Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:37

Tojikiston: Tog‘li Badaxshondagi g‘alayonlar ortida nima turibdi?


Badaxshon markazi Xorug‘ shahri
Badaxshon markazi Xorug‘ shahri

Tojikistonning Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatidagi so‘nggi norozilik namoyishlari hukumat namoyishchilar talablarini rad etganidan so‘ng boshlandi.

Rasmiylarga ko‘ra, 16-may kuni viloyat markazi Xorug‘da boshlangan tartibsizliklarda sakkiz namoyishchi va bir politsiyachi halok bo‘lgan. Shundan so‘ng to‘qnashuvlar aholi siyrak muxtor viloyatning boshqa hududlariga ham yoyilgan.

Namoyishchilarning qator talablari, jumladan, noyabr oyida qonli tartibsizliklarga sabab bo‘lgan mahalliy fuqaroning politsiya tomonidan o‘ldirilishi bo‘yicha tergov qilish, so‘nggi oylarda hibsga olingan bir qancha faollarni ozod etish va viloyat hokimi hamda Xorug‘ shahar hokimini iste’foga chiqarish talablari rad etilgach, ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi.

Ammo Tog‘li Badaxshondagi muammolar, mahalliy aholi va markaziy hukumat o‘rtasidagi o‘zaro ishonchsizlik ildizlari ancha chuqur.

Tojikiston hududining 45 foizini, aholisining atigi 3 foizini tashkil etuvchi mintaqada ko‘plab qonli namoyishlar kuzatilgan. Jumladan, 2012-yil iyulida Tojikistonda 1992-97- yillardagi fuqarolar urushidan keyingi eng qonli to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan.

Tog‘li Badaxshondagi norozilik namoyishi. Tojikiston, 16-may, 2021
Tog‘li Badaxshondagi norozilik namoyishi. Tojikiston, 16-may, 2021

Ayrim manbalar o‘shanda milliy xavfsizlik qo‘mitasi boshlig‘i pichoqlab ketilishi ortidan boshlangan taloto‘plarda halok bo‘lganlar soni 200 dan ortiq ekanini aytgan.

Hukumat pichoqbozlik uchun mahalliy boshliq Tolib Ayombekovni ayblagan va Ayombekov boshchiligidagi qurolli guruhga qarshi harbiy operatsiya boshlagan. U esa ayblovni rad etgan.

O‘sha harbiy operatsiya davomida hukumat mahalliy aholi e’tirozlariga qaramay, mintaqaga yuzlab askarlar kiritdi.

Mahalliy rahbarlar

Ayombekov Tog‘li Badaxshondagi «norasmiy» deb ataladigan, katta ta’sirga ega o‘nga yaqin rahbarlar sirasiga kiradi.

U 1992-97- yillardagi fuqarolar urushida hukumatga qarshi kurashgan, o‘n minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan va bir milliondan ortiq tojikistonliklarni qochishga majbur qilgan birlashgan muxolifat a’zosi edi.

Dushanbe so‘nggi tartibsizliklarda nufuzli mahalliy rahbarlardan biri Mahmadboqir Mahmadboqirov va uning sheriklarini aybladi.

Fevral oyida 58 yoshli Mahmadboqirovga nisbatan hukumat vakilini haqorat qilish va unga qarshi kuch ishlatish, shuningdek, millatlararo adovat qo‘zg‘atish moddalari bo‘yicha rasman ayblov e’lon qilingan. U ayblovni rad etgan.

So‘nggi oylarda Dushanbe Tog‘li Badaxshonning norasmiy yetakchilari va boshqa taniqli arboblariga yana bosim o‘tkazdi.

13-may kuni Tog‘li Badaxshonlik aralash yakkakurash bo‘yicha mashhur jangchi Chorshanbe Chorshanbiyev hukumatni ag‘darishga chaqirishda ayblanib, sakkiz yarim yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Dushanbe Rossiyadan Tog‘li Badaxshon tub aholisi jamiyatiga mansub bir qancha nufuzli shaxslarni ekstraditsiya qilishni so‘ragan.

Separatizm ayblovlari

Tojik rasmiylari til jihatidan ajralib turuvchi Tog‘li Badaxshonning Tojikistondan mustaqil bo‘lishiga intilayotgani haqida ko‘p yillardan buyon iddao qilib keladi.

Tog‘li Badaxshonning 230 mingga yaqin aholisining aksariyati shia mazhabining bir tarmog‘i bo‘lgan ismoiliylik tarafdorlari, qolgan tojikistonliklarning aksariyati sunniy musulmonlardir.

Viloyatda tojik tili rasmiy til bo‘lsa-da, odamlar kundalik hayotda shug‘niy, rushoniy, bartangi va yozg‘ulomiy kabi mahalliy tillardan foydalanadi.

Tojikistonlik siyosiy ekspertning aytishicha, mintaqada davom etayotgan keskinlik sababi mustaqillik yoki kengroq muxtoriyatga intilishdan ko‘ra hukumatning “noto‘g‘ri siyosati” bilan bog‘liq.

“Hozircha namoyishchilarning rasmiy talablari politsiya qonunbuzarligi muammolari bilan cheklanib qolmoqda. Norozilik harakati ko‘proq ijtimoiy xarakterga ega, ayni paytda uning barcha yetakchilari an’anaga ko‘ra siyosiy muxolifatdan uzoqlashgan”, deydi ismi sir qolishni so‘ragan ekspert Ozodlik bilan suhbatda.

Biroq, "agar hukumat keskin kuchishlatar usullarga tayanishda davom etsa, harakat kelajakda radikallashadi", deya ta’kidlaydi ekspert.

Dushanbe ishonch qozonishi uchun nima qilishi mumkin?

Ayrim mahalliy aholi vakillarining aytishicha, hukumat Tog‘li Badaxshon aholisiga ishonmaydi va ularni o‘ziga “teng” ko‘rmaydi.

Xorug‘liklardan biri Ozodlik bilan suhbatda shunday dedi: “Tilimiz boshqa bo‘lgani uchun hokimiyat bizga o‘gay kabi munosabatda bo‘ladi. Ular bizni musulmon deb ham hisoblamaydi."

Yana bir Badaxshonlik esa "Bu hukumat bizning manfaatlarimizni himoya qilmaydi. Bu mening hukumatim emas", deya fikr bildirdi.

Mahalliy hokimlarning iste’fosi va hibsga olinganlarni ozod qilish kabi so‘nggi talablar qabul qilinsa, xalq hukumatga ishonadimi, degan savolga u "bu yordam beradi" deya javob berdi.

Tog‘li Badaxshon xalqining ishonchini qozonishni rasmiylar noyabrь oyidan beri bloklab qo‘ygan internetni qayta tiklashdan boshlashi kerak. Odamlar tashqi dunyo bilan aloqa o‘rnatishi kerak, deydi Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Edvard Lemon.

Ammo Lemon hukumat keskinlikni yumshatish choralarini ko‘rishiga ishonmaydi va "aksincha Pomir xalqiga nisbatan repressiyani kuchaytiradi" degan fikrda.

XS
SM
MD
LG