Линклар

Шошилинч хабар
15 май 2024, Тошкент вақти: 21:07

"Terror siyosati". Moskvadagi terakt gumonlanuvchilarini qiynoqqa solish va ommaga ko‘rsatish nima uchun kerak?


“Krokus Siti Holl”dagi hujum ortidan qo‘lga olingan Tojikiston fuqarolari so‘roq qilingan videodan kadr.
“Krokus Siti Holl”dagi hujum ortidan qo‘lga olingan Tojikiston fuqarolari so‘roq qilingan videodan kadr.

23-mart kuni “Krokus Siti Holl” konsert zalida 130 dan ziyod odam o‘limiga olib kelgan terrorchilik hujumi qator axloqiy va siyosiy savollarni o‘rtaga chiqardi, xususan:

Rossiya maxsus xizmatlarining ko‘zi qayoqda edi? Agentura tarmoqlarini g‘aflat bosgan edimi? Jinoyatning oldini olishga kechikishgan ekan, nega bevosita fojia joyida shubhali darajada sust harakat qilindi?

Teraktdan so‘ng qo‘lga olinganlarni shafqatsizlarcha qiynash va qiynoq videolarini namoyishkorona yoyinlash nega kerak?

Vladimir Putin va unga yaqin kuchishlatar mulozimlar ushbu voqeadan qanday foyda chiqarishlari mumkin?

Rossiyalik muxolif siyosatchi, Davlat Dumasi sobiq deputati Dmitriy Gudkov shu choqqacha Kreml Rossiyada yuz bergan har qanday fojiani albatta o‘z foydasiga burganini ta’kidlab, 1999-yilda Putin ilk daf’a iqtidorga kelishi arafasida uylar portlaganini, so‘ngra Beslan va “Nord-Ost” voqealari bo‘lganini – har gal Rossiyada “murvatlar qattiqroq buralgan”ini eslatadi.

Aynan shuning uchun ham Putin va propagandachi OAVlar “teraktda radikal islomchilar emas, Ukraina aybdor” degan fikrni zo‘r berib rossiyaliklar miyasiga singdirmoqda. Holbuki, Ukrainaga qarshi bironta dalil ko‘rsatilgani yo‘q.

“Putin urushni davom ettirishni istaydi, frontda biron jiddiy yutuqqa erishish uning uchun juda muhim. Bu istakni esa qo‘shimcha safarbarliksiz ro‘yobga chiqarib bo‘lmaydi, binobarin, ular shunchaki hamma aybni Ukrainaga to‘nkashga urinishayotgani yo‘q, balki safarbarlik e’lon qilishga zamin hozirlashyapti, deb o‘ylayman, – mulohaza qiladi Gudkov. – Rossiya siyosiy elitasi keyingi qadamlar borasida o‘zaro muxolif ikki guruhga bo‘linib qolgandek ko‘rinmoqda: bir taraf – Medvedev, Klishas va hokazolar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ukrainani ayblayotgan bo‘lsa, Malofeyev kabilar yadroviy bomba bilan zarba berishga chaqiryapti”.

“Ayni chog‘da, turli kanallar orqali sizdirilayotgan xabarlarga ko‘ra, buning oqibati xayrli bo‘lmasligini tushunadigan va “quzg‘unlar”ni to‘xtatishga urinayotgan kuchlar ham bor, harqalay. Umuman olganda, terakt uyushtirishda gumon qilinayotganlarni ushlash, so‘roq qilish bilan bog‘liq voqealar bari qandaydir ishonchsiz. Aftidan, Ukraina olabo‘ji qilib ko‘rsatish rejasi uncha yopishmayapti”, davom etadi siyosatchi.

Savdo-ko‘rgazma majmuasida bo‘lgan ommaviy xunrezlik hukumatning qo‘l-oyog‘ini yechib, qatag‘on tegirmoniga suv quyishiga Gudkov shubha qilmaydi. Buni Dmitriy Medvedev va bosh vazir Mishustinlarning dushanba kuni bergan bayonotlaridan ham bilsa bo‘ladi.

“Eng kamida – murvatlar qattiqroq buraladi, ular shusiz ham mahkam, endi badtar qotiriladi. Katta ehtimol-la, yangi qatag‘onlar bo‘ladi. Aniqki, kuchishlatar idoralar va Putin qatag‘onlar ommaviy dastaklanmasligini tushunishadi, buni ta’minlash uchun nimadir o‘ylab topishlari kerak”, deydi Gudkov.

“O‘lim jazosi amalga kiritiladimi, yo‘qmi, bilmayman. Nazarimda, elita ichida bundan cho‘chiydiganlar bor. Zero, kimlargadir mo‘ljallangan bu jazo keyinchalik butkul boshqa odamlarga nisbatan tatbiq etilishi mumkin. Qolaversa, Konstitutsiya va qonunchilikka o‘zgartishlar kiritish kerak bo‘ladi, ammo bu qiyin emas: Konstitutsiyani “to‘nka ustida” bir necha kun ichida o‘zgartira oladigan diktatura sharoitida yashayotganimizni unutmaylik”, xulosa qiladi muxolifatchi.

“Krokus”ga hujum munosabati bilan hozircha to‘rt gumonlanuvchi hibsga olingan. Ularga umrbod qamoq jazosi xavf solmoqda. Moskvaning Basmanniy sudi ushlanganlarga qamoq ehtiyot chorasi tayinlangan majlisini yopiq rejimda o‘tkazdi. Mahbuslar sud zaliga mo‘mataloq va yarador ahvolda olib kelindi.

Dalerjon Mirzoyevning bo‘ynida boshiga yelimxalta kiydirib, bo‘g‘ilganidan qolgan izlar bor edi.

Тўрт тожикистонлик қийноқ излари билан судга келтирилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:15 0:00

Saidakram Murodali Rajabalizodani qo‘lga olish chog‘ida uning qulog‘ini kesib olishgan. Suddan olingan kadrlarda uning boshi bog‘lab qo‘yilgani ko‘rinadi.

Uchinchi gumonlanuvchi – Muhammadsobir Fayzovni sud majlisiga yotqizma aravachada, yalang‘och badaniga tibbiyot xalati kiydirilgan holda keltirishdi. Suddan oldin u reanimatsiyada bo‘lgan, o‘sha yerda so‘roq qilingan. Qo‘lga olish chog‘ida u qurolli qarshilik ko‘rsatgani iddao qilinmoqda.

To‘rtinchi gumonlanuvchi – Shamsiddin Fariduniy qo‘lga olinib, so‘roq qilinganida u qo‘llari qayirib bog‘langan holda cho‘kkalab turgan edi. Keyinroq uning muhtamalan tok bilan qiynoqqa solingani aks etgan fotosurat tarqaldi. Sudda Shamsiddin yuzlari shishgan va ko‘kargan holda o‘tirdi.

“Xuddi, keyingi sud majlisiga ularni bo‘lak-bo‘lak qilib olib kelishadigandek, – deydi harbiy jurnalist Sergey Auslender mahbuslarning ahvoliga izoh berarkan. – Qo‘lga olinganlar teraktga umuman aloqador emas yoki juda oz aloqadordek tuyulyapti menga. Ularning muhtamal ishtiroki hozircha juda ham oshirib-toshirib ko‘rsatilmoqda, barcha iqrorlik ifodalari qiynoq bilan olingan. Buni hozirdayoq komil ishonch bilan aytish mumkin”.

“Qiynoqqa solingan odam nimalar demaydi. Anesteziyasiz qulog‘i kesilgan kishi har qanday aybni bo‘yniga oladi, kerak bo‘lsa Jon Kennedi o‘limini ham”, urg‘ulaydi Auslender.

O‘rmondagi qo‘lga olish videosini Grey Zone telegram-kanali e’lon qilgandi. Videoda qo‘llari bog‘liq bir erkakni qurshab turgan kuchishlatar xodimlar aks etgan. Ushlangan odamning boshi qonga belangan, o‘ng qulog‘ining bir parchasi yo‘q. Politsiyachilardan biri kesib olingan quloq parchasini uning og‘ziga tiqishga urinmoqda. Video izohida “har biringizni shu holga solamiz” degan so‘zlar bor.

Dmitriy Gudkov ushbu video yoyinlanishi sababini quyidagicha tushuntiradi: “Qo‘llaridan kelgani uchun shunday qilishdi, hech kim churq etmasligini bilganlari uchun shunday qilishdi, jazolanmasliklarini bilganlari uchun shunday qilishdi. Besh yil oldin, ehtimol, sal-pal hayiqishlari mumkin edi, hozir esa tap tortishmaydi, chunki mamlakatda quloq kesishgani uchun ularni sudga, qamoqqa sudrab borishi mumkin bo‘lgan OAVlar, huquq faollari yoki boshqa biron siyosiy kuch qolmadi”.

“Bu har qanday jinoyatlarga izn berilganini ko‘z-ko‘z qilish, – ta’kidlaydi siyosatchi. – Kuchishlatar xodimlar birovning qulog‘i yoki burnini kesib olayotganini ko‘rgan kishi hukumatga yoqmaydigan biron ish qilgudek bo‘lsa, o‘zi ham shu ko‘yga solinishini anglaydi. Bu terror va qo‘rqitish siyosatidir”.

AQSH matbuoti o‘z razvedka idoralariga tayangan holda, “Krokus Siti Holl”ga terrorchilik hujumini “Islom davlati”ning Afg‘onistondagi shu’basi tashkil qilgani haqida yozmoqda.

Biroq Sergey Auslender shaxsan unga ISHID versiyasi hozircha unchalik ishonarli tuyulmayotganini aytadi.

“Gapni ISHID Suriya va Iroqda harbiy mag‘lubiyatlarga uchrab, o‘z qudratini va soxta davlatini boy berganidan so‘ng ushbu guruh bo‘layotgan hamma narsani zimmasiga olish yo‘liga o‘tganidan boshlash kerak, – deydi jurnalist. – Balki shu tariqa o‘z tarafdorlariga kuch-qudratini ko‘rsatib qo‘ymoqchidir. Ular dunyoning istalgan kunjida bo‘lgan har qanday terakt uchun mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishyapti”.

“Biroq “Viloyati Xuroson”ni tanlashgani juda g‘alati. U ISHIDning Afg‘onistondagi kamsonli shu’balaridan biri bo‘lib, toliblarning qattiq bosimi ostida qolgan. U yerda urush ketyapti, toliblar ishidchilarni ta’qib etib, ular bilan urush qilishmoqda. Afg‘on shu’basining minglab kilometr narida bu qadar muvaffaqiyatli, ta’sirchan terakt uyushtirishi qiyin masala. Bu ishni ISHIDning o‘zi yoki boshqa shu’basi qilgan va, ehtimolki, xayollariga birinchi kelgani uchun “Viloyati Xuroson” nomini tilga olishgan”, deydi izohida Sergey Auslender.

XS
SM
MD
LG