Линклар

Шошилинч хабар
29 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:30

"Tumov plyus koronavirus infeksiyasi"?Toshkentda bolalar orasida O‘RVI, Namanganda qizamiq avj oldi


Toshkent shahrida yosh bolalar orasida o‘tkir respirator kasalliklar, Namangan viloyatida esa qizamiq avj olgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxt Toshkent va Namangan viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonalarida bemor ko‘pligidan joy yetishmayotgani aytiladi.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash rasmiylari Toshkentda O‘RVI, Namanganda qizamiq ko‘payishi ortidan shu hududlardagi shifoxonalarga yuklamalar ortganini tan olgan.

Namanganda 255 bolada qizamiq

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga ko‘ra, hozirda Namanganda uch yoshgacha bo‘lgan 255 nafar bola qizamiqdan davolanmoqda.

Yil boshidan beri viloyatda bu kasallikka chalinish bilan bog‘liq 735 ta holat qayd etilgan.

2022'yil davomida butun respublika bo‘ylab qizamiqqa chalinish bo‘yicha atigi 8 ta holat kuzatilgan edi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ham Namangan viloyatida qizamiqqa chalingan bolalar soni keskin oshib ketayotganligi to‘g‘risidagi xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Qo‘mitaga ko‘ra, hozirda qizamiqdan davolanayotgan 255 nafar bemorning 62 foizi 1 yoshgacha bolalar, 25 foizi esa 1-3 yoshdagi bolalardir.

OzodNazar: Заҳарланишга дорининг алоқаси йўқ деган вазирлик Антиструминни тақиқлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:42:47 0:00

"Oddiy tumov emas"

Ayni paytda Toshkentda o‘tkir respirator kasalliklar tarqalishi bilan bog‘liq pandemik vaziyat yuzaga kelgan.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bildiruvida poytaxtda O‘RVIga chalinish holati davriy mavsumdan ko‘pligi aytilgan, lekin kasallanganlar soni keltirilmagan.

Toshkent Tibbiyot akademiyasi professori Zarifboy Ibodullayev fikricha, poytaxtda bolalar orasida tarqalgan kasallik oddiy tumov yoki respirator kasallikka o‘xshamaydi.

“Kim qanday kasal bo‘lgan bo‘lsa batafsil yozishyapti, bu yaxshi. Lekin, tibbiyotda shuncha yil ishlab o‘tkir respirator kasalliklar yoki tumovni bunday namoyon bo‘layotganini men ko‘rmaganman. Buni boshqa doktorlar ham aytyapti. Hamkasblar, infeksionistlar bilan gaplashib turaman, amaliyotchilar, professorlar bilan gaplashsam, ular tumov bilan COVID infeksiyasi birgalikda namoyon bo‘layotgan bo‘lsa kerak, deb aytishyapti. Tumov plyus COVID infeksiyasi, degan narsani tasdiqlash uchun yotgan bemorlarni yaxshilab ilmiy tekshirish kerak, qonini tekshirib, qaysi virus hozir aylanib yuribdi, shuni aniqlash kerak. Hozircha na Sog‘liqni saqlash vazirligi va na olimlar bironta xulosa bergani yo‘q. Balki bemorlarning qonini tekshirishayotgandir, bir oy ichida mana bunaqa kombinatsiyada, deb aytishsa kerak. Bu oddiy tumov yoki respirator kasallikka o‘xshamayapti”, -deydi Ibodullayev Ozodlik bilan suhbatda.

COVID-19 bemorlari uchun tashkil etilgan Zangiota 1 shifoxonasi.
COVID-19 bemorlari uchun tashkil etilgan Zangiota 1 shifoxonasi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining bildirishicha, 23-noyabr kuni Toshkentda O‘RVI bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha vazirlikda shoshilinch majlis o‘tkazilgan.

Majlisda uch yil avval COVID-19 bemorlari uchun maxsus qurilgan Toshkentdagi Zangiota-1 shifoxonasida kasallikka chalingan bolalar uchun ajratilgan o‘rinlar sonini 300 tadan 500 taga oshirish haqida qaror olingan.

Shuningdek, so‘nggi kunlarda aholidan haroratning ko‘tarilishi, yo‘tal belgilari bilan chaqiruvlar soni ortgani sababli “103” xizmatiga ertalab soat 06:00 dan 14:00 gacha poytaxt shifoxonalarida zaxirada bo‘lgan 40 ta avtomashina qo‘shimcha ajratilgan.

O‘tkir respirator kasalliklar – havo-tomchi orqali yuqib, nafas yo‘llarining turli qismlari yallig‘lanishi va intoksikatsiya sindromi bilan kechadigan virusli xastaliklar guruhidir.

Vazirlik saytida keltirilishicha, O‘RVI bolalarda yuqumli kasalliklar umumiy sonining 90 foizini tashkil etib, ularning barchasi mavsumiy xarakterga ega.

Ya’ni, bu xastaliklar yilning boshqa davrlariga nisbatan aynan kuz-qish mavsumida ko‘p uchraydi. Bu guruhga bir necha kasalliklar, xususan, virusli – gripp, paragripp, adenovirus, rotavirus, enterovirus, shuningdek, bakterial– pnevmokokk, meningokokk, stafilokokk kabilar kiradi.

Toshkentda COVID-19 vahimasi

O‘tkir respirator kasalliklar klinik belgilari koronavirus bilan o‘xshashligi sabab aholi orasida millionlab odamlar yostig‘ini quritgan uch yil avvalgi virus yana qaytgani haqida mish-mishlar tarqalishiga sabab bo‘lmoqda.

“Kichkina bolalar orasida COVID tarqalgan, yaxshigina. Huddi o‘sha simptom, COVID bu. Hozir ukamni yaqin o‘rtog‘ini farishtaday qizi, 3 yoshli qizi Zangiota kasalxonasida komada yotibdi. O‘ttizinchida bog‘chaga borgan, nimanidir "podsepit" qilib kelgan . Hozir Zangiotada doktorlar hech narsa qilolmayapti. Hullas, COVID tarqagan. Ehtiyot bo‘linglar. Mening o‘g‘lim ham bo‘ldi, zo‘rg‘a oyoqqa tiklab oldik”, - deydi poytaxtliklardan biri Telegram- kanalida tarqalgan audioyozuvda.

Toshkentdagi ba’zi maktablarda bolalardan niqob taqish va masofalanish so‘ralmoqda.

“Maska, uch metr masofa saqlansin, bolalar muzday narsa ichmasin deb qattiq ogohlantirilyapti. Hozir Yunusoboddagi detskiy bolnitsa to‘lib ketgan, ko‘pchiligida pnevmoniya deyilyapti. Og‘ir yotganlari ham bor ekan. COVID boshqacha ko‘rinishda qaytib keldi deyishyapti. Bolalarda ko‘p bo‘lyapti ekan”, - deydi toshkentlik muallim.

Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rasmiylari COVID qaytgani haqidagi gap-so‘zlar o‘rinsiz ekanini ta’kidlashdi.

“Butun dunyoda bo‘lyapti bu, o‘tkir respirator kasalliklar ko‘paygan, noyabr oyida shunaqa bo‘lib oladi. COVID emas bu, bemorlarning barchasidan koronavirusga ham tahlillar olinyapti”, - dedi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining ismi ochiqlanmasligini so‘ragan xodimi.

Xitoyda o‘tkir respirator kasalliklar ko‘paygan.
Xitoyda o‘tkir respirator kasalliklar ko‘paygan.

Xitoydagi noma’lum pnevmoniya o‘chog‘i

O‘zbekistonda O‘RVI ko‘paygani haqidagi xabar Xitoyda epidemiologik holat borasida xavotir kuchaygan pallada o‘rtaga chiqmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Xitoydan mamlakat shimolida bolalar orasida tarqala boshlagan va kelib chiqishi noma’lum pnevmoniya o‘chog‘i haqida barcha mavjud ma’lumotlarni so‘radi.

So‘nggi kunlarda Xitoydagi ommaviy axborot vositalari shifoxonalar to‘lib ketgani haqida xabar berishdi. Mamlakat shimolidagi ko‘pgina maktablarda darslar bekor qilingan, chunki nafaqat o‘quvchilar, balki o‘qituvchilar ham pnevmoniya bilan kasallangan.

Xitoy hukumati joriy mavsumda tumov va nafas yo‘li yallig‘lanishi kasalligi holatlari ko‘paygani va bu anti-kovid choralarining bekor qilingani bilan bog‘liq ekanini aytgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, oktabr oyidan buyon Xitoy shimolida "grippga o‘xshash kasalliklar" o‘tgan uch yildagi shu davrga nisbatan oshgan.

"Ushbu o‘sishlarning ba’zilari mavsumda tarixan kuzatilganidan ertaroq, ammo boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi, COVID-19 cheklovlari olib tashlanganini hisobga olsak, kutilmagan xol emas", deyiladi bayonotda.

“Odamlar u yoqdan bu yoqqa uchyapti, migratsiya kuchaygan. Virusni chetdan, jumladan, Xitoydan kelganini nazardan soqit qilib bo‘lmaydi. Buni o‘rganish kerak”, - deydi professor Zarifboy Ibodullayev.

JSST Xitoydi yangi yoki g‘ayrioddiy patogenlar topilmaganini yana bir bor ta’kidladi.

Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi vakili Mi Feng yakshanba kuni o‘tkir respirator kasalliklarning ko‘payishi bir vaqtning o‘zida bir necha turdagi patogenlarning, xususan, grippning tarqalishi bilan bog‘liqligini aytdi.

JSST "vaziyatni yaqindan kuzatib borishi va Xitoy rasmiy idoralari bilan yaqin aloqada ekanligini" aytmoqda va aholidan infeksiyaning tarqalish xavfini kamaytirish uchun choralar ko‘rishga, niqob taqishga chaqirmoqda.

O‘zbekistonda uch yil avval tarqalgan koronavirusdan, rasmiy raqamlarga ko‘ra, 622 kishi vafot etgan.

Ammo mutaxassislar haqiqiy raqamlar o‘zbek rasmiylari keltirgan raqamlardan bir necha baravar ko‘p bo‘lishi mumkinligini aytishgan.

"Bolalarni emlash muhim"

Namangan viloyatida qizamiqqa chalingan bolalar soni keskin oshmoqda.

Ularning 235 nafari viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida, 20 nafari esa Beshkapa bolalar sihatgohida. Mazkur ikki shifoxonada hozirda mos ravishda 5 ta va 80 ta zaxira bemor o‘rni mavjud.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mart oyida O‘zbekistonda qizamiq ko‘payishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

“Avvallari aniq reja bo‘yicha kelinlar o‘z farzandlarini immunizatsiya, vaksinatsiyaga olib chiqqan, qizamiqqa qarshi, qizilchaga qarshi vaksinalar bo‘lgan. Hozir olib borishmayapti. Qizamiq shunaqa kasallikki, deylik, o‘ttizta bola shunga qarshi emlangan bo‘lsa, orasida bitta emlanmay qolgani bo‘lsa darrov yuqadi. Odamlarda ham ayb bor, emlash masalasiga jiddiy qarashmaydi”, - deydi Toshkent Tibbiyot akademiyasi professori Zarifboy Ibodullayev.

Ayni paytda qo‘shni Qozog‘istonda yil boshidan buyon 17 mingdan ortiq qizamiq kasalligi qayd etilgan bo‘lib, shu oyning 6 mingdan ortiq holat qayd etilgan. Bu haqda 27' noyabr kuni Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri Azhar Giniyat ma’lum qildi.

Qozog‘istonda qizamiqqa chalinganlarning 82 foizdan ortig‘i bolalar bo‘lib, aksariyati emlanmaganligi aniqlangan.

JSST ma’lumotiga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab 110 000 odam qizamiqdan vafot etadi.

Qizamiq virusli kasallik bo‘lib, avvaliga burun oqadi, aksirtiradi va tana haroratini ko‘taradi.

Bir necha kun o‘tib, yuzdan boshlanadigan toshma butun tanaga tarqaydi.

Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, qizamiq tana immun tizimiga qaqshatqich zarba beradi va uning kelgusidagi infeksiyalarga qarshilik ko‘rsatish qobiliyatini yillarcha zaiflashtirib qo‘yadi.

Qizamiq virusi "immunitet amneziyasi"ga sabab bo‘ladi, ya’ni u qachonlardir tanib yo‘q qila oladigan infeksiyalarni taniy olmay qoladi.

Qizamiq, shuningdek, immunitetni chaqaloq holatiga qaytarib qo‘yadi. Natijada u yangi infeksiyalarga qarshi samarali kurasha olmay qoladi.

Aksar odamlar tuzalib ketadi, ammo kasallik o‘zidan bir umrga yetarli asorat qoldiradi. O‘pkada zotiljam va miyada ensefalitga ham sabab bo‘lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG