xususida suhbatlashdi.

– Ukraina Bosh shtabining seshanba tonggida e’lon qilgan xabarnomasida Donetsk yo‘nalishida Rossiya armiyasi chekinayotgani bildirdi. Keyinroq esa Rossiya Severodonetsk hududida talafot ko‘rayotgani va chekinayotgani ma’lum qilindi. Bu rostmi, shunaqa bo‘lishi mumkinmi?

– Ha, shubhasiz, bo‘lishi mumkin, chunki Rossiya-Ukraina frontining xuddi shu bo‘lagida ukrain harbiylari o‘t ochishni kuchaytirdi. Natijada dushmanning hujumkor kuchlari talafot bermoqda. Ayni paytda biz Rossiya bosqinchi armiyasi shaxsiy tarkibni qayta guruhlayotganini kuzatyapmiz. Ya’ni, sezilarli yo‘qotishlarga uchragan bo‘linmalar chekinmoqda. Ular o‘rniga yangi kuchlar kiradi. Ukraina hududiga Rossiyadan qo‘shimcha 9 ta BTG keldi. Endi ular yana bizning bo‘linmalarni siquvga olishga urinishadi. Shu bois Ukraina armiyasi frontning Lisichansk va Severodonetsk bo‘lagida qarshi hujumga o‘tyapti, deyish unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabining sobiq so‘zchisi, harbiy ekspert Vladislav Seleznyov.
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabining sobiq so‘zchisi, harbiy ekspert Vladislav Seleznyov.

Rossiya bosqinchi qo‘shinlari qayta dislokatsiya qilinyapti. Oldinda bizni og‘ir kunlar kutmoqda, chunki rus generallari dastlabki rejalaridan voz kechishmagan va bizning pozitsiyalarimizga hujum qilishda davom etishadi.

– Sizning-cha, Severodonetsk yo‘nalishidagi kichik yutuqlar rossiyaliklar qayta guruhlanayotgani va hujum harakatlarida tanaffus olgani bilan bog‘liqmi?

– Tanaffus qilishmasa bo‘lmaydi, chunki ukrain artilleriyasi juda juda yaxshi ishlayapti. Razvedka, jumladan, aerorazvedka ko‘magida Rossiya armiyasiga aniq va juda og‘riqli zarbalar berib, jiddiy talafot yetkazyapmiz. Qayta guruhlanishga majbur ular.

– Xarkov viloyatida ukrain armiyasi so‘nggi kunlarda Rossiya chegarasi tomon anchagina olg‘a siljishga muvaffaq bo‘ldi. Tushuntirib bering-chi, Xarkov viloyatida bu nima uchun muhim? Eng muhimi, bu Donbassdagi Rossiya armiyasining ta’minot kanallarini to‘sishga yordam beradimi?

– Xarkov viloyati shimolida hududiy mudofaa bo‘linmalari harakat qilmoqda. Ular – o‘z yurti, oilasi va uyini himoya qilish uchun qo‘liga qurol olgan oddiy fuqarolar. Muntazam armiya tuzilmalari u yerda uncha ko‘p emas, shunga qaramay harbiylarimizning o‘zaro uyg‘un harakat qilishi natijasida bosqinchi qo‘shin davlat chegarasiga siqib chiqarildi. Bu, o‘z navbatida, Xarkov shahriga artilleriya va raketa zarbalarini kamaytiradi.

Qolaversa, Rossiya bosqinchi qo‘shinlari ukrain armiyasi chegaradan o‘tib, Rossiyaning Belgorod shahriga yurish qilishidan qattiq tashvishga tushgan. Bu shaharni reaktiv artilleriyadan o‘qqa tutishimiz mumkinligini o‘ylab tipirchilab qolishdi. Menga ma’lum bo‘lishicha, keyingi kunlarda Rossiya ushbu uchastkaga zaxira kuchlarni tortib kelgach, qo‘shinlarimizning oldingi siljishi bir oz susaygan.

Biroq biz so‘nggi paytlarda kuzatayotgan tendensiya shundayki, shimoli-g‘arbda va Xarkov viloyati shimolida ukrain qo‘shinlarining harakati bosqinchilarni ushbu hududdan uloqtirib tashlashga qaratilgan.

Viloyatning sharqiy qismiga kelsak, u yerda vaziyat birmuncha murakkab, chunki mazkur hududda Rossiyaning muntazam armiyasi kuchlari bor, ular chuqur handaqlar qazib, mudofaaga o‘tib olishgan, chunki Severodonetsk va Izyum yo‘nalishlaridagi hujumlarni dastaklash uchun zarur logistika yo‘llarini saqlash juda ham muhimligini tushunib turishibdi. Shu bois Kupyansk va Volchansk aholi maskanlarini o‘z qo‘llarida saqlab qolish uchun jon-jahdlari bilan harakat qilishmoqda.

– Xarkov viloyatining o‘zingiz tilga olgan hududlari qachon ozod etiladi? Bu ssenariyni qanday tasavvur qilasiz?

– G‘arblik hamkorlarimiz va’da qilgan qurollarni zarur miqdorda olishimiz bilan Ukraina qo‘shinlari faol harakat boshlaydi. Bizga avvalo AQShning M777 gaubitsalari tipidagi olisdan aniq uradigan zambaraklar, aerorazvedka uchun uchuvchisiz uchoqlar va kamikadze dronlar kerak. O‘shanda biz dushman mustahkamlanib olgan hududlarga uzoq masofadan samarali zarba berish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

– O‘tgan kunlardan beri internetda Rossiya hujumlari xaritasi aylanib yuribdi. Aleksey Arestovich e’lon qilgan bu xaritadan Rossiya qo‘shinlari Donbassda ukrain armiyasini qurshovga olishga urinayotgan nuqtalar soni kamayganini, Rossiya Lugansk viloyatini ishg‘ol etish uchun keng ko‘lamli rejalaridan voz kechayotganini anglash mumkin. Siz bu fikrga qo‘shilasizmi?

– Men boshqacharoq ta’riflagan bo‘lardim: “voz kechyapti” emas, balki dastlabki rejalarini amalga oshirishga qurbi yetmay qoldi. “Rossiya armiyasi qudrati bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi”, degan afsona chilparchin bo‘ldi, ukrain qo‘shinlari sharofati bilan barcha Rossiyaning harbiy sohada naqadar qoloqligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Va harbiylarimiz buni qayta va qayta isbotlashmoqda.

Armiyamiz mamlakat mustaqilligi va hududiy yaxlitligini tiklash maqsadi bilan harakat qilyapti. Butun kuch-quvvatimizni ishga solib, Ukraina yerlaridagi Rossiya bosqinchi armiyasini yakson qilish va ularni davlat chegaralaridan chiqarib tashlash uchun kurashyapmiz.

– Ukraina janubida vaziyat qay tariqa rivojlanishini kutyapsiz? Bilishimizcha, ukrain armiyasi Xerson viloyatidagi qurol-aslaha omborlariga zarba bermoqda. Ushbu hududda qarshi hujumga o‘tish mumkinmi?

– To‘ydan oldin nog‘ora chaladiganlardan emasman. Barcha qusurlariga qaramay, Rossiya juda xavfli dushman, uning hujum harakatlarini olib borish uchun zarur zaxiralari bor. Mamlakatimiz janubi – Zaporojye va Xerson viloyatlarida kuzatilayotgan tendensiya Rossiya zaxira kuchlarini, jumladan stvolli reaktiv artilleriya qurollarini to‘playotganini ko‘rsatmoqda.

Bu – dushman bizning shahar va qishloqlarimizga raketa-bomba va artilleriya zarbalari yo‘llashda davom etajagidan darak beradi. Shubhasiz, bu nafaqat ukrain harbiylariga,balki hamon front chizig‘idagi aholi maskanlarida qolayotgan tinch fuqarolarimizga ham xavf tug‘diradi. Vaziyat anchagina qaltis.

Украинага босқин: 88-кун | Путиннинг куёви Зеленский, ёндирилган военкомат ва чегарадаги “Терминатор”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:16:45 0:00

Ukraina armiyasiga zaxira kuchlar kerak, ular g‘arbiy viloyatlardagi poligonlarda yetishtirilyapti, hademay frontga jo‘natish uchun tayyor bo‘lishadi. Keng ko‘lamli urushning ilk kunidan beri jang qilayotgan askarlarimiz holdan toyishganini va dam olishlari kerakligini yaxshi tushunamiz, albatta.

Shu bois ham bor umidimiz – zaxiradagi kuchlardan. Yetarlicha zaxira kuch to‘plab, ularni zamonaviy zirhli texnika va artilleriya bilan qurollantirsak, tog‘ni talqon qiladigan qudrat kasb etamiz. O‘shanda bemalol strategik darajadagi qarshi hujum amaliyotini boshlab, bosqinchilarni yurtimizdan haydab chiqarishga kirishsak bo‘ladi.

– Sizning-cha, qarshi hujum qachon boshlanishi mumkin? Joriy yilning qaysi oyida ukrain armiyasi qarshi hujum harakatlariga o‘ta oladi?

– Bu xususda Ukraina razvedkasi rahbari general Budanov fikriga qo‘shilaman: taxminan iyul oyi o‘rtalarida Rossiya-Ukraina urushida tub burilish yuz beradi. Boisi, ayni o‘sha vaqtgacha Ukrainaga G‘arb mamlakatlaridan harbiy texnika va qurollar tovar miqdorida yetib keladi. Bu orada ukrain harbiy xizmatchilari ushbu texnika va qurollardan foydalanishni o‘rganib oladi. Va biz taktik-texnik xususiyatlariga ko‘ra Rossiya zirhli texnikasi artilleriyasidan ikki baravar ustun bo‘lmish yangi texnikalarda va yangi yuqori aniqlikda uruvchi qurollarda jang boshlaymiz.

XS
SM
MD
LG