Линклар

Шошилинч хабар
14 октябр 2024, Тошкент вақти: 23:52

Tojikistonlik har 10 jihodchidan 8 nafari Rossiyada mehnat muhojirligida bo‘lgan


Yaqin Sharq mamlakatlariga ketgan tojikistonlik jangarilar (arxiv surati)
Yaqin Sharq mamlakatlariga ketgan tojikistonlik jangarilar (arxiv surati)

Jangovar harakatlar hududidagi terror guruhlari safiga qo‘shilgan Tojikiston fuqarolarining 85 foizdan ko‘prog‘i Rossiyada mehnat muhojirligida bo‘lgan va “islom mamlakatlari”ga Rossiyadan jo‘nab ketishgan. Bu haqda Tojikiston IIV akademiyasi o‘qituvchilari Hayot Safarzoda va Shohrux Ahyozodaning maqolasida aytilgan. Mazkur maqola Tojikiston IIV akademiyasining “Yoshlar sho‘rosi” (“Sho‘roi ҷavonon”) guruhida 31-avgust kuni chop qilingan.

Jinoyat ishlarini tahlil qilgan maqola mualliflari tojikistonlik yoshlarning 90 foizga yaqini Rossiyada “imomlar tarmog‘i” va ekstremistik guruhlar ta’siri ostiga tushib qolgan, degan xulosaga kelishgan. Bu xulosani tekshirib ko‘rish imkoni yo‘q, chunki yoshlar hali Rossiyaga chiqib ketmasidan turib ozmi-ko‘pmi dindor bo‘lishgan va islom haqida tushunchaga ega bo‘lishgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, “Islom davlati” guruhi o‘z saflariga odam chaqira boshlagan 2014-yildan boshlab 2000 yaqin Tojikiston fuqarosi Iroq va Suriyadagi mazkur terror tashkiloti va boshqa ekstremistik tashkilotlar safini to‘ldirishgan. Ularning ko‘pchiligi jangovar harakatlar chog‘ida halok bo‘lishgan, ularning xotinlari va bolalari esa Tojikistonga olib chiqib ketilgan. Hozirgi paytda uncha ko‘p bo‘lmagan sondagi tojikistonlik ayollar va bolalar Iroq qamoqxonalari va Suriyadagi lagerlarda tutib turilibdi.

Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon shu yil mart oyida ruhoniylar bilan uchrashuv chog‘ida uch yil ichida mamlakatning 24 nafar fuqarosi o‘nta mamlakatda terror xuruji sodir etgani yoki teraktga hozirlanganlikda gumonlanganini e’tirof etgan.

Maqola mualliflari Rossiyadagi mehnat muhojirlari orasida “salafiy-vahobiy” mafkurasi ta’siri oshgani va bu Tojikiston “milliy xavfsizligi uchun jiddiy xavf” tug‘dirishini ta’kidlashgan.

Hayot Safarzoda va Shohrux Ahyozoda migrantlarning ota-onalariga, Rossiyadagi tojik diasporalariga va Tojikistonning rasmiy vakolatxonalariga mamlakat ichi va tashqarisida ekstremizmga qarshi jon-jahdi bilan kurashishni tavsiya qilishgan. Ular maqolada Tojikistondagi diniy cheklovlar masalasiga to‘xtalishgan emas.

Tojikistonlik huquqbonlar va tanqidchilar Dushanbeni diniy erkinliklarga qattiq cheklovlar kiritganlikda, jumladan masjidlarni yopayotganlikda, voyaga yetmaganlarning masjidlarga kirishini taqiqlayotganlikda, o‘smirlarning diniy ta’lim olishini man qilayotganlikda va boshqalarda ayblab kelishadi.

Har yili Tojikistonlik fuqarolardan 1 millionga yaqini Rossiyaga pul ishlash uchun ketadi. Migrantlar bu mamlakatda mehnat sharoitining og‘irligi, reydlar ko‘paygani va kuch ishlatar tuzilmalar xodimlari tomonidan bosimga uchrayotganlaridan muntazam ravishda shikoyat qilib kelishadi.

XS
SM
MD
LG