Линклар

Шошилинч хабар
05 октябр 2022, Тошкент вақти: 14:21

“Tavallud joyini tanlab bo‘lmaydi”. Ukrainadagi rossiyaliklar va belaruslar yashash ruxsatnomasi muddatini uzaytira olishmayapti


Ukraina migratsiya xizmatiga ko‘ra, mamlakatda hozirda Rossiya pasportiga ega qariyb 175 ming kishi yashamoqda. Vaqtincha yoki doimiy yashash ruxsatnomalari bilan. Ammo ko‘pchiligining hujjatlari muddati tugab bormoqda yoki tugab bo‘lgan. Urush vajidan hujjatlarning amal qilish muddatini uzaytirish juda qiyin, hatto mutlaqo imkonsiz. Chunki Rossiya konsulxonalari yopilgan. Ukrainaliklar bilan turmush qurgan va o‘nlab yillardan beri shu yerda istiqomat qilayotgan, urush boshlanganidan beri armiyaga va qochqinlarga yordamlashib kelayotgan bu odamlar hozirda mamlakatdan badarg‘a bo‘lish xavfi ostida qoldi.

Kira Lvov shahriga Xarkov yaqinidagi Ruskiye Tishki qishlog‘idan kelgan. Qishloq Rossiya chegarasidan nari borsa 20 chaqirim berida joylashgan. Kiraning yarimxaroba uyi esa ayni paytda front chizig‘iga to‘g‘ri keladi. Ayol Ukrainada qonuniy yashash huquqini olish uchun kurashmoqda. U Rossiya fuqaroligiga ega.

“Afsuski, tug‘ilish joyini tanlab bo‘lmaydi. Men Belgorodda dunyoga keldim, u yerda ota-onam bor, Ittifoq parchalangan paytda bunaqa bo‘lishini kim bilibdi deysiz”, deydi Kira Jafarova.

U Ukrainada 32 yildan beri vaqtinchalik ruxsatnoma bilan yashaydi. Ukraina fuqarosi emasligi unga 2014-yilgacha hech bir noqulaylik tug‘dirmagan, boz ustiga qarindoshlarini ko‘rgani Rossiyaga borib-kelishi ham oson edi. Biroq “Maydon” voqealaridan so‘ng u tug‘ilgan yurti bilan barcha rishtalarni uzib, ukrain pasportini olish harakatiga tushadi.

Aytishicha, Rossiya konsulligi ishni cho‘zish uchun nuqul bahona to‘qigan: goh SSSR pasporti nusxasini talab qilgan, goh Belgorod soliq idorasidan, JEKdan ma’lumotnomalar so‘ragan...

“Har gal konsulxonadan yig‘lab chiqardim. Juda ko‘p sarson qilishgan meni. Yugura-yugura 2021-yil 2-yanvar kuni, nihoyat, fuqarolikdan chiqish uchun zarur barcha hujjatlarni topshirdim. 1800 grivna davlat boji ham to‘laganman. Bu to‘g‘rida ma’lumotnomam bor. Ammo, aksiga olib, ko‘p o‘tmay konsulxonalar yopildi, fuqarolikdan chiqish hujjatini olishga ulgurmadim. Vaqtinchalik guvohnomam muddati tugasa, chatoq bo‘ladi”, deya hikoyasida davom etadi Kira.

Rossiya fuqaroligidan chiqayotgan paytda Ukrainada muddatsiz yashash ruxsatnomasi o‘rniga vaqtinchalik guvohnoma beriladi. Odatda, bir yoki ikki yil muddatga. Shu muddat ichida fuqarolikdan chiqishga ulgurmagan odam mamlakatdan badarg‘a qilinishi mumkin.

Dneprlik Maksim Goshovskiy Rossiya pasportidan qutulish uchun uni hammaning ko‘z o‘ngida yirtib tashladi. Lekin hujjatning yo‘q qilingani asos bo‘la olmaydi. Rossiyada tavallud topib, 16 yildan buyon Ukrainada yashayotgan Maksimning mamlakatda qonuniy bo‘lish vaqti allaqachon tugagan. O‘tgan yili dekabrda yangi vaqtinchalik guvohnoma olmoqchi edi, bo‘lmadi – qonunchilik o‘zgargan edi.

“Aksiga olib 2021-yil 14-dekabrda Ukrainaning migratsiyaga doir qonunchiligiga o‘zgartishlar kiritildi. Yangi tartibga ko‘ra, men asli ukrainalik sifatida mamlakat fuqaroligini olishga talabgor bo‘la olmayman”, deydi Goshovskiy.

Ukraina migratsiya xizmati qonunga o‘zgartish o‘laroq kiritilgan ayrim bandlarni bajarish hozirda umuman imkonsizligini tasdiqladi.

“Fuqarolikni hududiy mansublik tamoyili bo‘yicha olish mumkin. Lekin muammo nimada, bilasizmi? Bu odamlar o‘z davlatlari hududida sudlanmagani to‘g‘risida ma’lumotnoma keltirishlari lozim. Tabiiyki, o‘tgan yilning dekabriga qadar bunaqa ma’lumotnoma so‘ralmasdi. Endi esa bu qog‘ozni olib bo‘lmaydi. Diplomatik konsullik idoralari urush vaqtida ishlamaydi. Ariza berishning hech bir imkoni yo‘q”, deydi Davlat migratsiya xizmati Lvov boshqarmasining fuqarolik masalalari bo‘limi mudiri Vera Dzyadik.

Muammosini hal eta olmagach, Maksim migratsiya xizmatini sudga berdi. Talab qilinayotgan hujjatlarni olishning ayni vaqtda iloji yo‘qligini isbotlamoqchi. Migratsiya xizmati esa uni qidiruvga bergan.

“Meni ushlab, tuman IIBga olib borishdi va pasportimga “falon sanagacha mamlakatdan chiqib ketishi kerak”, degan muhr bosishdi. Menga uch hafta muhlat berildi. Shundan so‘ng migratsiya xizmatini sudga berdim. Pasportdagi badarg‘a qilinishim haqidagi yozuvni o‘chirtirmoqchiman. Yaqinda yarim kun tuman IIBda o‘tirdim, chunki Dnepr migratsiya idorasi ular bilan sudlashayotganimni bilmaydi, shu bois meni qidiruvga berdi”, deydi Maksim Goshovskiy.

Ukrainada muddatsiz, ya’ni doimiy yashash ruxsatnomasiga ega rossiyaliklar yoki belaruslar ham katta va ko‘p hollarda yechimsiz muammolarga duch kelishmoqda. Ularning eng katta qo‘rquvi – hujjatlarini yo‘qotib qo‘yishdan. Elchixona va konsulliklar ishlamayotgan paytda hujjatni tiklashning sira iloji yo‘q. Shu bois ham Dmitriy Xarchenko yashashga ruxsatnomasini Belarus pasporti bilan birga qo‘yin cho‘ntagida olib yuradi.

Dmitriy, lavhamizning boshqa qahramonlari kabi, Yevromaydon davridan beri Ukraina Qurolli kuchlariga va qochqinlarga qarashib kelmoqda. Rossiya yoki Belarusga borsa, qamoqqa tushishi tayin. Ammo Ukrainada ham bunaqa odamlarga biron yengillik berilmayapti.

“So‘nggi oylarda davlat siyosati ayovsiz va mantiqsiz bo‘lib borayapti. 90 kundan beri mudofaaga beminnat ko‘mak berib kelayotgan odamlarga hujjatlaridagi arzimagan kamchilikni deb mamlakatdan chiqib ketish haqida qog‘oz tutqazishyapti. Ya’ni, yo Putinning, yo Lukashenkoning yoniga boringlar, deyishyapti. Men 2018-yili hujjat qilib olganman, Rossiyaga borishim 30 yilga taqiqlangan, borsam – ustimdan jinoyat ishi ochishlari mumkin”, deydi Dmitriy Xarchenko.

Yaqinda mahalliy huquqbonlar Belarus fuqarolarining Ukrainada legallashuvini soddalashtirish va urush tufayli bajarib bo‘lmas talablarni bekor qilishni so‘rab vakolatli idoralarga murojaat qilishdi. Ularning aytishicha, bu – o‘nlab yillardan beri Ukrainada yashab-mehnat qilayotgan rossiyaliklarga ham zarur.

“Bu odamlarning Ukraina davlatiga zarari tegmas ekan, ularni mamlakatdan badarg‘a qilishga aslo zarurat yo‘q. Qonunchilikni o‘zgartirishlari mumkin, ammo buning uchun siyosiy iroda lozim”, deydi Zmina inson haqlari markazi xodimasi Alyona Luneva.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina davlat migratsiya xizmati o‘tgan yarim yilda sakkiz ming nafardan ortiq chet el fuqarolarining vaqtincha yashashga ruxsatnomasini olib qo‘ydi yoki bekor qildi. Birinchi iyuldan e’tiboran yana bir to‘siq – viza tartibi paydo bo‘lgan.

“Biron chet davlat fuqarosining Ukraina hududida bo‘lish muddati tugagan bo‘lsa, u o‘z mamlakatiga qaytishi kerak. Xususan, agar u bosqinchi mamlakat, ya’ni Rossiya fuqarosi bo‘lsa va muayyan sabablarga ko‘ra yurtiga qayta olmasa, Moldovaga borib, u yerda Ukrainaga viza olishi mumkin”, deya izoh beradi Davlat migratsiya xizmati Lvov viloyati boshqarmasi mulozimi Irina Rosovskaya.

Biroq viza olish uchun jiddiy asos, masalan, ishlashga ruxsatnoma, fuqaro OTMga qabul qilinganini yoki oilasini tiklash niyatida ekanini tasdiqlovchi hujjat talab qilinadi.

XS
SM
MD
LG