Линклар

Шошилинч хабар
15 май 2024, Тошкент вақти: 17:43

Tolibon bilan biznes: Afg‘on-o‘zbek tijoriy aloqalari tez orada tiklanishi aytilmoqda


Afg‘onistonga Markaziy Osiyodan yagona temir yo‘li Hayraton ko‘prigi orqali o‘tadi. 20 - mart, 2016
Afg‘onistonga Markaziy Osiyodan yagona temir yo‘li Hayraton ko‘prigi orqali o‘tadi. 20 - mart, 2016

1 - sentabr kuni O‘zbekistonning tijoriy yuk ortilgan ikki poyezdi temir yo‘l orqali Afg‘onistonga kirib bordi. Bu haqda xabar agentliklari Afg‘oniston Savdo- sanoat palatasiga tayanib xabar tarqatdi.

Poyezdga qanday yuk ortilgani aytilmayapti. Bu - Tolibon mamlakatni nazoratga olganidan buyon Afg‘oniston bilan amalga oshirilgan ilk tijoriy temir yo‘l qatnovi.

O‘tmishda Afg‘onistonni beqarorlik manbai sifatida ko‘rib kelgan O‘zbekiston Mirziyoyev hokimiyatga kelishi ortidan janubiy qo‘shnisi bilan logistika va xususan, temir yo‘l sohasida katta loyihalarni boshlagan edi.

Kobulda yangi hukumatni e’lon qilishi kutilayotgan Tolibon O‘zbekistonga Afg‘onistonda temir yo‘l va elektr uzatish liniyalarini qurishda ko‘mak ko‘rsatish niyatini e’lon qildi.

Xo‘sh, Tolibon hokimiyati ostida O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan energetika hamda temir yo‘l sohasidagi hamkorligi qanchalik istiqbolga egami?

O‘zbekiston va Tolibon aloqalarni tiklashga tayyor

Pajhwok agentligining Afg‘oniston Savdo-sanoat palatasiga tayanib xabar berishicha, ikki mamlakat o‘rtasida savdoning qayta tiklanishi haqida muzokaralar bormoqda. Ammo ikki sostavda mamlakatga qanday yuk olib kirilgani va uning miqdoriga oid ma’lumot yo‘q.

Afg‘oniston Savdo-sanoat palatasi rahbariyati toliblar bilan uchrashuv o‘tkazgani, ularda savdo sohasidagi hozirgi vaziyat - yopiq banklar va nikoh salonlari, tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvi bilan bog‘liq muammolar, shuningdek, afg‘on tadbirkorlarining ularning xavfsizligi borasidagi xavotirlar muhokama qilingani aytilmoqda. Xabarda aytilishicha, Tolibon bu masalalarga iloji boricha tezroq yechim topishga va’da bergan.

Hozircha toliblar mamlakatning kelajakdagi siyosiy tuzilishi to‘g‘risida yakuniy qarorni e’lon qilganicha yo‘q.

Seshanba kuni qilgan chiqishida Tolibon harakatining rasmiy vakili Zabihulla Mujohid mamlakatning yangi hokimiyati Afg‘onistonning sarmoyaviy jozibadorligini oshirish va malakali ishchilarni ishga jalb qilish orqali iqtisodni tiklash niyatida ekanligini ma’lum qildi. U xorijiy davlatlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qilgan afg‘onlarni ishni qayta boshlashga va qo‘rqmaslikka chaqirdi.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon Afg‘onistonning avvalgi hukumati bilan yaqin biznes aloqalarini o‘rnatgan, logistika va xususan, temir yo‘l sohasida katta loyihalarni boshlagan edi.

Tolibon harakati O‘zbekistonga Afg‘onistonda temir yo‘l va elektr uzatish liniyalarini qurishda yordam berish niyatini e’lon qildi. Bu haqda Tolibon o‘zbek rasmiylariga yuborgan O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan tabrikda aytilgan.

Tabrik matni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusup Qobuljonovning Telegram kanalida e’lon qilindi.

Biz qo‘shni O‘zbekiston bilan samarali va do‘stona munosabatlar o‘rnatishni xohlaymiz. O‘zbekiston ishtirokida Afg‘onistonda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, xususan, temir yo‘l va elektr uzatish tarmoqlarini qurishni davom ettirishdan manfaatdorligimizni tasdiqlaymiz. Afg‘oniston Islom Amirligi tomonidan o‘zbek sheriklarimizga bu yo‘nalishda barcha zarur yordam ko‘rsatiladi, deyiladi kanalda keltirilgan “Afg‘oniston Islom Amirligining muzokaralar guruhi a’zosi va siyosiy idora matbuot kotibi” Muhammad Suhayl Shahin xatida.

O‘zbekiston - Afg‘onistonga elektr energiyasi etkazib beruvchi eng yirik davlat

O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr quvvati etkazib beruvchi eng yirik qo‘shni davlat bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston Energetika vazirligi joriy yilning 24 avgustida Afg‘onistondagi og‘ir siyosiy va iqtisodiy bo‘hron o‘zbek elektr tokining etkazib berilishiga mutlaqo ta’sir etmaganini bildirgan edi.

O‘zbekiston mamlakatda hokimiyat Tolibon qo‘liga o‘tganiga qaramay, o‘z majburiyatlariga muvofiq Afg‘onistonga elektr energiyasini etkazib berishda davom etayotgani ma’lum qilingan.

"Elektr ta’minoti belgilangan jadvalga muvofiq uzilishlarsiz davom etmoqda", deyilgan edi O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati tarqatgan xabarda.

Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yoz oylarida Afg‘oniston tomoni, an’anaga ko‘ra, Tojikistondan import ortishi tufayli O‘zbekistondan elektr energiyasi iste’molini kamaytiradi.

"O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" Aktsiyadorlik jamiyati 2019 yilning 25 dekabrida “Da Afghanistan Breshna Sherkat” (DABS) bilan shartnoma imzolab, afg‘on energetika kompaniyasiga har yili 6 milliard kVt / soatgacha elektr energiyasini 10 yil muddatga to‘lash sharti bilan etkazib kelmoqda. O‘zbekistondan Afg‘oniston iste’molchilariga elektr energiyasi etkazib berish hajmi sutkasiga taxminan 35 MVtni tashkil etadi.

Bundan bir yilcha oldin "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" DABSdan koronavirus pandemiyasi paytida uzatilgan elektr quvvati uchun yuzaga kelgan qarzdorlikni uzib qo‘yishni so‘rab, rasman murojaat qilgani ma’lum. Hatto shunday vaziyatda ham o‘zbek energetika vazirligi rasmiylari elektr tarmoqni uzib qo‘yish bilan afg‘onlarga tahdid qilmaganini alohida ta’kidlagandi.

Mutaxassis: Afg‘onistonga elektr energiya yetkazib berish hajmi kamayishi mumkin

O‘zbekistonning birinchi Energetika vaziri, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi sobiq rahbari Anvarmirzo Husainov yuzaga kelgan vaziyatda O‘zbekiston elektr uzatishni biroz kamaytirishi mumkinligini istisno qilmaydi.

Sutkasiga 35 MVt – bu juda katta hajm! Navoiy viloyatida qurilgan quyosh fotoelektrostansiyasi borku – o‘shani quvvati 10 MVt. Bu 252 million kilovatt degani! Lekin, shartnoma katta hajmga imzolangani bilan uni to‘ldirish uchun, menimcha, juda kam imkoniyat: 5 MVt berolsayam katta gap! Bizda unchalik ko‘p erkin quvvatlar yo‘q, afg‘onlarga yetkazib bergani. Chunki Surxondaryo va Qashqadaryo vohalarida sanoat korxonalari keskin ko‘paydi, o‘zimizning talabimiz oshib ketdi. Har holda shartnoma bo‘yicha biroz miqdorda uzilishlar bilan berilib turgan bo‘lishi mumkin. Chunki Afg‘onistonda yuzaga kelgan vaziyatda O‘zbekistondan berilgan elektr energiyaning pulini qaytarib olish masalasi paydo bo‘lyapti – kimdan so‘raladi?! – deydi Anvarmirzo Husainov.

Suhbatdosh Afg‘onistonning O‘zbekiston bilan qo‘shni Balx viloyatida xitoyliklar tomonidan ikkita issiqlik elektr stansiyalari qurilgani va ular yangi barpo etilgan uchta neftni qayta ishlash zavodi va azot zavodini ta’minlayotganini ma’lum qildi. Xabarlarga ko‘ra, Balx viloyatida Xitoy neft-gaz kompaniyasi tomonidan katta miqdorda neft va gaz boyliklari topilgan.

Anvarmirzo Husainov bunday vaziyatda O‘zbekiston Afg‘oniston bilan aloqalarni to‘liq uzib tashlamaslikni, zero O‘zbekiston manfaatlari siqib chiqarilgan joyga Xitoy kirib borishi aniqligini aytadi.

Толибон билан бизнес: Халқ қўрқуви ва ҳукумат манфаати
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:20 0:00

O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida ushbu mamlakatga elektr energiyasini yetkazib berishni ko‘paytirish maqsadida uzunligi 260 km bo‘lgan Surxon - Puli-Xumri elektr uzatish liniyasini qurish to‘g‘risida shartnoma ham imzolangan edi.

2021 - yil iyul oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik konferentsiyasida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani bilan uchrashuvda Shahin ko‘rsatgan infratuzilma loyihalarini muhokama qilgan edi.

Tomonlar Termiz - Mozori-Sharif – Kobul - Peshovar temir yo‘lini qurish va "Surxon-Puli-Xumri" yangi elektr uzatish liniyasini qurishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqlagan edilar.

Prezident Mirziyoyev esa, hali Afg‘onistonda hali hukumat tuzilib ulgarmasidan Tolibon rahbarlaridan Mulla Abdulg‘ani Barodarni “janobi oliylari” deb atagan birinchi xorijiy davlat rahbari bo‘ldi.

31 - avgust kuni O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirida chiqish qilgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Afg‘onistonni to‘liq nazoratiga olgan Toliblar bilan hamkorlikni “do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari” darajasiga ko‘tarish istiqboli haqida gapirdi.

XS
SM
MD
LG