Линклар

Шошилинч хабар
17 май 2022, Тошкент вақти: 20:17

Surishtiruv: Nazarboyevning xayriya fondlari orqali ko‘zdan pana qilingan milliardlari


Surishtiruv hulosasiga ko‘ra, Nazarboyev to‘rt xususiy xayriya fondi orqali umumiy qiymati kamida 8 milliard dollarga teng aktivlarni nazorat qiladi.

Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘ziga hisobdor fondlar tarmog‘i orqali banklar, mehmonxonalar, telekanallar, savdo markazlari va hokazolarni o‘z ichiga olgan yirik aktivlarni nazorat qiladi, deyiladi Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazi (OCCRP) hamda Kloop.kg va Vlast.kz nashrlarining yangi surishtiruvida.

19 - yanvar kuni surishtiruvchi jurnalistlar e’lon qilgan maqolada aytilishicha, Nazarboyev to‘rt xususiy xayriya fondi orqali umumiy qiymati kamida 8 milliard dollarga teng aktivlarni nazorat qiladi.

Surishtiruvga ko‘ra, aktivlardan ayrimlarini sobiq prezidentga yaqin va u iqtidorda bo‘lgan davrda katta boylik orttirgan oligarxlar bergan, fondlar tomonidan keyinroq sotib olingan ba’zi xususiy shirkatlar esa Qozog‘iston hukumatidan pul olib turgan.

Nazarboyev fondlarining milliardlab boyliklari “qog‘oz”da unga tegishli emas, biroq u, tashkilotlarning asoschisi o‘laroq ularni nazorat qiladi, deb hisoblaydi surishtiruv mualliflari.

“Nazarboyevning ko‘p yillik boshqaruv davrida mamlakat tabiiy zaxiralarining sotilishi aksar qozog‘istonliklarning turmush darajasiga deyarli ta’sir etmadi.

Biroq, ayni chog‘da prezident oilasi a’zolari va unga sodiq mulozimlar doxil milliarderlarning tor doirasi shakllandi. 2019 - yilda Nazarboyev prezident lavozimini vorisi – Qasim-Jomart Toqayevga bo‘shatib berib, Xavfsizlik kengashi raisligiga o‘tganidan keyin ham vaziyat o‘zgargani yo‘q.

Yanvar oyining ilk kunlarida suyultirilgan gaz qimmatlashganiga qarshi Qozog‘iston g‘arbida boshlangan namoyishlar qisqa fursatda butun mamlakatni qamrab olgan ommaviy norozilikka aylanib ketishi sababi shunda – odamlar siyosiy o‘zgarishlarni talab qilishdi, ularning e’tirozlari aniq bir shaxsga qaratilgandi.

Olomon “Chol, ket!” deya hayqirdi, ijtimoiy tarmoqlarda esa yerga ag‘darilgan Nazarboyev haykali surati tarqalib ketdi”, deb yozadi surishtiruv mualliflari.

Jurnalistlar ushbu to‘rt fondning nomlarini ochiqlashgan: “Nazarboyev Fond”, “Nursulton Nazarboyev fondi”, “Fond Demeu” hamda “Yelbasi Fond”. Ular ko‘p milliardli aktivlarga egalik qilishgani holda yillik hisobotlarni e’lon qilishmaydi, mulklarining bir qismini chet eldagi shubhali tijorat tuzilmalari panasiga yashirishadi.

Nomlari oxirida qayd etilgan ikki fond, aftidan, ochiq faoliyat olib bormaydi, narigi ikkisi esa ma’rifiy, ijtimoiy va vatanparvarlik loyihalarini targ‘ib qilish bilan qozoq hukumatparast OAVlaridan olqish olib turadi.

“Nazarboyev Fond” 2009 - yilda ta’sis etilgan, uni Nazarboyev intellektual maktablari va Nazarboyev universiteti bog‘liq, deb bilishadi. 2019 - yilda Nazarboyev prezident lavozimidan ketgach, fond investitsiyalar bilan jiddiy shug‘ullana boshladi va prezident ma’muriyatining sobiq rahbari Adilbek Jaksibekov oilasi nazoratida bo‘lgan yirik bankni (“Sesnabank”), shuningdek onlayn-savdo platformasini, omborxonalar, savdo markazlari va hatto makaron fabrikasini sotib oldi, deyiladi surishtiruvda.

Jurnalistlarga ko‘ra, “Nazarboyev Fond” Qozog‘istondagi yirik mobil aloqa operatorlaridan biri bo‘lmish KCell aksiyalarining 24 foizini yashirincha sotib olish uchun Lyuksemburgdagi noshaffof korporativ tuzilmalardan foydalangan.

Nazarboyevning narigi uch fondi ham u prezident lavozimidan ketganidan so‘ng faol harakat qilishga o‘tgan. Surishtiruvda qayd etilishicha, “Nursulton Nazarboyev Fondi” Shveysariya aviashirkatidan 100 million dollarga Airbus ACJ320neo uchog‘ini sotib olib, Qozog‘istonga import qilgan. Hozirda uchoq prezident ma’muriyatining ishlar boshqarmasiga bo‘ysunuvchi Berkut Air davlat aviashirkati floti tarkibiga kiradi. Ammo amalda mazkur havo kemasi Nazarboyevga xizmat qiladi.

“Demeu” fondi aktivlari orasida Nur-Sulton shahi markazida joylashgan “The St. Regis Astana” mehmonxonasi borligi aytilmoqda – u 2017 - yil sentabrda ochilgan.

Surishtiruvchilar “Nursulton Nazarboyev fondi” Turkiyaning O‘rta yer dengizi sohilidagi “Rixos Beldibi” mehmonxonasiga egalik qilishini ta’kidlaydilar. Mehmonxona turk hukumati tomonidan sayyohlikni rivojlantirish uchun Qozog‘istonga taqdim etgan hududda qurilgan.

Jurnalistlar ma’lumotiga ko‘ra, fond aktivlari orasida yana bir mehmonxona, golf klubi, balet teatri hamda bir necha OAV bor, xususan, “Karavan” gazetasi fondning xayriya faoliyatini yoritish bilan shug‘ullanadi.

OCCRP urg‘ulashicha, yanvar oyi boshlarida butun Qozog‘istonni qamrab olgan va xunrezliklarga ulanib ketgan ommaviy namoyishlar chog‘ida Nazarboyev, aftidan, “panada turishga qaror qilgan”.

“Ko‘plab odamlarning qamoqqa olinishi manzarasida Toqayev Nazarboyevning idora usullarini tanqid qildi – bir necha oy muqaddam buni tasavvur qilish ham mahol edi. U Qozog‘iston iqtisodiyotini bosib olib, mamlakatda tengsizlik muammosini vujudga keltirgan bir to‘da oligarxni qoraladi. Biroq Nazarboyev fondlari nazoratidagi ko‘p milliardli aktivlar nima bo‘ladi, degan savol ochiq qolayotir”, ta’kidlashadi jurnalistlar.

18 - yanvar kuni Nazarboyev bu yil hisobidan ilk bor jamoatchilikka ko‘rinish berib, Toqayev bilan uning o‘rtasida ixtilof mavjudligi haqidagi taxminlarni inkor etdi va o‘zini haqli ravishda dam olayotgan “pensioner” deb atadi.

XS
SM
MD
LG