O‘zbekiston yaqinda Ozarbayjonning Tog‘li Qorabog‘ mintaqasida davlat nomidan yangi maktab qurgan bo‘lsa ham, mamlakatdagi ta’lim resurslari yo‘qligi uning o‘sib borayotgan aholisi uchun jiddiy muammo. So‘nggi bir necha yil ichida 1 milliondan ortiq bola maktabga chiqqan.
Joriy o‘quv yili boshida Prezident Administratsiyasi rahbari, Prezident Shavkat Mirziyoyevning qizi Saida Mirziyoyeva mamlakatda maktab qurilishi yangi bolalar soniga yetib bormayotganini aytgan edi.
“Agar yiliga 1 milliondan ortiq bola tug‘ilsa, bu yangi o‘quv yilida qariyb 1,2 million bola birinchi sinfga boradi, O‘zbekistonda esa 1,2 million o‘quvchiga maktablarda o‘rin yo‘q”,- dedi Mirziyoyeva.
O‘zbekistonda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 10522 ta davlat maktabi bo‘lib, yangi o‘quv yilida o‘quvchi soni 6,5 million nafarni tashkil etadi, buning natijasida sinflar to‘lib ketgan va ba’zi o‘qituvchilar 40-50 nafar o‘quvchiga dars berishga qiynalmoqda. Hatto poytaxt Toshkentda ham maktab o‘quvchilariga o‘rinlar yetarli emas, Qirg‘iziston va Qozog‘istondagi kabi turli smenalarda galma-gal o‘qishga majbur.
Toshkentlik ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilovning aytishicha, umumta’lim maktablaridagi sinf xonalari to‘lib ketganidan tashqari, suv ta’minoti, hojatxona kabi boshqa murakkab va dolzarb muammolar ham bor.
“Maosh pastligi tufayli malakali o‘qituvchilar yetishmaydi. Ko‘plab o‘qituvchilar ko‘proq pul topish uchun repetitorlik yoki xususiy markazlar kabi boshqa joyda ishlashni afzal ko‘radi. Maktabda qolganlar ish haqini oshirish uchun ko‘proq soat olishlari kerak, bu ularning ishiga ta’sir qiladi. Qolaversa, maktablar yetarlicha moliyalashtirilmagan, moliyalashtirish [mamlakat bo‘ylab] notekis”, deydi Jalilov «Ozodlik» radiosiga.
O‘zbekiston maktab tizimini modernizatsiya qilishga urinishlarni sharhlar ekan, Jalilov rasmiylar tez-tez o‘z fikrini o‘zgartirib, bir tizimdan ikkinchisiga o‘tishini ta’kidlaydi.
"Muammo, fikrimcha, hukumat maktabda ta’lim nima ekanligi haqida aniq tasavvurga ega emas va juda ko‘p tajriba o‘tkazmoqda, – deydi u. – Masalan, Finlyandiya standartini joriy etish haqida juda ko‘p gapirildi, ammo hozir Finlyandiya atrofida shov-shuv so‘ndi va hukumat maktab bitiruvchilari kamida ikkita chet tilini bilishi va kamida bitta kasbni egallashi kerakligini aytyapti. O‘rta va uzoq muddatli strategiyalarda hukumatning maktabga bo‘lgan qarashlari juda tez-tez o‘zgarib turadi. Bu xavfli – biz har doim tajriba o‘tkazamiz hech qanday izlanishlarsiz."
Mintaqadagi vaziyat
Turkmanistonda Marv va Balkan viloyatlaridagi ba’zi o‘qituvchilar uyma-uy yurib, bo‘shab yotgan sinflarni to‘ldirish uchun bola izlamoqda.
Ushbu qashshoq hududlarda ta’lim mutasaddilari 2017-yilda tug‘ilgan bolalar ozligi sababli sinflarni birlashtirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. O‘quvchilar soni kamayib ketishi mamlakatda uzoq davom etgan iqtisodiy tanazzul, odamlar chetga ish va yaxshi hayot izlab ketgani ortidan aholi qisqarishi natijasi ekani aytilmoqda.
Ozodlik radiosi Turkman xizmatining Balkan viloyatidagi muxbiri ayrim maktablarda birinchi sinf o‘quvchilari soni o‘tgan yilga nisbatan 40-50 foizga kamayganini xabar qildi.
“Turkmanboshi shahridagi o‘rta maktablar 1300 o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lsa ham, so‘nggi besh yil ichida ularda o‘quvchi soni 950 nafardan oshmagan. Ushbu maktabda to‘rtta birinchi sinf bor. O‘tgan yili har birida 27-29 nafar o‘quvchi bor edi. Lekin bu yil har bir birinchi sinfda 12 nafar bola bor”,- deydi “Ozodlik”ka Balkan viloyatidagi maktabdagi manba.
BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) Turkmanistonda 2021-yilda o‘tkazgan tadqiqotiga ko‘ra, mamlakat chekka hududlarida ta’lim teng darajada ta’minlanmagan. Poytaxt Ashxobodda ikkinchi va uchinchi sinf o‘quvchilarining 70 foizdan ortig‘i o‘qiy olsa, Balkan viloyatida maktab o‘quvchilarining atigi 34 foizi birdek darajada o‘qiy oladi.
Turkmanistonda o‘qituvchilar o‘quvchi izlayotgan bo‘lsa, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida o‘qituvchilar, maktablar va darsliklar yetishmasligi kuzatilmoqda.
Qozog‘iston
Qozog‘iston rasmiylari bildirishicha, yangi o‘quv yilida mamlakat bo‘ylab 382 mingdan ortiq olti yoshli bola birinchi sinfga qadam qo‘ygan.
Biroq, maktablarda o‘rinlar keskin tanqisligi kuzatilmoqda, taxminan 270 mingta parta yetishmaydi. Hatto poytaxt Ostonada ham maktab sharoiti yo‘qligi sababli o‘n minglab o‘quvchi ertalabki va kechki smenalarga qatnaydi.
Ostonaning yangi qurilgan hududlarida yashovchi ota-onalar uylariga yaqin maktab topolmay qiynaladi. Ostona rasmiylariga ko‘ra, shaharda 26 mingdan ortiq bola uchun maktab o‘rni yo‘q, ko‘plab bolalar maktabga uzoq yo‘l bosib borishga majbur.
Shahardagi sakkizta maktabda o‘quvchilar uch smenada ta’lim olmoqda, 20 dan ortiq maktabda o‘quvchi soni sinflarda odatdagidan oshib ketgan.
Ostonaning aksariyat yangi tumanlariga ko‘proq davlat maktablari va bolalar bog‘chalari kerak. Maktab muammosi tufayli ba’zi odamlar qulayroq va arzonroq maktab izlab poytaxtdan uzoqlashishni o‘ylayapti.
Ta’lim bo‘yicha ekspert Yerjan Axmetjanulining «Ozodlik»ka aytishicha, shunchaki yangi maktablar qurish muammoni to‘liq hal qilmaydi. Aksincha, maktab taqchilligining asosiy sababi – ichki migratsiyani bartaraf etish hududlarda ta’lim sifatini oshirishni talab qiladi.
"Agar Ostonada har yili 20 ming bola tug‘ilsa, 20 ming bola boshqa viloyatlardan keladi. Ostonada [har yili] 40 ming bola uchun maktab o‘rni yo‘q. Shuning uchun bu muammoni faqat o‘rta maktabni rivojlantirish orqali hal qilish mumkin”, deydi u.
Qirg‘iziston
Qirg‘izistonda yangi o‘quv yili boshlangach, ta’lim vaziri Qanibek Imanaliyev 7- sentabr kuni lavozimidan ozod etildi. Qaror maktab darsliklari taqchilligi muammosi va jamoatchilik tanqidi sababli qabul qilindi.
Qirg‘izistonda darsliklar taqchilligi va Imanaliyevning ishdan bo‘shatilishi xalq ta’limi sifati borasida tortishuvlarga sabab bo‘ldi. Rasmiylar ta’kidlashicha, har bir o‘quvchini byudjet darsliklari bilan ta’minlash uchun Qirg‘izistonga yiliga kamida 5 milliard so‘m (56,7 million AQSH dollari) kerak bo‘ladi, biroq davlat byudjetidan bu mablag‘ning oz qismi – har yili 324 million so‘m (3,6 million AQSH dollari) ajratiladi. Bu mablag‘ning yarmi kitoblar ijarasi uchun ota-onalardan olinadigan to‘lovdan tushadi.
Qirg‘izistonda maktab tomonidan berilgan har bir darslik uchun har bir o‘quvchi 25 so‘m (0,28 dollar) to‘lashi kerak.
Mamlakatda 2350 dan ortiq umumta’lim maktablari mavjud bo‘lib, ularning deyarli barchasi ertalabki va kechki smenada ishlaydi. Poytaxt Bishkekda maktablar yetishmasligi asosiy muammo bo‘lib, yaqin atrofdagi qishloqlarda bir sinfda 40-45 nafar o‘quvchi o‘qishi uchrab turadi.
Parlamentning 6-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida deputat Sarapatkan Majitova 150 mingdan ortiq bola maktabga chiqqanini, ba’zi maktablarda har bir sinfga 60 nafar o‘quvchi to‘g‘ri kelishi va uch bola bir partada o‘tirish holatlari kuzatilayotganini aytdi.
“Bunday sharoitda qanday sifat haqida gapirish mumkin? Darslik va maktablar yetarli emas. Bu esa o‘z puliga darslik sotib olishga majbur bo‘layotgan ota-onalar uchun katta muammo tug‘dirmoqda. 152 million so‘m (1,2 million AQSH dollari) ajratdik. Biroq asosiy muammo yangi darsliklar etishmasligida”,- deydi Majitova.
Maktab taqchilligi muammosini hal qilish uchun Qirg‘izistonga turli xorijiy davlatlardan yordam ko‘rsatilmoqda. O‘tgan yili Ozarbayjon Bishkekda maktab qurishga yordam berdi, Rossiya esa to‘qqizta maktab qurishni boshlagan.
Mutaxassislar fikricha, bu yordam mamlakat xalq ta’limi oldida turgan muammolarni to‘liq hal qila olmaydi. Boz ustiga, Qirg‘izistondagi 250 ga yaqin maktab binosi og‘ir ahvolda ekani aytilmoqda.
Tojikiston
Tojikiston aholisi so‘nggi yillarda 10 milliondan oshdi va 1-sentabr kuni 2,2 million maktab o‘quvchisi maktabga bordi. Rasmiylar aytishicha, hukumat yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish uchun 312 ta yangi maktab va bolalar bog‘chasi qurgan. Ammo ta’lim tizimida 4000 ga yaqin o‘qituvchi yetishmasligi aytiladi.
Tojikistonlik ta’lim bo‘yicha ekspert Muhammadsodiq Abdurazzoqov yangi maktablardan norozi. "Ajoyib maktablar ochilmoqda, lekin ularda munosib o‘qituvchi yo‘q", deydi u.
Abdurazzoqov universitetni yangi bitirib kelgan yoshlarni maktablarga o‘qituvchilikka jalb etilishidan ham xavotir bildirdi. “Universitet bitiruvchisi maktabga amaliyot o‘tash uchun kelsayu, hatto boshlang‘ich sinf o‘quv dasturini ham tushunmasa, u o‘quvchiga nimani o‘rgatishi mumkin?
Ayrim ekspertlar Tojikistonda o‘qituvchilar yetishmasligiga asosan muhojirlik sabab bo‘lishini aytmoqda. Mamlakatdagi iqtisodiy turg‘unlik tufayli Rossiyadagi tojikistonlik mehnat muhojirlari soni qariyb 3 million kishiga yetgani aytilmoqda.