Линклар

Шошилинч хабар
20 май 2022, Тошкент вақти: 22:51

Ukraina armiyasi chegara yaqinidagi Rossiya qo‘shinlariga bas kela oladimi?


“Conflict Intelligence Team” guruhining mustaqil tahlilchilari hamda prezident Volodimir Zelenskiy doxil qator ukrain siyosatchilari Kreml Ukraina chegaralari yaqinida va anneksiya qilingan Qrimda 100 ming askar to‘plaganini aytadilar. Ukraina Mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi vakili Vadim Skibitskiy nisbatan aniqroq raqamni keltiradi: 106 ming askar va zobit. Bu muntazam armiya qismlari va shunga yarasha harbiy texnikani o‘z ichiga oladi.

“Nastoyashcheye vremya” telekanali Ukraina armiyasi buncha qo‘shinga bas kela olishi yoki olmasligi haqidagi savolga oydinlik kiritishga urindi.

O‘tgan 8 yilda Ukraina armiyasi tom ma’noda yangidan tashkil qilindi. Qrim anneksiya qilingan va mamlakat sharqida qurolli mojaro chiqqan paytdagi harbiy tizimdan hozir deyarli hech vaqo qolmagan. Bu ko‘p jihatdan aynan G‘arb mamlakatlari – AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Polsha, Boltiq davlatlari va boshqalarning xizmatidir. Ular Ukrainaga ikki yo‘nalishda harbiy yordam ko‘rsatishdi: armiyani qayta qurollantirishdi va shaxsiy tarkibga ta’lim berishdi.

“AQSh, Buyuk Britaniya va Kanadaning qo‘shma missiyalari sharofati bilan ukrain harbiyari ikki va hatto uch martalab mukammal jangovar tayyorgarlik kurslarida o‘qib chiqishdi. Bu tayyorgarlik oddiy batalyon darajasida boshlanib, mutlaqo yangi qurol turlari – artrazvedka, radioelektron razvedka, radioelektron kurash majmualari hamda uchuvchisiz parvoz qiluvchi apparatlarni qo‘llagan holda brigadalarning o‘zaro uyg‘un harakat qilishigacha bo‘lgan jarayonni o‘z ichiga oladi”, deydi harbiy ekspert Sergey Grabskiy.

Bundan tashqari, NATO aviarazvedka ma’lumotlarini Ukraina bilan baham ko‘rmoqda. Bu Ukraina qurolli kuchlariga davlat chegaralaridan tashqarida nimalar ro‘y berayotganidan voqif bo‘lyapti. Monitoring doirasi – 400 kilometrgacha. Ukraina Mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi vakili Vadim Skibitskiy ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya hozirda 106 ming harbiy xizmatchisini Ukrainaning biqiniga keltirib qo‘ygan.

Ittifoqchilar parallel ravishda Ukraina armiyasini qurollantirishda davom etmoqda. Kuni kecha Buyuk Britaniyadan navbatdagi yuk – shahar ichidagi janglar chog‘ida tankka qarshi qo‘llanadigan yengil granatomyotlar yetib keldi.

“Bu juda samarali yordam. Nega? Chunki asosan yaqin masofada turib jang qilganda kerak bo‘ladigan yengil qurollar. Harbiy mutaxassis sifatida shuni aniq bilamanki, janglar taqdiri ana shunaqa baqamti olishuvlarda hal bo‘ladi. Birinchi chechen urushini eslang, Rossiya armiyasi o‘shanda nega mag‘lub bo‘lgan? Chunki yuzma-yuz urushda ko‘ngilli chechen tuzilmalari Rossiya Qurolli kuchlarining muntazam qismlarini yanchib tashlagan”, izoh beradi harbiy ekspert Oleg Jdanov.

So‘nggi yillarda Ukraina arsenalida paydo bo‘lgan bu va boshqa qurollar hujumkor urush olib borish imkonini bermaydi, albatta. Bularning barchasi aynan mudofaa vositalari. Ular, Ukraina chegarasi yaqinida to‘plangan qo‘shin qurollari bilan taqqoslaganda, – urish aniqligi yuqori, ayni chog‘da nisbatan arzonroq.

“Hatto eng qimmat elementlardan biri – 100 ming dollar turadigan “Javelin”ni olganimizda ham, uni tank bilan solishtirib bo‘lmaydi. Iqtisodchilar tili bilan aytganda: “Javelin”lardan foydalanish samaradorligi tanklardan foydalanish samaradorligidan o‘nlab marotaba yuqori”, deydi Sergey Grabskiy.

Ammo Ukraina armiyasi osmonda quruqlikdagi kabi kuchli emas. Grabskiyga ko‘ra, mamlakat harbiy aviatsiyada Rossiya tugul, Belarusdan ham orqada qolgan. Rossiya ixtiyorida zamonaviy uchoqlar borligi, harbiy uchuvchilari Suriyada haqiqiy janglarda qatnashib tajriba orttirgani ham muhim omildir. Ammo, ekspertlar fikricha, Suriyada Ukraina armiyasi ixtiyoridagi qurollarga teng keladigan havo hujumidan mudofaa tizimlari bo‘lmagan.

“Suriyada rus uchuvchilari poligonda uchgandek uchishadi, u yerda HHM tizimlari yo‘q. Ular hech qachon chinakam HHM ishlayotgan sharoitda jangovar bombalash amaliyotini bajarmagan. Turkiya bilan bo‘lgan voqeani eslang: HHM tizimlari Rossiya uchog‘ini bir zumda ilg‘agan va sanoqli soniyalar ichida uni urib tushirgan edi”, deydi Oleg Jdanov.

Eng og‘riqli muammo – flot. Ukraina raketa bilan qurollanadigan to‘rtta korvet qurish bo‘yicha Turkiya bilan shartnoma imzoladi. Ammo, rejaga binoan, ulardan birinchisi 2023 - yildagina yetkazib beriladi. Hozirda Ukraina sohillarini asosan qirg‘oq mudofaasi katerlari qo‘riqlamoqda. Ular Rossiyaning Qora dengiz flotiga qarshilik ko‘rsata olmasligi turgan gap. Boshqa tomondan dengizning Ukraina sohiliga yaqin hududlari sayozligi sababli Rossiyaning katta suvusti va suvosti kemalari juda yaqin bora olmaydi. Harbiy tahlilchilar bir fikrda yakdil: Qora dengizni nazorat qilish unchalik muhim emas, Ukraina Harbiy-dengiz kuchlari uchun ayni paytda eng asosiysi – sohilni nazorat qilishdir.

XS
SM
MD
LG