Линклар

Шошилинч хабар
11 сентябр 2024, Тошкент вақти: 00:55

Tojikistonda ayollar qanday kiyim kiyishi lozimligini mulozimlar hal qilmoqda


Tojikistonda iyun oyidan "tojik madaniyatiga yot bo‘lgan kiyim-kechaklar" rasman taqiqlangan (arxiv surati)
Tojikistonda iyun oyidan "tojik madaniyatiga yot bo‘lgan kiyim-kechaklar" rasman taqiqlangan (arxiv surati)

Tojikistonda ayollar kiyimi yana hukumat kun tartibidan o‘rin oldi. Yangi kiyinish tartibi yaqin kunlarda ommaga e’lon qilinishi kutilmoqda. Bu rasmiylarning ayollar kiyimi yuzasidan so‘nggi olti yil ichida ikkinchi marta me’yor belgilashidir.

Din ishlari qo‘mitasi rahbari Sulaymon Davlatzoda shu hafta Dushanbeda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “Madaniyat vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi va Din ishlari qo‘mitasidan tuzilgan ishchi guruh milliy qadriyat va an’analarimizga qaysi liboslar ko‘proq mos kelishini aniqlash ustida ish olib bormoqda”, deya ma’lum qildi.

Tojikistonda iyun oyida rasman “tojik madaniyatiga yot kiyimlar” taqiqlanganidan keyin yangi kiyinish tartibini ishlab chiqish muammosi paydo bo‘ldi.

Bir necha kun oldin Tojikiston Islom ulamolari kengashi ayollarga “qora rangli hamda tor va shaffof” liboslarni kiyishni taqiqlovchi fatvo chiqargan.

Fatvoda qora rang “milliy-jo‘g‘rofiy xususiyatlar”ga to‘g‘ri kelmasligi ta’kidlangan. Shuningdek, fatvoda tojik ayollari milliy libos bo‘lmish ko‘ylak, lozim va ro‘mol kiyishga chaqirilgan.

Davlat belgilagan me’yordan chetga chiqqan diniy e’tiqod va odatlar ko‘pincha rasmiylar tomonidan Tojikiston barqarorligi va xavfsizligiga tahdid sifatida ko‘riladi.

Tojikistonliklar, ayniqsa, hijob o‘ragan ayollar hijob taqiqi, so‘nggi fatvo va ayollar kiyimiga oid ko‘rsatmalarni “keraksiz va ortiqcha” hisoblashadi.

Dushanbe ko‘chalaridan birida tojik milliy liboslarini kiyib ketayotgan ayollar
Dushanbe ko‘chalaridan birida tojik milliy liboslarini kiyib ketayotgan ayollar

Hijobning taqiqlanishi yangilik emas. Bu taqiq kamida o‘n yildan beri bor. Yangi qonunlar bilan buni takrorlashning hojati yo‘q”, dedi tojikistonlik Munisa "Ozodlik" bilan suhbatda.

Ko‘plab tojikistonliklar singari Munisa ham tor va ochiq liboslarga qarshi chiqarilgan fatvodan asl maqsad diniy liboslarni cheklash ekanini aytadi. Hukumat buni o‘ziga nisbatan tahdid, deb hisoblaydi.

Tojikistonda hijobga qarshi kampaniya 2007-yilda Ta’lim vazirligi maktab va universitetlarda hijob va mini yubka kiyishni taqiqlaganidan keyin boshlangan.

Bora-bora mazkur cheklov ish joylarini ham qamrab oldi. Rasmiylar va politsiya cheklov ijrosini ta’minlash uchun reydlar o‘tkazdi.

Ko‘plab hijobli ayollar diniy e’tiqod yoki kasbdan birini tanlashiga to‘g‘ri keldi. Ba’zilar ish yoki o‘qishni tashlab ketgan bo‘lsa, Munisa singari ayollar hijobni an’anaviy ro‘molga almashtirdi.

Tojik erkaklari ham cheklovlardan chetda qolmagan. Ularga uzun soqol o‘stirish bir necha yildan buyon norasmiy ravishda taqiqlab kelinadi.

2015-yilda Xatlon viloyati politsiyasi boshlig‘i yil davomida ko‘cha va bozorlarda 13 mingga yaqin “soqol qo‘ygan” erkak ushlanib, soqoli “tartibga keltirildi”, deya ma’lum qilgan edi.

Hukumat amaldori 2023-yilda tojik blogerlarini soqolni targ‘ib qilish “terrorchi guruhlar bilan birdamlik ifodasi” va “milliy xavfsizlikka tahdid” o‘laroq ko‘rilishi mumkinligidan ogohlantirgan.

May oyida Dushanbeda hijobli ayollar so‘roqqa olib ketilgan
May oyida Dushanbeda hijobli ayollar so‘roqqa olib ketilgan

Ba’zi dushanbeliklar yaqinda “yot” kiyimlarga rasman taqiq qo‘yilganidan shikoyat qilishmoqda.

Jumladan, 22-may kuni hijobli ayollarning bir guruhi mahkamaga olib borilgan va barmoq izlari olingan. Ular bundan buyon “yot” kiyimlarni kiymaslikka va’da berganlaridan keyin o‘sha kunning o‘zida qo‘yib yuborilgan.

23-may kuni Dushanbening Shohmansur tumanida politsiya xodimlari 13 nafar soqolli erkakni ushlab, ulardan soqolini qirtishlashni talab qilgan.

Politsiya bizni agar yana uzun soqolda ko‘rsa, hibsga olishi haqida ogohlantirdi”, dedi erkaklardan biri "Ozodlik" bilan suhbatda.

XS
SM
MD
LG