Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:48

Tadbirkorlar O‘zLiDeP bannerlarini tayyorlashga majburlanayotganidan shikoyat qilmoqda


O‘zLiDeP bannerlarni tayyorlash markazdan moliyalashtirilganini aytmoqda.
O‘zLiDeP bannerlarni tayyorlash markazdan moliyalashtirilganini aytmoqda.

Farg‘ona viloyatidagi ayrim tadbirkorlar 24 oktyabrdagi saylovlarda amaldagi prezident Shavkat Mirziyoev nomzodini ilgari surgan O‘zLiDeP Farg‘ona viloyat bulimi xodimlarini targ‘ibot bannerlarini tayyorlab berishga majburlayotganidan shikoyat qilmoqda. O‘zLiDeP vakillari Ozodlikka saylovoldi targ‘ibot va tashviqot ko‘rgazma materiallari partiya Markaziy qo‘mitasi tomonidan moliyalashtirilayotganini bildirdi.

Ayni paytda prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi bannerlari ijtimoiy tarmoqlarda muhokama mavzusiga aylangan.

Farg‘onalik tadbirkorlar: Banner qilishga majburlanyapmiz

Ozodlik tahririyatiga Telegram orqali murojaat qilgan bir guruh farg‘onalik tadbirkorlar O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Farg‘ona viloyat bo‘limi xodimlari bosimiga uchrayotganidan arz qildi.

Ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan biznesmenlardan biriga ko‘ra, O‘zLiDePning viloyat bo‘limi undan partiya nomzodi Shavkat Mirziyoyev suratlari aks etgan bannerlar va plakatlarni tayyorlab berishni "qat’iy ohangda" so‘ragan.

- Farg‘ona shahrida tadbirkorman. Katta tadbirkorlardan 6x3 metrli bannerlarini tayyorlab berishni so‘rashdi. Bittadan tayyorlab bersak, “yana bitta qilib berasan!”, deb bosim qilishyapti. Har bir banner eng arzoni 400-500 ming so‘m atrofida. Buni qilib berdikku-ya, ertaga “yana qilib ber” deb kelishi ehtimoli bor. “Partiya uchun, qurbingiz yetadi, chiqarib bering”, deb kelyapti. Bizning ishlarimiz, oilamiz bor, axir!

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, u bannerlarni tayyorlash uchun O‘zLiDePning o‘zini "Halimjon" deb tanishtirgan vakili ko‘rsatgan firmaga naqd pul o‘tkazib bergan.

- Telefon qilaverib, holi-jonimga qo‘ymadi! “Hokimiyatdan, administratsiyadan tekshiruv bor, yordam qilvoring, keyinchalik sizga foydasi tegib qoladi”, deb o‘zini partiya boshlig‘i o‘rinbosariman, deb tanishtirgan Halimjon ismli yigit. Bularga yo‘q deb bo‘lmaydi, tadbirkorlar hamma tadbirlarida ishtirok etib keladi, homiylik qilganmiz ilgari ham. Homiylik ham evi bilan bo‘lishi kerak emasmi?! Partiya targ‘ibotiga davlatdan pul ajratilsa kerak. “Tinch yurishni xohlaysizmi? Biror tashkilot tekshirib kelishini xohlamaysizmi?”, degan mazmunda gapiryapti. Bu yerda juda ko‘p tadbirkorlarga shunaqa ishlarni yuklavorishyapti ekan, deydi suhbatdosh.

Farg‘onada o‘rnatilgan bannerlardan biri.
Farg‘onada o‘rnatilgan bannerlardan biri.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Farg‘ona shahrida O‘zLiDeP nomzodi Shavkat Mirziyoyev bilan birga “Milliy tiklanish”, “Adolat”, Ekologik va boshqa partiyalar nomzodlari siyosiy reklama bannerlari ham o‘rnatilgan.

Ozodlik O‘zLiDePning Farg‘ona viloyat bo‘limi vakili Halimjon bilan telefon orqali bog‘lanib, vaziyatga oydinlik kiritishga urinib ko‘rdi. Prezident partiyasi vakili tadbirkorlarning iddaolarini qat’iyan inkor qildi:

- Biz poster va bannerlarni hammasini “Tasviriy oyina” shirkatida partiyamiz hisobidagi pulga qildirtiryapmiz. Kim bunday murojaatlarni qilyapti? “Tasviriy oyina”ga 6x3 metrli bannerni hamma tumanlarga qildirib beryapmizku! Mana hozir Toshkentdan ta’minlab berildi – bayroq, sharflarni tarqatyapman, jami 20 xildan ortiq material olib kelindi markazdan: ular uchrashuv bo‘ladigan joylarga berilyapti. Hech bir tadbirkorga unday narsa deyilgani yo‘q. Qolgan sarf-xarajatlar bo‘yicha mening boshqa ma’lumot berishga vakolatim yo‘q, dedi O‘zLiDeP vakili.

Ozodlik hozircha boshqa viloyatlarda saylovoldi tashviqotlari bilan bog‘liq xarajatlar tadbirkorlar zimmasiga yuklanayotgani haqida ma’lumotga ega emas.

Siyosiy reklama: "Kolbasaga ovoz bermayman!"

Ayni damda prezident saylovlarida ishtirok etayotgan boshqa partiya bannerlari bilan bog‘liq hodisalar jamoatchilik e’tiboridan chetda qolmadi.

Xususan, "faqat Shavkat Mirziyoyevni raqib sifatida ko‘rishi"ni bildirgan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Alisher Qodirovning qora fonda tushgan “Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov” plakati ko‘plab bannerlarga osildi. Bir necha kun o‘tmasdan bu bannerlar oq fondagi “Ovoz bering! Alisher Qodirov”ga almashtirilgani ko‘pchilik blogerlar va kuzatuvchilar izohlarini keltirib chiqardi.

Alisher Qodirovning plakatidagi yozuvlar bir qarashda “Prezidentlikka Alisher qodir” deb o‘qilsa, yaxshilab e’tibor berilganidan keyin “Prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov” to‘liq matni kelib chiqadi.

“Milliy tiklanish” yetakchisi tarmoqlarda targ‘ibot bannerlari majburlab almashtirilayotgani to‘g‘risidagi-gap so‘zlarga raddiya berdi:

"Bunday emas azizlar. Biz buni rejalashtirgan edik: oqni oq deymiz, qorani qora! Ishonch bildirilsa O‘zbekiston ravnaqi va o‘zbek xalqi farovonligi uchun borimni berishga tayyorman."

“Adolat” Sotsial-demokratik partiyasining prezidentlikka nomzodi Bahrom Abduhalimovning “kolbasa foni”dagi siyosiy reklamasi 'esa, internetning o‘zbek segmentida eng ko‘p ko‘rilgan suratlardan biriga aylandi.

Ushbu bannerlar tarmoq foydalanuvchilari orasida memga aylanishga ham ulgurdi.

Shu yil boshida O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi 24 - oktabrdagi prezident saylovi xarajatlar smetasini 300 mlrd so‘m etib tasdiqlagan.

Unga ko‘ra, siyosiy partiyalarning tashviqot va targ‘iboti uchun 15 mlrd 486 mln so‘m, har bir nomzodga esa — 3 mlrd so‘mdan ajratildi. Saylov jarayonida koronavirusga qarshi kurash uchun 11,5 mlrd so‘m sarflash rejalashtirilgani ma’lum qilingandi.

MSK ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 - yilda O‘zLiDeP partiyasiga 35,3 mlrd so‘m kelib tushgani, bu partiyalarga o‘tkazilgan eng ko‘p mablag‘ hisoblanishi oldin aytilgan edi. Milliy tiklanish va O‘zLiDeP partiyalarining asosiy moliyalashtirish manbalari davlat byudjetidan bo‘lgani, XDP xarajatlarining 48 foizi esa o‘z mablag‘lari hisobiga to‘g‘ri kelgani to‘g‘risida hisobot berilgan.

XS
SM
MD
LG