Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:12

Turkmanistondagi “do‘zax darvozasi”ga sayohat


Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov alangali “Darvoza” gaz kraterini o‘chirishga buyruq berdi. Fotograf Amos Chappl bu joyning Turkmanistonning eng mashhur sayyohlik markaziga aylanmasdan oldin olingan suratlarini baham ko‘rdi.

Darvoza gaz krateri (surat 2012 - yilda olingan)
Darvoza gaz krateri (surat 2012 - yilda olingan)

Men vulqonni ko‘ryapman deb o‘ylagandim.

2007 - yilning yozida men Istanbuldan Toshkentga tungi reysda uchdim. Turkmanistonning Qoraqum cho‘lidan uchib o‘tayotganimizda, men tashqariga, yorug‘lik ko‘rinib turgan turkman shaharlariga tikilib turardim. Ularning vafel shaklidagi ko‘chalari meni maftun qilgandi. Samolyotimiz cho‘ldagi ulkan, olovli teshik ustidan uchib o‘tdi.

Olovli krater yonidan o‘tib ketayotganimizda bir necha daqiqa qattiq hayratlangancha qoldim. “Bu nima o‘zi?” deb so‘rash uchun atrofga qaraganimda samolyotda birorta uyg‘oq odam yo‘q edi.

Kraterdan chiqayotgan olov
Kraterdan chiqayotgan olov

“Darvoza” gaz kraterining paydo bo‘lish tafsilotlari noaniq, biroq ko‘pgina ma’lumotlarga ko‘ra, 1971 - yilda cho‘ldagi Sovet gaz burg‘ulash zavodi portlagan va katta miqdordagi gaz havoga tarqala boshlagan. Shundan so‘ng krater paydo bo‘lgan. Mahalliy aholi gazdan zaharlana boshlagani sababli, gazni yoqish qarori qabul qilindi va u o‘shandan beri alanga ichida.

“Darvoza”ni birinchi marta ko‘rganimdan so‘ng, men kraterni yaqindan kuzatish uchun Turkmanistonga sayyohlik vizasini olishga ikki marta urindim, lekin rad javobini oldim. Qattiq nazorat ostidagi davlat viza berishda juda ehtiyotkor.

“Darvoza” gaz krateriga yaqin joyda yurgan echkilar
“Darvoza” gaz krateriga yaqin joyda yurgan echkilar

Nihoyat, 2012 - yilda men uchinchi marta urinib ko‘rishga qaror qildim. Dastlab, Qozog‘istonga viza rasmiylashtirdim, keyin Eronga uchib ketdim. U yerga Yangi Zelandiya fuqarolari oson borishlari mumkin edi. Tehrondan sharqiy chegaradagi Mashhad shahriga bordim va Qozog‘istonga o‘tish uchun Turkmaniston orqali quruqlikdan borishim kerakligini aytdim. Bu ish berdi va Turkmanistonning Mashhaddagi konsulligi menga tranzit vizasini berdi. Turkmanistonga kirib, “Darvoza”ga borishim, keyin esa mamlakatni tark etishim uchun ixtiyorimda uch kun bor edi.

O‘sha vaqtda gaz krateri Turkmaniston ichida ham hali noma’lum manzil edi. Biroq mahalliy turoperatorlardan biri menga kraterga sayohat uchun haydovchi yollashi mumkinligini aytdi. Kompaniya vakili va uning kamgap haydovchisi meni mehmonxonada kutib oldi.

Men sayohatni shimoldagi Yangiqal’aga borish uchun uzaytira olamizmi, deb so‘raganimda, u masofaning olisligi, mashina shinalari sahro yo‘llariga dosh berolmasligini vaj qilib, buni qat’iy rad qildi. Iltimos qilib uni turtkanimda menga g‘azab bilan qaradi va “bizning oldingi haydovchimiz qattiq ishlagani uchun o‘ldi” dedi.

Shom mahali krater yolqini
Shom mahali krater yolqini

Ashxoboddan shimolga ketishda yo‘l kimsasiz va jazirama edi. Konditsionerli Lend Kruzer eshigini ochganimda xuddi issiq pech eshigi ochilganday bo‘lardi.

Nihoyat, kechqurun yaqinlashganda kraterga yetib bordik. Krater chetida bir to‘da echkilarga ko‘zim tushdi. Haydovchi menga hayvonlar ham odamlar kabi olovli tomoshadan zavqlanishlarini va salqin tongda ilonlar va chayonlar krater chetiga isinish uchun yig‘ilishini aytdi.

U yerdagi manzara ajoyib, ammo uning chekkasidagi issiq harorat “Darvoza”ga borish bilan birga uni tadqiq qilishga ham undaydi. Unga yaqin borish va o‘zini o‘choq boshida turgandek his qilish qo‘rqinchli.

Agar muhandislar bu yirik alangani o‘chirish yo‘lini topsa, u holda sayyoradagi eng noyob manzil abadiy yo‘qoladi. Ammo yong‘inni o‘chirishdan aniq maqsad bor. Bu yerdan mamlakat olishi mumkin bo‘lgan gaz turizmdan keladigan daromaddan ancha baland, surunkali ekologik muammo ham samarali hal etiladi.

U yerga sayohat qilganimdan xursandman.

XS
SM
MD
LG